Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘arb Ukrainani qo‘llashda davom etaveradimi yoki barchasi Putin istagandek tugaydimi?
Tahlilchilar fikricha, RF prezidenti Vladimir Putin ertami-kechmi Ukraina ustidan g‘alaba qozonishiga ishonadi, shu sababli yana bir necha yil urushishga tayyorlanmoqda. Biroq uzoq davom etuvchi urushga G‘arb tayyormi? Urush Rossiya uchun nima bilan tugaydi?
Rossiyadagi AQSh elchixonasi fonidagi banner. Foto: AFP / Scanpix / LETA
Tahlilchilar, surishtiruvchilar va hattoki MRB rahbari (agar jurnalistlarga ishonadigan bo‘lsak) ham frontdagi muvaffaqiyatsizliklarga qaramay, Vladimir Putinning uzoq istiqbolda Ukrainadagi urushda g‘alaba qozonishiga ishonchi komil, deb o‘ylamoqda.
Ayrim ekspertlar fikricha, shu sababli Moskva yana ikki-uch yil harbiy harakatlar olib borishga tayyor. Bunga javoban Ukrainaning g‘arbdagi ittifoqchilari Kiyevni «qancha kerak bo‘lsa shuncha qo‘llash»ga tayyorliklarini takrorlashmoqda.
Bunday uzoq urush Rossiya, Ukraina va G‘arb uchun nima bilan tugashi borasida «Meduza» fuqarolik-harbiy munosabatlarga ixtisoslashgan Rossiya siyosati tadqiqotchisi, qurolli kuchlar va jamiyat bo‘yicha universitetlararo konsorsium a’zosi, markaziy Yevropa universitetida PhD yoqlagan mutaxassis bilan suhbatlashdi.
— Ekspertlar Rossiyaning yana bir necha yil urush olib borishga qodirligidan gap ochar ekan, ular bunga mamlakatning iqtisodiy imkoniyatlari izn berishi, shuningdek, bu hol Rossiya hokimiyati tepasida turganlar uchun ishonch berayotganini ta’kidlashadi. Bunday rejalar chindan ham bor, degan taxminlar naqadar o‘zini oqlaydi, deb o‘ylaysiz?
— Men ularning fikriga qo‘shilaman. Qo‘shilmaydigan yagona jihatim qandaydir aniq belgilangan muddatlar chegarasi borligida. Jangovar harakatlar qanchalik dinamik borishi va bir qancha omillarga bog‘liqligi hisob olinsa, uzoq muddatli rejalashtirish qat’iy rejalashtirish ko‘rinishida emas, ko‘proq xayoliy shaklda bo‘lishi mumkin. Umuman olganda, mantiq aynan shunday va u birinchi marta qo‘llanayotgani yo‘q.
Rossiya — ulkan davlat, uning resurslari ko‘p, bu resurslarni safarbar qilish imkoniyati ham bor. Boz ustiga, urush Rossiya hududida bo‘layotgani yo‘q. Shunday ekan, strategik jihatdan Kreml Ukraina hududida harbiy harakatlarni olib borish bo‘yicha o‘z imkoniyatlari soni ko‘proq deb hisoblay oladi. Bu — birinchidan.
Ikkinchidan, Kremldagilarning Kiyevni tezda egallab olish rejasi barbod bo‘lgach va Rossiya qurolli kuchlari katta ziyon ko‘rgach, ular Ukraina energiya va logistika tizimiga ta’sir o‘tkazish mumkinligini tushunib yetishdi. Rossiya hokimiyati yanada ko‘proq insonlarni mamlakatni tark etishga majbur qilib, Ukraina iqtisodiyotini holdan toydirishga qaror qildi. Bu nimani bildiradi? Bu ishchi kuchi soni kamayadi, iqtisodiyot tanazzulga yuz tutadi, budjetdan pul to‘lash imkoniyati kamroq bo‘ladi, degani. Ya’ni Ukraina o‘zining g‘arbdagi sheriklari, eng avvalo AQShga tobora katta yuk bo‘la boradi.
Shuning hisobiga Kreml o‘z siyosiy talablari uchun shart-sharoit hozirlamoqchi. Men hattoki Ukrainadagi siyosatchilar va oligarxlarda vaqt o‘tishi bilan iqtisodiyotga berilayotgan bu ziyonga qanchalik chidash mumkinligi, balki muzokaralarga kirishish kerakligi haqida savollar paydo bo‘la boshlaydi, deb o‘ylayman.
