Jamiyat | 15:25 / 29.05.2026
5232
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada bankir, Jizzaxda hokimlik mansabdori pora bilan ushlandi

DXX o‘tkazgan tezkor tadbirda Sharof Rashidov tumani hokimligi mansabdor xodimi tadbirkordan 500 dollar talab qilib, pul mablag‘ini olgan vaqtida qo‘lga olindi. Farg‘onadagi tadbirda esa bank xizmatlari markazi rahbari 10 ming dollar bilan ushlandi.

Foto: DXX axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Jizzax va Farg‘ona viloyatlarida qonunbuzilish holatlarini aniqladi.

DXX axborot xizmatiga ko‘ra, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimligi mansabdor xodimi xizmat mavqeyidan foydalangan holda tadbirkorning ishonchiga kirgan. Xususan, hokimlik xodimi tadbirkorga tuman melioratsiya bo‘limi balansida bo‘lgan 45 sotix yer maydonini o‘zining yaqin aloqalari orqali olib berish hamda uning 24 yoshli tanishini MChJga ishga kiritib qo‘yishni aytadi. Bularning evaziga tadbirkordan 500 dollar talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, hokimiyat vakili ushbu masalalarni hal qilib berish bahonasida avval ham 3,5 mln so‘m olib, shaxsiy ehtiyoji uchun sarflab yuborganligi aniqlandi.

Boshqa holatda esa O‘zbekistondagi tijorat banklaridan birining Farg‘ona bank xizmatlari markazi rahbari o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kiradi.

Mansabdor shaxs bankning bosh ofisidagi tanishlari orqali unga 2,5 mlrd so‘m miqdorida kredit ajratib berish evaziga kreditning 5 foizini, ya’ni 125 mln so‘m talab qiladi.

DXX va prokuratura departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bank mansabdori so‘ralgan pul mablag‘i hisobidan 10 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Idora, fuqarolar shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelganida, DXXning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar berishni so‘ragan. Xabar bergan shaxsning ma’lumotlari sir saqlanishi kafolatlanadi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid