Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dunyoning eng badavlat kishilari birinchi milliardni ishlab topishganidan so‘ng qay darajada o‘zgarishdi?
Bill Geytsning aytishicha, "Siz va divan o‘rtasida dollar hech qachon uchib o‘tmaydi”. Darhaqiqat, muvaffaqiyatga erishish yo‘li tinimsiz mehnatga bog‘liq ekani haqidagi nazariya boshqa zamonaviy milliarderlarning misollari bilan tasdiqlangan, chunki ularning aksariyati o‘z boyliklarini o‘zlari ishlab topishgan, meros orqali olishmagan. Va, shubhasiz, milliarderlar tomonidan bosib o‘tilgan yo‘l ularning yuzlarida o‘z izlarini qoldirdi.
AdMe dunyodagi eng badavlat kishilarning suratlariga nazar tashlash, ular ulkan boylik egalari ro‘yxatiga qo‘shilishdan oldin qanday ko‘rinishda bo‘lganini ko‘rish, shuningdek, bu milliarderlar haqida qiziqarli ma'lumotlarni olishni taklif etadi: ehtimol, ulardan birining tarjimai holi siz kutgan belgiga aylanar.
Jyeff Bezos, $ 120 mlrd

2017 yilda Amazon internet-do‘konining asoschisi va egasi Jyeff Bezos dunyodagi eng boy odamga aylandi. Loyiha 1995 yilda garajda ishga tushirilgan, 4 yil ichida esa kompaniyaning qiymati 6 milliard dollarga baholangan. Bezos internet-do‘kondan tashqari, The Washington Post nashriyot uyi egasi va Blue Origin aerokosmik kompaniyasining asoschisi hisoblanadi.
Qiziq faktlar:
-
Jyeff Bezos mijozlar va hamkorlar bilan birinchi ish uchrashuvlarini garaj yonida joylashgan kitob do‘konida o‘tkazgan.
-
Dunyodagi eng boy odamning kulgusi jahonda xuddi uning o‘zi kabi mashhur. Ishbilarmon muzokaralarda, suhbat chog‘ida kuladi, YouTube’da esa uning kulgulari jamlanmasi ham bor – uning tinglab kulib yubormaslikka harakat qilib ko‘ring.
Bill Geyts, $ 92 mlrd

Microsoft 1976 yilda ro‘yxatga olingan, 10 yil o‘tib esa Bill Geyts o‘zining birinchi milliardini ishlab oldi. Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, 2006 yilda uning daromadi daqiqasiga 6 659 dollarni tashkil etgan, ya'ni kuniga qariyb 10 million dollar.
Qiziq faktlar:
-
Bill Geyts insoniyat tarixidagi eng saxovatli xayriya aksiyasini amalga oshirdi: u beshta xayriya jamg‘armasiga 37 milliard dollar ajratdi.
-
13 yoshida, u do‘stlari bilan maktabdagi kompyuterni buzib kirgan, natijada maxfiy ma'lumotga ega bo‘lgan. Jazo o‘rniga yosh xaker kompyuter markazida ishlashga taklifnoma olgan.
Mark Tsukerberg, $ 72 mlrd

Mark Tsukerberg 2004 yilda, 20 yoshida veb-saytni yaratdi, keyinchalik u dunyodagi eng yirik ijtimoiy tarmoqqa aylandi. Aytgancha, u oliy ma'lumot haqidagi diplomni faqat 2017 yilda oldi, sababi amaliyot bilan shug‘ullanish uchun o‘z vaqtida Harvard universitetini tark etgan.
Qiziq faktlar:
-
Mark 11 yoshida xabar almashish uchun birinchi kompyuter dasturini yozgan
-
Tsukerberglar oilasi itga ega - Bist oq venger ovcharkasi. Bistga esa, albatta, Facebook’da sahifa mavjud.
Sergey Brin ($ 50 mlrd) va Larri Peyj ($ 51 mlrd)

Sergey Brin o‘zining do‘sti Larri Peyj bilan birgalikda 1998 yilda Google’ni tashkil etgan bo‘lib, u ularga atigi 6 yildan so‘ng Forbes milliarderlar ro‘yxatiga kirish imkonini berdi. IT-sohasi yirik shirkatining birinchi ofisi garajda (foto) bo‘lgan, u Sergeyning tanishi bo‘lgan qizga tegishli edi.
Qiziq faktlar:
-
Sergey Larri Peyj bilan birgalikda qarishga qarshi dastur ishlab chiqyapti.
-
Google kompaniyasi shtatida echkilar ham bor, ular ofis yonidagi maysazorda o‘tlaydi, shuningdek, ularga qarab yuruvchi cho‘pon ham ishlaydi.
Jyek Ma, $ 41 mlrd

Alibaba Group asoschisi Jyek Ma uzoq vaqt davomidagi ta'limdan so‘ng ishga joylasha olmay, 12ta turli joydan rad javobini olgan. 1995 yilda u AQShga bordi, u yerdan vatanida internet-kompaniya tashkil etish g‘oyasi bilan qaytadi, buni 4 yildan so‘ng amalga oshirdi. Dastlab, kompaniya faqatgina yo‘qotishlarga uchradi, lekin 2002 yilda ishlab topilgan birinchi dollardan keyin ishlar keskin yaxshilandi, 2012 yili esa kompaniya daromadi taxminan 15 milliard dollarni tashkil etdi.
Qiziq faktlar:
-
Ingliz tilini o‘rganish uchun Jyek Ma ko‘p yillar davomida o‘z shahriga kelgan sayyohlarga bepul ekskursiyalar o‘tkazgan.
-
Unga aynan sayyohlar Jyek ismini berishgan, aslida Xitoydagi eng boy odamning ismi - Ma Yun.
Ilon Mask, $ 21 mlrd

Ilon Mask 2003 yilda Tesla Motors elektrmobillar ishlab chiqarish bo‘yicha kompaniyani tashkil qildi, oradan 11 yil o‘tib esa ulardan biri 76 soatlik safarni amalga oshirdi. Ularning narxi (yonilg‘i sarflash qiymati) $ 0 edi. Ushbu yutuq Ginnes rekordlar kitobiga kiritildi.
SpaceX kompaniyasi kosmik ishlanmalar bilan bog‘liq bo‘lib, 2002 yilda tashkil etilgan, 2018 yilning boshida esa Ilon Mask Marsga Falcon Heavy raketasini muvaffaqiyatli yuborib, memlar qahramoniga aylandi. Birinchi marta bunday qudratli raketa hukumat kosmik agentligi tomonidan emas, balki xususiy kompaniya tomonidan koinotga uchirildi.
Qiziq faktlar:
-
«Temir odam» filmi rejissyorining so‘zlariga ko‘ra, Ilon Mask kichik Robert Dauni obrazini gavdalantirgan Toni Stark prototipi bo‘ldi.
-
12 yoshida Ilon Mask o‘z videoo‘yinini yaratdi va 500 dollarga sotib yuborgan.
Richard Brenson, $ 5 mlrd

Hozirda 400 dan ortiq kompaniyani o‘z ichiga olgan Virgin brendini jahonga mashhur milliarder 20 yoshida tashkil qilgan. Avvaliga u musiqa do‘koni, keyinchalik sug‘urta, kredit va hatto kino sanoati sohasidagi qator kompaniyalarni ochdi. 1984 yilda Richard Virgin Atlantic Airways aviakompaniyasini, 20 yil o‘tib - kosmik turizmi sohasida xizmatlar ko‘rsatadigan Virgin Galactic’ga asos soldi.
Qiziq faktlar:
-
Richard Brensonda o‘nlab taxalluslar bor, ularning orasida - «milliarder-xippi», «epataj ustasi», «katta biznes poyabzalidagi mix», «biznesni kir narsalardan tozalovchi ritsar».
-
Bo‘lajak milliarder ilk biznes qo‘ng‘iroqlarini telefon avtomatdan amalga oshirgan. Qo‘ng‘iroq vaqti cheklangan bo‘lgan, bu Richardga muzokaralar olib borishning alohida uslubini ishlab chiqishga imkon berdi.
Ralf Loren, $ 6 mlrd

Ralf Loren o‘zining ilk kolleksiyasini 30 yoshida yaratgan. Unda polodagi o‘yinchi logotipga aylangan. Bugun Polo Ralph Lauren Corporation kompaniyasi kiyim-kechak va aksessuarlardan tashqari, parfyumeriya, mebel, to‘qimachilik mahsulotlari, idish-tovoqlar, gulqog‘ozlar, shirinliklar va hattoki hayvonlar uchun tovarlar chiqaradi. 2007 yilda Ralf Loren «Moda afsonasi» nufuzli mukofotiga loyiq topildi.
Qiziq faktlar:
-
Dizaynerning haqiqiy ismi - Ralf Ruben Lifshits. U Belarusdan bo‘lgan kambag‘al yahudiy muhojirlar oilasida tug‘ilgan.
-
Ralfda birinchi dizaynerlik g‘oyasi «Buyuk Getsbi» romanini o‘qiganidan so‘ng paydo bo‘ldi, biroq u o‘zi o‘sha paytda ishlayotgan kompaniya rahbariyati tomonidan rad etilgan. Aynan shu unga moda olamida birinchi mustaqil qadamlarni qo‘yishga turtki berdi, 8 yildan so‘ng esa u Paramount Pictures buyurtmasiga ko‘ra «Buyuk Getsbi» filmi uchun kostyumlar yaratdi.
Trevis Kalanik, $ 5 mlrd

