Jahon | 23:07 / 29.09.2025
9358
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil bosh vaziri aviazarba uchun Qatardan uzr so‘radi – OAV

Binyamin Netanyahu 9 sentabr kuni Qatar poytaxti Doha shahriga berilgan raketa zarbasi uchun Qatar bosh vaziridan uzr so‘radi. Bu Qatarning G‘azodagi urushni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarda Isroil va HAMAS o‘rtasidagi vositachiligini qayta tiklash uchun asosiy shart bo‘lgani ta’kidlanmoqda.

Foto: Andrew Harnik / Getty Images

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 28 sentabr kuni Qatar bosh vaziri Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniyga qo‘ng‘iroq qilib, Qatar suverenitetini buzgani va 9 sentabr kuni Isroilning Dohaga bergan zarbasi oqibatida Qatar xavfsizlik xizmati xodimi halok bo‘lgani uchun uzr so‘radi. Bu haqda Axios Isroilning uch nafar rasmiysiga tayanib xabar berdi.

Isroil va Qatar rasmiylari bu haqda e’lon qilmadi.

Axios nashrining ta’kidlashicha, «uzr so‘rash» Qatarning G‘azodagi urushni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarda Isroil va HAMAS o‘rtasidagi vositachiligini qayta tiklash uchun asosiy shart bo‘lgan.

Qayd qilinishicha, Netanyahuning qo‘ng‘irog‘i uning Vashingtonga rasmiy tashrifi chog‘ida amalga oshirilgan.

Amerika va Isroil rasmiylarining fikricha, Qatar vositachiligining qayta tiklanishi kelishuvga erishish uchun muhim hisoblanadi.

9 sentabr kuni Dohaga berilgan zarba HAMAS yetakchilariga qaratildi, biroq buning oqibatida asosan quyi darajadagi amaldorlar halok bo‘ldi. Isroil rasmiylari nishon «yuqori martabali terrorchilar» bo‘lganini da’vo qilmoqda, ammo operatsiya jiddiy diplomatik inqirozga olib kelganini tan olmoqda.

Bir qator arab davlatlari Isroilning harakatlarini keskin qoraladi.

Ta’kidlanishicha, Netanyahuning AQShga tashrifi va Tramp bilan uchrashuvi Oq uyning urushni to‘xtatish bo‘yicha keng qamrovli kelishuvni tashkil etishga faol urinishlari fonida bo‘lib o‘tmoqda, Tramp yaqin kunlarda bu haqda ommaga e’lon etishga umid qilmoqda. Isroilning Qatardan kechirim so‘rashi muzokaralarni davom ettirish uchun yo‘l ochadigan muhim qadam bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid