Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoy Falastin-Isroil mojarosini hal etishda qatnashmoqchi. Bu natija beradimi?
Yaqin Sharq mintaqasida o‘z ta’sirini kuchaytirib borayotgan Xitoy endi Falastin-Isroil muammosiga ham yechim topishga urinib ko‘radi. 13 iyun kuni Falastin rahbari Xitoyga bordi. Xo‘sh Eron-Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi sovuqchilik barham topishiga hissa qo‘shgan Xitoy bu safar ham natijaga erisha oladimi?
Kun.uz’ning Geosiyosat ko‘rsatuvida mazkur mavzu yuzasidan siyosatshunoslar Sherzod Ziyoyev hamda Habibullo Azimovlar bilan suhbatlashamiz.
— Isroil-Falastin ziddiyatining asosiy ildizlari qanday?
Habibullo Azimov: Isroil va Falastin o‘rtasidagi hududlar bo‘yicha mojarolar yarim asrdan beri ziddiyatli masala hisoblanadi. Falastin hududida 1948 yilda Isroilning tashkil etilishi sabablariga to‘xtaladigan bo‘lsak, yahudiy qavmiga xristian markazi bo‘lgan Yevropa tomonidan nihoyatda ko‘p aziyat yetkazilgan, masalan, yahudiylar 9-asrda Britaniyadan, 13-asrda Bavariyadan, shuningdek, 15-asrda Ispaniya va Portugaliyadan quvib chiqarildi. Ikkinchi jahon urushi davrida Gitler tomonidan yahudiylarga nisbatan qo‘llangan genotsid dunyo hamjamiyatini ular uchun mustaqil davlat tuzish taklifini o‘rtaga tashlashlariga sabab bo‘ldi. Isroilning aynan Falastin hududida tashkil etilishi mansublik bilan bog‘liq. 1945 yilda 3 ta mintaqada Isroil davlatini tashkil qilish varianti bor edi, bular Argentina, Afrika va Falastin hududlari bo‘lgan va yahudiylarning ilk davlatchiligi hamda ibodatxonalari aynan Falastin hududida tashkil topgani uchun shu hudud tanlangan. Yahudiylar ilk bor qadimgi Ossuriya qiroli tomonidan quvg‘in qilingan. Shundan keyin, Bobil va Rim davlatlari tomonidan ham boshqa hududlarga majburiy ko‘chirilgan.
— Xitoyning Isroil-Falastin mojarosida vositachiligi har ikki tomon uchun maqbulmi?
Sherzod Ziyoyev: Isroil-Falastin mojarosi diniy, ijtimoiy-siyosiy va geosiyosiy o‘lchamlarga ega. G‘arb davlatlarining ayrim xatolari Yaqin Sharq davlatlarida o‘zlikni anglash va siyosiy integratsiya jarayonlarini kuchaytirdi. Hozirda Saudiya-Eron munosabatlari ijobiy tomonga o‘zgardi, Suriya inqirozi ham deyarli tugadi va shu voqealar fonida Xitoyning Isroil-Falastin mojarosiga aralashuvi qisman ijobiy natija berishi mumkin. Xitoy bir mazkur mojaroni hal qilish borasida bir qancha takliflar bergan, jumladan, o‘t ochishni to‘xtatish, G‘azo sektoriga gumanitar yordamni kuchaytirish, vaziyatni BMT xavfsizlik kengashi tomonidan nazorat qilinishi va muammoga an’anaviy yechim taklif qilish. Menimcha, AQSh zaiflashgani tufayli Isroilni oldingidek qo‘llab-quvvatlay olmaydi, chunki Ukraina masalasi ham ular uchun katta muammoga aylangan. Xitoy mojaroga yaxshi yechim taklif qilgan, umuman olganda, Donald Tramp davrida poytaxtning tanlanishi aslida ijobiy yurish bo‘lgan, biroq bu oxiriga yetmagan, chunki bu Falastin uchun ijobiy holat emasdi.
