Jamiyat | 20:11 / 06.06.2020
36852
14 daqiqa o‘qiladi

Olmaliqdagi kombinat ishchilariga nega chalajon tovuqlar tarqatildi? Mutasaddilar izoh berdi

3 iyun kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan ishchilarga tovuqlar tarqatilgani haqidagi xabarga ilova qilingan suratlar ijtimoiy tarmoqda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Suratlardagi patlari to‘kilgan tovuqlar nihoyatda abgor holatda ekani ko‘rinadi, ularning orasida o‘lganlari ham ko‘zga tashlanadi. Internet foydalanuvchilari aytayotganidek, kombinat chindan ham ishchilariga kasallangan yoxud o‘lik tovuqlarni tarqatdimi? Kun.uz muxbiri mutasaddilar bilan suhbatlashib, voqeaga oydinlik kiritdi.

Ma'lum bo‘lishicha, bu xabar dastavval Olmaliq shahar hokimligining Telegram’dagi kanalida chiqqan. Hokimlik axborot xizmati rahbari Dilfuza Ro‘ziyevaning aytishicha, kombinat o‘z xodimlarining ijtimoiy himoyasiga alohida e'tibor qaratib kelishi, bu xabarni ham boshqalarga ibrat bo‘lishi uchun hokimlikning rasmiy kanalida chiqarishga qaror qilgan.

Suratga izoh: Ayni paytda ushbu xabar Olmaliq shahar hokimligining Telegram’dagi kanalidan o‘chirilgan.

“Telegram’dagi botimizga kelgan murojaatlar, fuqarolar tomonidan yuborilgan suratlarga asoslanib bu xabarni chiqargandik. Bu mavzu Odnoklassniki’da ham muhokamalarga sabab bo‘layotgani uchun hokimlik axborot xizmati sifatida munosabat bildirib qo‘yishni, holat turlicha talqin qilinishining oldini olishni istagandik. Qolaversa, kombinat rahbariyati ishchi-xodimlarining ijtimoiy himoyasiga hamisha alohida e'tibor qaratib keladi, ularga tez-tez turli mahsulotlar tarqatib turiladi. Kombinatning navbatdagi xayrli ishini olqishlash, boshqalarga ibrat qilib ko‘rsatish maqsadida “Barakalla, OKMK!” degan olqish bilan ushbu xabarni tarqatgandik. Bundan hech qanday g‘araz maqsad, kombinatni yomonotliq qilish ko‘zlanmagan. Shuni tushunishlarini istayman.

Telegram’dagi botimizga kombinat boshqaruv raisi buyrug‘ining nusxalarigacha jo‘natilgan. O‘sha yerda ishlovchi odamlardan bu haqda surishtirdik, ular tasdiqlashdi. Buyruq nusxasi qo‘limizda borligi uchun axborot xizmatiga murojaat qilmadik. Qolaversa, suratlarni ham OKMK kiyimida tushgan ishchilarning o‘zlari jo‘natishgan edi. Suratlarni xabarimiz quruq gap emasligini bildirish uchun joylagandik. Lekin jamoatchilik xabarning mazmuni qolib, suratlar muhokamasiga kirishib ketishini, holat bu darajada shov-shuvga aylanishini kutmagandik ochig‘i.

Xabar 3 iyun kuni kechki 11dan keyin e'lon qilingandi. Ijtimoiy tarmoqlarda turlicha talqin qilingandan so‘ng 4 iyun kuni soat 10larda xabarni kanaldan o‘chirib tashlashga majbur bo‘ldim. Shahar hokimligining rasmiy kanalida 4 iyun kuni OKMK axborot xizmatining holat bo‘yicha munosabati hamda 5 iyun kuni esa mening tushuntirishim e'lon qilindi”, deydi Dilfuza Ro‘ziyeva.

Suratga izoh: OKMK boshqaruv raisining tegishli buyrug‘i.

OKMK axborot xizmati xizmati rahbari Umida Qarshiboyevaning aytishicha, Olmaliq shahar hokimligi rasmiy kanalida e'lon qilingan xabarda keltirilganidek, tovuqlar kombinat ishchi-xodimlariga oylik maoshi hisobidan tarqatilgani anglashilmovchilikdir.

“Aslida tovuqlar bepul tarqatilgan. Bu haqda Telegram’dagi rasmiy kanalimizda 1 iyun kuni chiqqan e'lonimizdayam yozilgan.