Trevis Kalanik 2009 yilda Garret Kempi bilan yo‘lovchi va taksi haydovchilarini o‘zaro bog‘lash imkonini beruvchi Uber dasturini ishlab chiqdi. Bugungi kunda kompaniya 58 mamlakatda va butun dunyo bo‘ylab 300dan ortiq shaharlarda vakolatxonalarga ega.
Qiziq faktlar:
-
Uber’ning birinchi yo‘lovchilariga Trevisning ota-onasi aylangan.
-
Trevis Kalanik bilan tanish bo‘lgan odamlar uni o‘jar va qat'iyatli shaxs deb ta'riflaydilar. U bir marta Google ofisida 9 soat o‘tirib, xodimlardan birini o‘ziga ishga o‘tishi uchun ishontirmoqchi bo‘lgan.
Opra Uinfri, $ 3 mlrd

Opra Uinfri «Baltimor so‘zlaydi» tonggi tok-shousida 10 yil ishlaganidan so‘ng, 1986 yilda o‘z dasturini yaratdi. «Opra Uinfri shousi» 25 yil davomida efirga uzatildi va 140 mamlakatda namoyish etildi. Dastur yopilgach, Opra Uinfri o‘zining OWN kanalini ishga tushirdi.
Qiziq faktlar:
-
Opra o‘z faoliyatini boshlaganida yangiliklar boshlovchisi sifatida ishlagan, ammo haddan tashqari hissiyotga berilib ketishi tufayli chetlatilgan. Bir marta u hatto jonli efirda yig‘lab ham yuborgan.
-
1993 yilda Opra Maykl Jyekson bilan suhbatlashgan. Ushbu ko‘rsatuvni 90 milliondan ziyod tomoshabin ko‘rdi, hamda u Amerika televideniyesi tarixida reytingi eng balandga aylandi.
Donald Tramp, $ 3 mlrd

Yosh Donald Tramp ta'lim olishni tugatganidan so‘ng kinomaktabga kirish haqida jiddiy o‘ylagan, biroq yakunda ko‘chmas mulk bilan shug‘ullanishni boshlagan. 1 200 kvartiradan iborat uy-joy majmuasi uning ilk loyihasiga aylandi, u rekord qisqa muddatlarda qurildi va yaxshi narxda sotildi.
Donald Tramp 10 yildan so‘ng milliarderga aylandi. AQShning amaldagi prezidenti kinosanoat borasidagi orzularini 2002 yilda amalga oshirishni boshladi: u qator filmlar va seriallarda rol ijro etdi, «Nomzod» shousiga boshlovchilik qildi.
Qiziq faktlar:
-
Donald Tramp prezidentga aylanib, birdaniga qator rekordlarni yangiladi: ilk bor AQSh prezidenti sifatida saylangan eng yoshi katta shaxs; prezident lavozimida boyligi 3 mlrd dollardan ko‘proq bo‘lgan ilk odam; lavozimga kirishishidan avval qandaydir davlat yoki harbiy mansabni egallamagan birinchi prezident.
-
Donald Tramp 1990-2015 yillarda 17 kitob yozdi va chop etdi, ular muvaffaqiyatga erishish haqida.
Bizni ushbu ro‘yxatdagi ko‘plab shaxslarning muvaffaqiyat tarixi hayratga soldi, biroq ko‘proq Jyek Ma tarixi taajjublantirdi. Sizni-chi?
Mavzuga oid
07:40 / 25.03.2026
Dunyoda eng ko‘p milliarderlar tug‘ilgan shaharlar ma’lum qilindi
15:47 / 16.03.2026
Slovakiya Rossiyaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha blokadasini bekor qildi
22:36 / 10.03.2026
Forbes milliarderlarning 2026 yilgi yangi reytingini e’lon qildi
07:37 / 09.02.2026