Habibullo Azimov: I jahon urushidan keyin Falastin hududlari Britaniya mandati ostida rivojlandi. O‘sha paytlarda Yevropada yashovchi yahudiylarning o‘zlarining tarixiy vatani deb etirof etadigan hududlarga qaytish jarayoni boshlangan edi. Shuningdek, BMTda arablar uchun mustaqil Falastin davlatini tuzish va muqaddas Quddusga status berish masalasi ham kun tartibida bo‘lgan. Biroq hududlar Isroil nazoratiga o‘tib ketdi, 1967 yilda arablar va yahudiylar o‘rtasida kechgan urushda arablar sharmandali mag‘lubiyatga uchradi hamda Isroil Sharqiy Quddus, Sinay yarimoroli va Jo‘lon tepaliklarini egalladi. 1973 yilda esa arab koalitsiyasi chindan katta kuchga aylangan edi, biroq Misrning Sinay yarimorolining qaytarilishi evaziga ittifoqni tark etishi yana arablarning muvaffaqiyatsizligini ta’minladi.
Sherzod Ziyoyev: 1995 yilda ular kelishuvga erishishlari mumkin edi, hatto bunga ilk qadamlar ham tashlangan, biroq isroilliklarda ichki bo‘linish yuzaga kelgan va kelishuvga erishmoqchi bo‘lgan rahnamo o‘ldirilgan. Shuningdek, kelishuvning amalga oshmaganining yana bir sababi arab dunyosida ham gesiyosiy bo‘linishlar mavjud bo‘lganidir.
Habibullo Azimov: Isroilliklar yahudiy bo‘lishiga qaramay, ularda etnik bo‘linishlar mavjud, uzoq yillar davomida turli hududlarda yashagan yahudiylar turlicha mansubliklarga ega. Oslo kelishuvi jarayonlarida Isoq Rabin bilan Yosir Arofat kelishuvga erishishlari mumkin bo‘lgan, biroq Isoq Rabin radikal yahudiy tomonidan otib o‘ldirilgan.
— Xitoyning Yaqin Sharqdagi geostrategiyasida mojaroning hal etishi nimani anglatadi?
Habibullo Azimov: Xitoy hozirda Yaqin Sharq mintaqasidagi o‘zaro mojaroga ega davlatlarni yarashtiruvchi mamlakat rolini o‘ynayapti. Albatta, Xitoy bu ishlardan o‘ziga kerakli bo‘lgan iqtisodiy va energetik resurslarga ega chiqqan holda o‘zining iqtisodiy va geosiyosiy maqsadlarini amalga oshirishni ko‘zlagan. Shuning uchun, Xitoy Isroil-Falastin muammosini hal etilishidan nihoyatda manfaatdor.
— Xitoyning Yaqin Sharqdagi navbatdagi brokerligi AQShga alternativmi, farqli yondashuv bo‘lishi mumkinmi?
Sherzod Ziyoyev: Xitoy tashqi siyosatida Yaqin Sharq katta ahamiyatga ega. Arab davlatlari AQSh bilan teng huquqli moliyaviy shartnomalarga ega bo‘lishi mumkin, biroq siyosiy masalalarda Xitoyning ovozi balandroq chiqyapti. AQShda yuz berayotgan iqtisodiy inqiroz, Ukraina mojarosi, Rossiyaning nisbatan zaiflashishi hamda Turkiyaning o‘z muammolariga ko‘milib qolishi Xitoyning imkoniyatlarini oshirdi. Mazkur mojaroning e’tibordan chetda qolishi uning kattalashishiga olib keldi. Hozirda Isroil amalga oshirgan harakatlar xalqaro jinoyat sifatida e’tirof etilishi va uning dunyo hamjamiyatidagi nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuningdek, Xitoy vaziyatdan unumli foydalanishi ham mumkin.
Habibullo Azimov: Aslida, Xitoy boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashmaydi, Isroil-Falastin mojarosiga esa shunchaki ularni yarashtiruvchi vositachi bo‘lish uchun aralashdi. Yaqin Sharq AQSh uchun nihoyatda muhim mintaqa. Uning hududdagi asosiy vazifasi Isroil xavfsizligini ta’minlash va Xitoyning mojaroga aralashuvi AQShning o‘yindan chiqqanini anglatmaydi. Donald Tramp Falastin uchun "Asr rejasi" dasturini ishlab chiqqan edi, biroq uni amalga oshirish uchun vaqt yetmadi. Falastin ozodlik tashkilotidan farqli o‘laroq G‘azo setoridagi "Xamas" bu dasturni rad etgan. Unga ko‘ra, Falastinda mudofaa kuchlari bo‘lmaydi va ularni isroilliklar qo‘riqlaydi. Shuningdek, loyiha Falastinni rivojlantirish uchun yo‘naltirilgan katta miqdordagi moliyaviy paketlarni ham o‘z ichiga olardi.
— Agar bu loyiha amalga oshganida "Xamas"ning taqdiri qanday kechardi va falastinliklarning huquqlari qanday ta’minlanar edi?
Sherzod Ziyoyev: "Xamas" hamma tomonidan ham ekstremistik tashkilot sifatida tan olinmagan, uni qo‘llab-quvvatlaydigan davlatlar ham mavjud. "Xamas" saqlanib qolishi uchun u demokratik talablarga javob berishi kerak, umuman olganda, ozodlik harakatlarini qo‘llab-quvvatlash, ozodlikka intilish Versal shartnomasi ilovasida va inson huquqlari deklaratsiyasida oqlangan, biroq uning harakatni amalga oshirish mexanizmi salbiy baholanishi mumkin.
— Mazkur loyihaga Isroilning munosabati qanday bo‘lgan?
Habibullo Azimov: Dastur avvalo Isroilning suverenitetini mustahkamlagan bo‘lardi, ya’ni falastinliklar qurollarini topshirgan bo‘lardi va yengil qurollangan xalq politsiyasi bilan kifoyalanardi. Bu dastur Isroilning qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarini yaxshilashiga imkoniyat bergan bo‘lardi, chunki u mintaqada yakkalanib qolishni istamaydi. Muqaddas hududlar masalasida esa umumiylik mavjud, ya’ni u yerdagi muqaddas joylar tarixan olib qaraganda, barcha uchun umumiy muqaddas hududlar hisoblanadi. Ularni tomonlarga bo‘lib berishning imkoni mavjud emas.
— Isroil-Falastin tinchlik sulhi da muhim nuqtalar nima, mojaroni muzlatish imkoni bormi?
Sherzod Ziyoyev: Donald Tramp ularga tashqi siyosatda noharbiy vositalardan foydalanishni taklif qilgan edi. Masalan, u prezidentlikka qayta saylansa, Ukraina mojarosini qisqa muddatda hal qilishini aytyapti va ba’zilar bunga ishonyapti. Suverenitet nafaqat tan olinishni, balki amaliyotni ham anglatadi. O‘zbekiston Isroil bilan ham, Falastin bilan ham teng aloqalarni o‘rnata olgan. Xalqaro darajada tan olinish masalasi xavfsizlik, demokratik institutlar faoliyati va boshqa talablar bilan bog‘liq.
Habibullo Azimov: Xitoy va Donald Tramp bergan takliflarni solishtirsak, Xitoyning taklifi falastinliklar uchun foydaliroq va shuning uchun ham bu taklifni isroilliklar qabul qilishi masalasi ko‘ndalang turibdi. Tramp loyihasiga ko‘ra, Falastin ma’lum bir harakatlari cheklangan muxtor viloyat sifatida qolishi mumkin edi.
Sherzod Ziyoyev: Xitoy ichki siyosiy masallarni ko‘tarmasligi mumkin, lekin buning gumanitar tomoni bor, halqaro gumanitar vaziyatning yomonlashuvi ham hisobga olinishi kerak. Mazkur masala xalqaro miqyosda muhokama qilinsa va G‘azo sektoriga gumanitar yordam kuchaytirilsa, ancha yaxshi bo‘lardi. Hozirda hatto Jo Bayden ham kelishuvga erishilishiga qarshilik bildirayotgani yo‘q biroq buni senat va boshqalar qo‘llab-quvvatlashi kerak. Siyosiy rejim masalalari keyin ham muhokama qilinsa, bo‘ladi, eng asosiy mumammo sluh tuzilishi. Shuningdek, masalaning huquqiy tomonlarini ham muhokama qilish kerak, lekin hali bu haqda hech kim o‘ylamayapti.
- To‘liq intervyuni videoshaklida tomosha qiling.
Normuhammad Ali suhbatlashdi.
Mavzuga oid
21:12
Xitoy va Pokiston Eron urushida vositachi bo‘lmoqchi. Ular nimani taklif qildi?
11:01
AI va bolalar: Xitoy xavfli texnologiyalarga chek qo‘ymoqda
07:35
Reyting: Xitoy so‘nggi 20 yilda eng ko‘p qayerga sarmoya kiritdi?
15:33 / 03.04.2026