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvining 2019 yil yil 20 sentyabrdagi qarori hamda oziq-ovqat dasturi ijrosini ta'minlash, kombinat ishchilarini ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida kombinat boshqaruvi raisining tegishli buyrug‘i bilan 1 boshdan tovuq ajratilishi belgilandi. Kombinat rahbariyati va kombinat xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan bildirilgan taklif asosida ajratilayotgan ushbu tovuq bepul tarzda ishchi-xodimlarga tarqatilmoqda.

Tovuqlarimizning tuxum berishi pasaygan. Shuning uchun tovuqlarni ishchi-xodimlarga bepul tarqatish, o‘rniga yangi jo‘jalarni olib kelishga qaror qilingandi. Tovuq fabrikamiz to‘liq quvvat bilan ishlashi kerak.

Tovuqlarning pulini ishchilarning oyligidan ushlab qolish xayolimizning chekkasiga ham kelgani yo‘q. Kombinat boshqaruvi raisining 2020 yil 29 maydagi buyrug‘ida tovuqlarning tannarxi ko‘rsatib o‘tilgan. Ko‘pchilik shuni noto‘g‘ri tushunib, tovuqlarning pulini ish haqidan ushlab qolinarkan deb o‘ylagan. Lekin unday bo‘lgani yo‘q. Avval-boshdan ular ishchilarga beg‘araz yordam sifatida berilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi.

Faqatgina tovuqlar moddiy yordam sifatida berilgani uchun bu jarayonda yuzaga keladigan daromad solig‘i (1020 so‘m) o‘rnatilgan tartibda ishchilarning oylik maoshidan ushlab qolinishi aytilgandi. Har bir ishchiga bir boshdan tovuq berilishi belgilangandi. Ko‘p qavatli uylarda yashovchilar orasida tovuqlarni olishdan bosh tortganlar bo‘ldi, hovlida yashaydiganlar 3-4 boshdan oldi. Olganlar uchun olmaganlar daromad solig‘i to‘lamaydi-ku, to‘g‘rimi?! Shuning uchun kombinat boshqaruvi raisining boshqa bir buyrug‘i chiqarildi va unda xodimlardan hech qanday mablag‘ undirilmasligi, barchasi kombinat hisobidan qoplanishi belgilandi”, deydi Umida Qarshiboyeva.

OKMK Iste'mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasi boshlig‘i Elyor Haydarov kombinat rahbari buyrug‘ida tovuqlarning narxi 8200 so‘m etib belgilanganining sababini buxgalteriya hisob-kitoblari, ya'ni tovuqlarni fabrika hisobidan chiqarish uchun tuziladigan hujjatlarda aks ettirish uchun ko‘rsatilganini bildirdi.

“Fabrikamizga tovuqlar bir kunlik jo‘jalik vaqtida olib kelinadi. Ular 120 kundan keyin tuxumga kiradi. Qaysidir davrda hosildorligi oshadi, kamayadi yoki to‘xtaydi. Qaysi jarayondaligiga qarab tovuqlarning qoldiq summasi bo‘ladi. Solishtirish uchun aytishim mumkin: 3 iyun kuni ishchilarga tarqatilgan tovuqlarning tannarxi o‘tgan yili 17200 so‘m bo‘lgan. Bu yilga kelib tuxum berishi kamayib ketgan holatida 8200 so‘mlik holatga kelgan. Buni hisob-kitoblarimizdayam ko‘rish mumkin.

Korxona ishchilarga bu tovuqlarni bepul tarqatgani bilan buni hisobotlarda aks ettirishimiz kerak. Shu sababli tovuqlarni fabrika hisobidan chiqarish uchun tuziladigan aktda ularning narxi ko‘rsatiladi. Ya'ni yuqoridagi buyruqda har bir tovuq uchun 8200 so‘mdan ushlab qolinishi haqida umuman gap ketmagan. Aksincha, buyruq “Biz sizlarga ayni paytdagi tannarxi 8200 so‘m bo‘lgan tovuqlarni bepul beryapmiz”, degan mazmunda ko‘rsatilgan va bu hisob-kitoblarimiz uchun juda muhim”, deydi u.

Ma'lum bo‘lishicha, OKMK tasarrufidagi parrandachilik fabrikasida ayni paytda 30 ming boshga yaqin tovuq boqilmoqda. Ular bir kunda o‘rtacha 36 ming donagacha tuxum berib kelgan. Mutasaddilarning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarda aks etgan tovuqlarning abgor holati ularning tullayotgani bilan bog‘liq.

“Shunga e'tibor berishingizni istardim, fabrikamizda tovuqlar salqin muhitda saqlanadi. Fabrikadagi eng yuqori temperatura 26-27 darajani tashkil etadi. Ular kunning issig‘ida ikki soatcha yo‘lda bo‘lgan, shu sababli holsizlanib qolgan.

Tovuqlarning patsiz ekaniga kelsak, ularda faqatgina mayda patlar yo‘q. Bu tovuqlar quyosh nurini ko‘rmasdan bitta joyda saqlanayotgan, tuxum berib turgan tovuqlar. E'tibor qilinsa, qanot patlari mavjud. Tuxum berishda ana shu patlarigina muhim rol o‘ynaydi, mayda patlarining hech qanday ahamiyati yo‘q.

O‘zi tovuqlarning kichik patlari mavsumiy bo‘lib, tez-tez tullab, ya'ni to‘kilib turadi. Ular kun salqin bo‘lganda o‘zini himoya qilish uchun chiqsa, kunlar isib ketganda to‘kiladi. Suratlarga sinchiklab qaralsa, tovuqlarning pastki qismida mayda patlar qaytadan o‘sayotganini ko‘rish mumkin. Ma'lum vaqtdan keyin ular tovuqning butun badanini to‘liq qoplaydi.

Tovuqlarning tullashi ularning qandaydir kasallikka chalinganini anglatmaydi. Fabrikamizda ularning salomatligi muntazam nazorat qilinadi, turli kasalliklarga qarshi o‘z vaqtida emlab boriladi. Bunday zotdagi – “Lomann sendi”, “Lomann Braun” tovuqlarida sakson haftalik bo‘lganidan keyin tuxum berish xususiyati kamayadi. Ayni paytda ularning tuxum berishi 50-60 foizga kamayib ketgan. Bunday vaziyatda tovuqlarga berayotgan yemimiz, qilayotgan xarajatimiz qoplanmaydi. Shuning uchun ularni go‘shtga topshirishimiz yoki aholiga sotib yuborishimiz mumkin edi. Biroq rahbariyat ularni ishchilarga tarqatishni ma'qul ko‘rdi”, deydi parrandachilik fabrikasi veterinar-vrachi Anvar Haydarov.

Umida Qarshiboyevaning ta'kidlashicha, tovuqlarning suvsizlanib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarda ko‘ringanidek abgor holatga kelib qolishi ularning noto‘g‘ri “transportirovka” qilingani bilan bog‘liq.

“Ta'minotchilar ham har xil. Topshiriqni o‘z vaqtida bajaray deb shoshilgan bo‘lishlari mumkin. Ko‘z oldida o‘ynab turgan tovuqlar bunchalik sulayib qolishini bilmagan bo‘lishi mumkin. Ertalabki yoki kechki salqinda olib kelish xayollariga kelmagan.

Qolaversa, kombinatimizda ish smenali. Ko‘pchilikning ish vaqti tugashiga qarab olib kelishgan. Vaqtliroq olib kelib qo‘yilib, ishchilar smenasini topshirib chiqqunigacha ham ancha vaqt o‘tgan, bu ham tovuqlarning holsizlanib qolishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Shuncha vaqtdan beri ishchi-xizmatchilarining ijtimoiy himoyasi haqida qayg‘urib kelayotgan, bu borada respublikada eng old o‘rinlarda turgan kombinat kasallangan tovuqlarni xodimlariga tarqatib, misqollab yig‘ilgan obro‘sini to‘kmaydi, shuni bilishingizni istardim”, deydi u.

Elyor Haydarovning aytishicha, har bir xodim 30 boshgacha tovuq olishi mumkin. Undan ortig‘iga ruxsat yo‘q. Yana tovuq berilishini kutayotganlar bor.

“Tovuqlar talabnoma asosida tarqatilgan, ro‘yxatlari turibdi. Tarqatish jarayonida birorta muammo kuzatilmagandi. Faqatgina kombinat tasarrufidagi markaziy ta'mirlash-mexanika zavodi ishchilariga tovuqlar tarqatilayotganda peshin payti bo‘lgan, kunning issig‘ida qolgan tovuqlar holsizlanib qolgan. Qolaversa, tovuqlarning tullaganini ko‘rib ayrim ishchilar ularni kasal deb o‘ylab, olishdan voz kechishgan. Tovuqlar hech kimga majburlab o‘tkazilgani yo‘q. Kim xohlasa oldi, xohlamaganlar olmadi.

Oddiy misol, rux ishlab chiqariladigan zavodimiz 2023 bosh tovuq olib ketgan. Ishchilari ko‘p, yana 2000 bosh tovuq olib ketish kerak, qachon tovuqlarni berasizlar deb so‘rashmoqda.

Tovuqlarni olib ketishdan oldin yetkazib beruvchilarga tushuntiramiz. Fabrikaga borib tovuqlarni olib kelgan zahoti soya-salqin joyga tushirib, suv berish kerakligini tayinlaymiz. Tovuqning tana harorati 41 darajani tashkil etadi. Oddiy inson har yarim soatda yarim piyola suv ichsa, shuni 10 gramm deb oladigan bo‘lsak, bitta tovuq tana harorati baland bo‘lgani sababli har yarim soatda ikki marta 10 grammdan suv ichadi”, deydi u

Mutasaddilarning aytishicha, ishchilarga tarqatilgan tovuqlarning orasida o‘lib qolganlari yo‘q. Holsizligidan harakatsiz bo‘lib qolgan tovuqlarni ham salqin joyga olib o‘tilib ustiga suv purkalsa va ichirilsa, ular jonlangan.

“Tovuqlar fabrikada saqlangan 80 hafta – 600 kun davomida bir kun ham quyosh nurini ko‘rmagan. Bunday holatda ularning ko‘zlari yumilib, qolaversa, issiq natijasida holsizlanib qolgan bo‘lishi mumkin. Lekin ular tirik bo‘lgan. Yana bir marta aytaman, kunning issig‘ida kombinatga oborilgani uchun ular sulayib qolgan, suvsizlangan.  

Xuddi shunday tovuqlarni olib ketgan xodimlarimizning aytishicha, tovuqlar ma'lum vaqtdan keyin jonlangan. Tovuqlarni olgan 16 korxonada ishlovchi istalgan ishchining uyiga borib ko‘rsatishimiz mumkin.

Agar tovuqlarni so‘yadigan maxsus sexlarimiz bo‘lganida, ularni so‘yib, o‘ratib, sovutkichlarda saqlab, ishchilarga tarqatganimizda talab ketishardi. Afsuski, bunga sharoitimiz yo‘q.

Biz buni hozir kolbasa sexlariga topshiradigan bo‘lsak, 15 ming so‘mdan tijorat taklifi berib sotib olamiz degan tashkilotlar juda ko‘p. Toshkent shahridagi sanoat zonasida faoliyat yuritadigan kolbasachilar bilan gaplashdim, bir bosh tovuqni 15 ming so‘mdan olamiz deyishdi. Ayrimlar 14 ming so‘m narx taklif qilishdi. O‘zimiz “transportirovka” qilib olib ketamiz, bu borada muammo bo‘lmaydi deyishdi. Bu haqda rahbariyatga ham yozma ravishda ma'lum qilganman. Lekin kombinat rahbariyati tovuqlarni ishchilarga tarqatishni lozim topdi.

Kombinatimizda har yili ishchi-xodimlarga kartoshka, piyoz, guruch kabi ko‘plab iste'mol mahsulotlari tekin tarqatib kelinadi. Yaqinda imtiyozli narxda ishchilarga qo‘y tarqatildi. Har kilogramm go‘sht uchun bozor bahosida 32 ming so‘mdan narx belgilanib, qo‘ylarning narxi belgilandi, pulini ishchilar oyliklaridan bo‘lib beradigan bo‘ldi. O‘zimizning tovuq fabrikamizda yetishtirilgan tovuqlar ham xuddi shu tarzda xodimlarga bepul tarqatildi. Tovuqlarni olganlarning aksariyati ularni boqayapti, boqishga sharoiti bo‘lmaganlar so‘yib olishyapti”, deydi Elyor Haydarov.

Uning aytishicha, ikki kun davomida OKMK tarkibidagi 16 ta korxona ishchilariga 5856 bosh tovuq bepul tarqatilgan. Talabga qarab yana tarqatish rejalashtirilgan.

Jamshid Niyozov 

Mavzuga oid