Parlamentda Adliya vaziri vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasini taqdim qildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 8 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov yuqoridagi qonun loyihasini Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda ma'ruza bilan so‘zga chiqdi.
Adliya vaziri o‘z ma'ruzasida bugungi kundagi qonunchilik ahvoli yuzasidan ayrim masalalarga to‘xtalib o‘tib, huquq nazariyasi va qonunchilik amaliyotining uzoq yillik tarixida shakllangan “qonun hujjatlari” va “qonun” kabi alohida fundamental tushunchalar milliy qonunchiligimizda yillar davomida bir xil ma'noni anglatuvchi tushunchalar sifatida qo‘llanib kelinganligini ta'kidladi.
Mazkur amaliyotga chek qo‘yish maqsadida qonun hujjatlarida “qonunchilik”, “qonunchilik hujjati” va “qonun hujjati” kabi tushunchalarni umum'etirof etilgan mazmuni va ma'nosiga ko‘ra bayon etish taklif etilmoqda.
Ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 5 ta Konstitutsiyaviy qonunlari, 19 ta kodeksi va 278 ta qonuniga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi kelgusida qonunchilik amaliyotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib, ushbu tushunchalarni qo‘llash yuzasidan tushunmovchiliklar
va turli xil talqinlarning oldini oladi.
Qonun loyihasi “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida” yangi tahrirda ishlab chiqilgan qonun loyihasi bilan birga ko‘rib chiqiladi.
Mavzuga oid
15:42 / 24.11.2020
Qirg‘izistonda mamlakat nomini o‘zgartirish taklif etildi
15:16 / 17.10.2019
Adliya vaziri ingliz yuridik kompaniyalarini O‘zbekistonda vakolatxona ochishga chaqirdi
19:21 / 15.01.2019
Adliya vaziriga o‘rinbosarlar tayinlandi
23:00 / 30.03.2018