Jahon | 08:41 / 02.06.2026
3646
2 daqiqa o‘qiladi

Axios: Tramp Netanyahuni sulhni buzganlikda aybladi

AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan telefon orqali suhbatda Livanga berilgan zarbalar va Yaqin Sharqdagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining izdan chiqishi yuzasidan keskin norozilik bildirgan. Bu haqda Axios nashri manbalariga tayanib xabar berdi.

Foto: REUTERS

Ma’lum qilinishicha, suhbat davomida Tramp Netanyahuning harakatlarini qattiq tanqid qilgan hamda uni “aqldan ozgan” deb atagan. Shuningdek, AQSh rahbari Isroil bosh vaziriga korrupsiya ishi bo‘yicha qamoq jazosidan qutulishida yordam berganini eslatgan.

Axios manbalariga ko‘ra, Tramp Livanga berilgan zarbalar tufayli Netanyahu xalqaro maydonda tobora ko‘proq tanqidlarga uchrayotganini va bu Isroilning yanada yakkalab qo‘yilishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidlagan.

1 iyun kuni Netanyahu Livan poytaxti Bayrutning janubiy hududlariga zarba berishga buyruq bergan. Isroil bu qarorni Eron qo‘llab-quvvatlaydigan “Hizbulloh” guruhi bilan to‘qnashuvlar kuchaygani bilan izohlagan. Shuningdek, Isroil armiyasi Livandagi quruqlikdagi operatsiyalarini ham kengaytirgan.

Axios ma’lumotiga ko‘ra, Tramp suhbat chog‘ida Livanda tinch aholi orasidagi qurbonlar soni ortib borayotganidan xavotir bildirgan. U, shuningdek, “Hizbulloh” qo‘mondonlarini yo‘q qilish operatsiyalari vaqtida turar joy binolarining buzilayotganini ham tanqid qilgan.

Bu orada Eronning Tasnim agentligi Tehron va Vashington o‘rtasida vositachilar orqali olib borilayotgan muzokaralar to‘xtatilganini ma’lum qildi. Biroq Tramp bu xabarlarni rad etib, muzokaralar “juda tez sur’atlarda davom etayotgani”ni aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Isroil va Livan o‘rtasida o‘zaro hujumlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgan va bu Eron bilan muloqotlarni davom ettirish imkonini bergan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid