O‘zbekiston | 11:32 / 01.12.2020
4752
6 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda xalqaro umummavsumiy tog‘-chang‘i kurorti tashkil etiladi

Jizzax viloyatining tog‘li hududlari va so‘lim go‘shalarining mavjud turistik salohiyatidan samarali foydalanish maqsad qilingan.

Prezidentning “Zomin” turistik-rekreatsion zonasi faoliyatini hamda xalqaro umummavsumiy tog‘-chang‘i kurortini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Jizzax viloyati hokimligining:

  • Jizzax viloyatining “Zomin” turistik-rekreatsion zonasini tashkil etish;
  • erkin turistik zona hududida zamonaviy mehmonxona majmualari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va turistik ahamiyatdagi boshqa obektlar qurish, shuningdek zamonaviy muhandislik infratuzilmasi obektlarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.

Quyidagilar erkin turistik zonaning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • erkin turistik zonada zamonaviy turizm infratuzilmasi obektlari (mehmonxona majmualari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va turistik ahamiyatdagi boshqa obektlar)ni, turistlarga xizmat ko‘rsatish uchun zarur sharoitlarni ta'minlagan holda maxsus funksional va mavsumiy rekreatsion dam olish zonalarini yaratish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy va mahalliy investorlarning investitsiyalarini jalb qilish;
  • hududning ekomuhiti imkoniyatlarini hisobga olgan holda o‘ziga xos turistik yo‘nalishlarni tashkil etish;
  • transport vositalarining arzonligini ta'minlash, hududda transport harakatining yangi (avtobus, mikroavtobus, funikulyor va boshqalar), shu jumladan, muqobil energiya manbalarida harakatlanuvchi turlarini joriy etish, yo‘lovchi transporti yo‘nalishlarini kengaytirish, uning to‘xtovsiz harakatini tashkil etish, tegishli transport infratuzilmasini rivojlantirish;
  • turistlar xavfsizligining qo‘shimcha sharoitlarini, shu jumladan turistik infratuzilma obektlarini videokuzatuv tizimlari bilan jihozlash, ogohlantirish tizimlarini tashkil etish, hududga keluvchi turistlar haqida yagona ma'lumotlar bazasini, favqulodda holatlarda tez yordam berish tizimini joriy etish yo‘li bilan yaratish;
  • erkin turistik zona hududida loyihalarni amalga oshirayotgan va faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'yektlari hamda investorlar (shu jumladan, xorijiy investorlar) uchun belgilangan alohida bojxona va soliq rejimlarini ta'minlash;
  • energiyaning muqobil va qayta tiklanuvchi manbalarini qo‘llagan holda yangi zamonaviy energiya tejovchi tizimlar va texnologiyalarni joriy qilish asosida o‘ziga xos ekologik tizimni yaratish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish;
  • hududda noyob tabiiy obektlar va majmualarni, o‘simliklar va hayvonlarning genetik fondini saqlash, shuningdek, faoliyatning atrof-muhitga salbiy ta'sirining oldini olish va minimallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Qayd etilishicha, Turkiyaning “IDEALIST” kompaniyasi tomonidan Zomin tumanida erkin turistik zonaning bosh rejasi loyihasi ishlab chiqilgan. Ushbu bosh reja loyihasida investitsiyalarni, shu jumladan, turizm (joylashtirish vositalari, dor yo‘llari, restoranlar, savdo shoxobchalari va boshqa turizm infratuzilmasi obektlari), yo‘l-transport va kommunal infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltirilgan mablag‘larini jalb qilish nazarda tutilgan.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Qurilish vazirligi, Jizzax viloyati hokimligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021 yil 1 iyunga qadar xorijiy loyiha institutlarini, shuningdek, maslahatchilarni jalb qilgan holda erkin turistik zonaning batafsil rejalashtirish loyihasini quyidagilarni nazarda tutgan holda ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlanishini ta'minlaydi:

  • hududdagi elektr tarmoqlarini yer ostidan o‘tkazish;
  • erkin turistik zona hamda uni boshqa hududlar bilan bog‘lovchi yo‘llarda maxsus piyodalar va velosiped yo‘laklari mavjud bo‘lishi;
  • hududdagi elektromobillar va boshqa turdagi transport vositalari (quvvat oluvchi gibrid transport vositalari) uchun umumiy quvvati 11 kVt.dan kam bo‘lmagan holda, elektr quvvatlanish stansiyalari nuqtalarini belgilash;
  • hududda o‘rnatilgan tartibda aeronavigatsiya vositalari va kichik sig‘imdagi havo kemalari (vertolyotlar) uchun uchish-qo‘nish maydonchalarini joylashtirishni belgilash;
  • sportning ekstremal turlari, shu jumladan ziplayn, fotosuratlar olish uchun manzarali va noyob joylarda selfi zonalar kabi obektlarni joylashtirish;
  • hududda o‘rnatiladigan yo‘l ko‘rsatkichlarining joylashish nuqtalarini belgilash;
  • suvenir va oziq-ovqat mahsulotlari savdosi joylashtirilishini nazarda tutuvchi turistik ko‘chalarni joylashtirish;
  • xorijiy mamlakatlarning ijobiy sinovidan o‘tgan tajribasini o‘rgangan holda hududda chiqindilarni tashlash hamda namunaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalarini joylashtirish nuqtalarini belgilash;
  • Ichki ishlar vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Jizzax viloyati hokimligi bilan birgalikda 2021 yil 1 mayga qadar o‘rnatilgan tartibda erkin turistik zona hududiga kirish nuqtasida milliy valutada to‘lovlarni qabul qiluvchi xizmat ko‘rsatish punkti va zamonaviy avtoturargoh tashkil etilishini ta'minlaydi.

Erkin turistik zona hududida “Suffa platosi.2400” xalqaro umummavsumiy kurorti va “O‘riklisoy” turizm majmuasi tashkil etiladi.

Mavzuga oid