O‘zbekiston | 13:55 / 16.01.2018
6885
3 daqiqa o‘qiladi

Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertizadan o‘tkazish markazi tashkil etildi

Prezidentning 8.01.2018 yildagi «O‘zbekiston Respublikasining davlat xaridlarini amalga oshirish, davlat dasturi doirasidagi hujjatlarni shakllantirish va amalga oshirish bo‘yicha kompleks ekspertizaning samarali tizimini tashkil qilish to‘g‘risida»gi PQ-3464-son qarori e'lon qilindi.

Norma.uz’ning yozishicha, markaz Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshida DUK shaklida faoliyat yuritadi. Markaz mintaqaviy filiallar tashkil etishga haqli.

Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi:
 
1 – mamlakatni rivojlantirish davlat dasturlariga kiritilayotgan loyihalar kompleks ekspertizadan o‘tkazilishini tashkil etish, ularning amalga oshirilishini tahlil va monitoring qilish;

2 – rivojlantirish davlat dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish doirasida, shuningdek davlat xaridlarini amalga oshirish chog‘ida ishlab chiqiladigan loyihaoldi, loyiha va tender hujjatlari, texnik vazifalarni kompleks ekspertizadan o‘tkazish;

3 – rivojlantirish davlat dasturlarini amalga oshirish doirasida, shuningdek davlat xaridlarini amalga oshirish chog‘ida tuziladigan import kontraktlarini ekspertizadan va ro‘yxatdan o‘tkazish;

2015–2017 yillarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan barcha eksport va import kontraktlari o‘rganib chiqiladi. Yakunlarga ko‘ra kontraktlarni ekspertizadan, ro‘yxatdan o‘tkazish mexanizmlarini takomillashtirishga, taqdim etilgan hujjatlar ishonchliligi va vakolatli shaxslar imzolariga qo‘yiladigan talablarning majburiy tekshirilishini joriy etishga, manfaatlar to‘qnashuvini istisno etishga yo‘naltirilgan hujjat ishlab chiqiladi. Bundan tashqari, tovarlar (xizmatlar) qiymatining yagona ma'lumotlar bazasi yaratiladi.

Sanab o‘tilgan ishlar va xizmatlar (2 va 3-bandlar) yordamchi pudrat shartlarida topshirilishi mumkin emas, Markaz loyiha institutlari, injiniring va konsalting kompaniyalarini tanlash xususida tavsiyalar berishga haqli emas.

4 – resurslarning yagona milliy ma'lumotnomasini shakllantirish va yangilash.

Markaz faoliyati sohasi quyidagilarga tatbiq etiladi:

• barcha davlat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari;
• ustav fondidagi davlat ulushi 50% va undan ortiqni tashkil etadigan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar;
• ustav fondidagi ulushning 50%i va undan ortig‘i oldingi bandda ko‘rsatilgan yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar;
• rivojlantirish davlat dasturlari doirasida amalga oshiriladigan barcha loyihalar.
 
Qaror bilan qurilish sohasida litsenziyalar berishga vaqtinchalik cheklov ham nazarda tutilgan.
 
Hujjat 9.01.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid