O‘zbekiston | 19:21 / 15.01.2019
19226
3 daqiqa o‘qiladi

Adliya vaziriga o‘rinbosarlar tayinlandi

Foto: Adliya vazirligi

O‘zbekiston prezidenti qarori bilan Maxmud Shuhratovich Istamov Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

U biroz avvalroq Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga bosh direktor bo‘lib ketgan Nodir Jo‘rayev o‘rnida ish boshlaydi. 

Foto: Maxmud Shuhratovich Istamov

Maxmud Shuhratovich Istamov – 1979 yil 24 fevralda Buxoro shahrida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy, huquqshunos, 1-darajali adliya maslahatchisi. 2000 yil Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Idoraviy me'yoriy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasining katta maslahatchisi lavozimida boshlagan. Keyinchalik mazkur boshqarmada bosh maslahatchi, bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

2004-2005 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy axborot bilan ta'minlash markazi rahbari, 2005-2006 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Normativ-huquqiy hujjatlarning  amalga oshirilishi ustidan monitoring qilish markazi bo‘limi boshlig‘i, 2006-2011 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat maslahatchisi xizmatining Adliya va sud idoralari faoliyati masalalari bo‘yicha inspektori, 2011-2014 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish xizmatining Adliya idoralari masalalari sho‘'basining yetakchi inspektori, 2014-2017 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Oliy Majlis, siyosiy va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish xizmati Siyosiy partiyalar bilan hamkorlik qilish sho‘'basi mudiri, 2017 yil 14 avgustiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Siyosiy-huquqiy masalalar xizmati Sud-huquq sohasidagi qonunchilik sho‘'basi mudiri lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 

U 2017 yil 14 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi. 

Shuningdek, Xudayor Xurramovich Meliyev Adliya vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi. 

Foto: Xudayor Xurramovich Meliyev

Xudayor Meliyev Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Mehnat faoliyati davomida Adliya vazirligida turli mas'uliyatli lavozimlarda ishlagan. Hozirga qadar Adliya vazirligi Qonunchilik bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Adliya vazirining Maxmud Istamov va Xudayor Meliyevdan tashqari yana ikki o‘rinbosari bor. Bular Akbar Jo‘raboyevich Toshqulov hamda Yesemurat Sultamuratovich Kanyazovdir.

Mavzuga oid