Albatta, sof harbiy jihat ham bor. Ehtimol, harbiylar ham hozir ularga harbiy harakatlarni cho‘zish, o‘z pozitsiyalarini mustahkamlash foydaliroq deb hisoblashar? Garchi men keng miqyosdagi hujumlarga tayyorgarlik ko‘rilmoqda va yaqinda Rossiya qo‘shinlarining shunday hujumiga guvoh bo‘lamiz, deb o‘ylayman.
Umuman olganda, men Xristo Grozevning so‘zlariga qo‘shilaman: bu urushni siyosiy jarayon sifatida qabul qilish kerak. Urushning cho‘zilishi uning yo‘qotishlari, salbiy oqibatlari intensivligini «suvash»ga yordam beradi. Buning natijasida keskinlik, Kremlni tanqid qilish radikalligi kamayadi — u boshqariluvchan bo‘ladi. «Fashistik vatanparvar» lageridagi «o‘ta tinchlikparvar Putin»ga qarshi bo‘lgan eng bebosh vakillarni sotib olish yoki qo‘rqitib qo‘yish, shuningdek, qolgan muxolif demokratik harakatlarni bo‘g‘ish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Xususiy harbiy kompaniyalar ko‘p sonli mahbuslardan foylanayotganiga ham bosh sabab shu: siyosiy muammo bo‘lishi mumkin bo‘lgan safarbar qilingan tinch aholi vakillari orasida o‘ldirilganlar va yaralanganlar soni kamroq bo‘lishiga erishish. Jinoyatchilarga odamlarning rahmi kelmaydi, ular haqida o‘ylashmaydi, agar ular urushda o‘ladigan bo‘lsa ko‘pchilik «mayli-da», deb qo‘yaqoladi. Bu hol urushni cho‘zish kabi siyosiy tomondan qulay, chunki hokimiyatga bosimni kamaytiradi va ichki siyosiy vaziyatni yengillashtiradi.
— Siz aniq prognozlar qilish imkonsiz, deyapsiz. Agar ochiq ma’lumotlardan kelib chiqadigan bo‘lsak, Kremlda chindan ham bir necha yil urush olib borish uchun yetarli resurslar bormi?
— Bu yerda urushda qatnashayotgan barcha tomonlarga e’tibor qaratish lozim. Biz masalan Kremlning raketalari yoki qurolli kuchlari inson kapitali tugayapti, deyishimiz mumkin. Lekin bu dalil shu vaqtning o‘zida Ukrainada resurslar, qurol-yarog‘ va shaxsiy tarkib bilan bog‘liq ahvol qandayligini tushunganimizdagina muhim.
Bunga qo‘shimcha ravishda biz g‘arb qo‘llovi darajasini ham hisobga olmog‘imiz zarur: ayni paytda uzoq davom etadigan urush va bu vaziyatda g‘arb davlatlari nima qilishi haqida gap-so‘zlar bo‘lmoqda. Energetikadagi vaziyatni ham hisobga olish muhim: ayrim ekspertlar 2023 yilda energetik qayta qurish oqibatlari joriy qishdagidan ko‘ra og‘irroq bo‘lishini aytishmoqda.
Shu sababli, omillar soni nihoyatda ko‘pligidan bunchalik uzoq muddatga biror aniq prognoz berish noto‘g‘ri bo‘ladi, deb hisoblayman. Hammasi jangovar harakatlar dinamikasi va kuchlar muvozanatiga bog‘liq. Ayni paytda dinamika chindan ham uzoq davom etuvchi urush tomon qarab ketmoqda. Lekin vaziyatni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan bir necha variantlar bor: Vladimir Putin o‘lishi, Ukraina davlati to‘liq holdan toyishi, g‘arb davlatlari Rossiya bilan savdoga to‘liq embargo joriy etishi va buning ortidan Kremlda budjet mablag‘lari bilan muammolar paydo bo‘lishi.
— Ukrainaga zamonaviy g‘arb tanklari yetkazib berilishi bu muvozanatni o‘zgartiradimi?
— Tanklar borasida skeptik pozitsiyadaman. Fikrimcha, tanklarni yetkazib berish borasidagi qarorda urushda Ukraina foydasiga burilish yasash istagi bosh rolni o‘ynamagan, shunchaki, g‘arb davlatlariga bu qurol-yarog‘larni yetkazmaslik siyosiy jihatdan noqulay bo‘lib qoldi. Saylovchilar oldida tanklar nega yetkazilmayotganini tushuntiruvchi bahonalar qolmadi. Ular shunga majbur bo‘lishdi.
Biroq Leopard 2 va M1 Abrams tanklari yetkazilishidan avval Polsha katta miqdorda modernizatsiya qilingan sovet tanklarini yetkazdi, Slovakiya esa tanklar yetkazishga tayyor ekanini aytdi. Ularning soni yuzlab miqdorda. Aftidan, bu tanklarning ko‘pi allaqachon yo‘q qilingan.
Menimcha, g‘arb tanklari yetkazilishi, shubhasiz, mudofaa uchun ham, hujum uchun ham foydali bo‘ladi. Biroq, va’da qilingan mashinalarni saqlash joyidan chiqarish, ta’mirlash, ekipajni o‘qitish, unga yarasha o‘q-dori topish ham kerak. Xullas, bu yordam hal qiluvchi bo‘lishiga skeptik qarashdaman.
Qancha miqdordagi tank yetarli bo‘lishini tushunish uchun Ukraina va Rossiyada ishlar qanday ahvoldaligiga, tomonlarda qancha odam va texnika qolganiga real baho berish kerak. Albatta, bunday ma’lumotlar oshkor qilinmaydi. Lekin, umuman olganda shunday fikrlamoq kerak: Ukrainaga qancha ko‘p va yangi qurol-yarog‘ yetkazilsa, shuncha yaxshi. Bu borada yakuniy cheklov yo‘q.
— Ittifoqchi davlatlar Ukrainaga zarur qurol-yarog‘lar hajmini texnik tomondan yetkazib berishga qodirmi?
— Qarang, ochiq ma’lumotlardan biz Rossiya armiyasida qancha qurol-yarog‘ borligini bilmaymiz, men hattoki bunday ma’lumotlar RF mudofaa vazirligida borligiga ham ishonmayman, ochig‘i. O‘z zaxiralari va quvvatlari yuqori baholab yuborilgan holatni biz g‘arb davlatlarida ham ko‘rib turibmiz. Men bu jarayonlarni aniq sonlar bilan ifodalab, kimda qancha zaxira borligini aytish mumkinligi ishonmayman.
Shuning uchun, g‘arb davlatlari Ukrainaga yetkazib berishga rozi bo‘ladigan qurol-yarog‘ nomenklaturasining sekin-asta kengayishini kutish mumkin. Biroq, masalan, aviatsiyani olaylik. Hattoki, yetkazib berish kelishilganida ham avvaliga ukrain harbiylarini bunday samolyotlarni boshqarishga o‘rgatish kerak bo‘ladi — balki ular o‘qitilayotgandir ham, lekin bu haqda ommaga ma’lum qilinmayapti. Yetkazib berishga, shuningdek, qimmatbaho va murakkab xizmat ko‘rsatish, logistika zanjirlari murakkabligi ham to‘siq bo‘lishi mumkin.
Boz ustiga, g‘arbda hozir artilleriya tizimlari uchun snaryadlar ishlab chiqarish bilan bog‘liq muammolar bor. Bu esa kulgili ko‘rinmoqda. Chunki Kreml yillar davomida NATO Rossiyaga hujum qilishga tayyorlanayotgani haqida barchani ishontirishga harakat qilib keldi — kutilmaganda urush boshlandi va Yevropada ham, AQShda ham bunchalik qurol-yarog‘ ishlab chiqarish uchun quvvat yetishmasligi ma’lum bo‘lib qoldi. Bularning barchasi butun g‘arb olami bunday katta, global urushga iqtisodiy jihatdan tayyor bo‘lmaganini ko‘rsatadi.
Xavfsizlik bo‘yicha kafolatlar masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsam, iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash kabi bu yerda ham vaziyat juda murakkab. Gap-so‘zlar, maslahatlashuvlar juda ko‘p, lekin barchani qoniqtiruvchi to‘xtam yuzaga kelmayapti. Hattoki Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi borasida haligacha yagona to‘xtam yo‘q. Darvoqe, men Ukraina NATOga a’zo bo‘lsa Rossiyaga ham, Ukrainaga ham foydali bo‘ladi, degan fikrdaman. Biroq, faol jangovar harakatlar borar ekan, hukumatlarning hozircha bunga ishonchi komil emas.
— Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi barchaga, jumladan Rossiya uchun ham manfaatli deyapsiz. Nega?
— Men bunga Rossiya ichki siyosati nuqtayi nazaridan boqaman.
NATOga a’zo bo‘lish — islohotlar va nafaqat qurolli kuchlardagi islohotlar bo‘yicha ajoyib dasturiy hujjat. U politsiya va razvedkani qurolsizlantirish bo‘yicha islohot o‘tkazishga yo‘l ochadi, shuningdek quchishlatar tuzilmalar ustidan demokratik fuqaroviy nazorat o‘rnatishga izn beradi.
Global jihatdan hozir ikki ssenariy bor. Agar Ukraina NATOga a’zo bo‘lmasa, Rossiya bosqinidan xavfsizligini ta’minlash uchun butun budjetini harbiy sohaga sarflovchi katta bir davlat bo‘ladi.
Yoki u AQSh soyaboni ostida himoyalangan davlat bo‘ladi. Eng kamida xavfsizlik sohasida isloh qilingan mamlakat bo‘ladi. Bunday holatda Ukraina resurslarni qurollanish va ko‘p sonli raketalarga emas, maktablar, ijtimoiy-madaniy sohalar, iqtisodiy yuksalish tomon yo‘naltiradi.
Fikrimcha, moddiy nuqtayi nazardan ikkinchi variant rossiyaliklar uchun ham xavfsizroq. Biroq, Kreml uchun bu yomon ssenariy. Kreml Ukraina mudom jangovar holatda bo‘lishidan manfaatdor: Rossiya uchun tahdid fonida odamlarni «dohiy» atrofida birlashtirish osonroq.
— Siz Ukrainaga yordam hajmi g‘arb davlatlari yetakchilarining siyosiy irodasiga bog‘liq dedingiz. Bu borada ittifoqchilar birlikni saqlay olishyaptimi?
— Siyosiy holat haqida gapiradigan bo‘lsam, tabiiyki, Kreml bu borada vaziyat og‘irlashishidan juda umid qilmoqda va barcha frontlar bo‘ylab ishlamoqda. Harbiy va axborot planida: rossiyaliklar masalan TIV rahbari Lavrov Afrika bo‘ylab qizg‘in sayohat qilayotganini ko‘rsatib, Rossiya ihotalanmaganini ko‘rsatib qo‘yishmoqchi.
Agar g‘arb yordami matematik model orqali tushuntirilsa, kuchli o‘sish urush boshlanganidan bir oy o‘tib boshlangan. O‘shanda Rossiya o‘z qo‘shinlarini Kiyev oblastidan olib chiqqan. G‘arbdagilar Putinning tezda Kiyevni egallab olish rejasi barbod bo‘lganini tushunib, boshqa tomondan RF armiyasi tomonidan sodir etilgan harbiy jinoyatlarga ham guvoh bo‘lishdi. Shundan so‘ng harbiy yordam miqdori sezilarli tarzda oshdi va ko‘p narsa yo‘lga qo‘yildi.
Foto: John Minchillo / AP
Shundan so‘ng g‘arb davlatlari yordam muhokama qilinayotganda Kreml qanday reaksiya bildirishiga qaray boshlashdi. Bu arqon tortish musobaqasini eslatib yuboradi. Sen arqonni picha o‘zing tomon tortib, Kreml nima bilan javob berishiga qaraysan va sekin yangi texnikalarni berasan. Bu yana eskalatsiya nazorati deb ham ataladi.
Albatta, bu narsa ukrainlarga yoqmaydi, biroq bu katta xatoga yo‘l qo‘yishdan asrab qoluvchi oqilona strategiya. Masalan, 2022 yilning mart oylarida Ukrainaga darhol tanklar berilganida, Kreml NATO Ukrainaga yordamga kirib keldi, deb o‘ylab, yadroviy quroldan foydalanishi mumkin edi.
— G‘arb davlatlari hukumatlari ham o‘z aholisi oldida yuqori qo‘llovga egami?
— O‘tgan yil natijalariga ko‘ra, g‘arb davlatlarida ko‘plab saylovchilar mojaro uchun mas’uliyatini Rossiya zimmasiga yuklashgan. Umuman, Xalqaro ishlar bo‘yicha Yevropa kengashi chiqargan tadqiqotda Yevropa davlatlarining ko‘pchiligi ikki lagerga bo‘lingani ko‘ringan: «tinchlik uchun» va «adolat uchun» kurashayotganlarga. Tabiiyki, «tinchlik uchun» kurashayotganlarga asosiysi urushning tezroq tugashi. «Adolat uchun» kurashayotganlar Rossiya jazolanishi istagida. Barcha mamlakatlardagi saylovchilar lagerlarida shunchaki «tinchlik uchun» bo‘lganlar «adolat uchun» deyayotganlardan ko‘proq. Faqat Polshani hisobga olmaganda, u yerda butun mamlakat Rossiyani tashqi siyosati uchun jazolash tarafdori bo‘lib turibdi.
Aytish mumkinki, shuncha vaqt o‘tsa-da, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash saqlanib turibdi, biroq u sizning tasavvuringizdagidek ideal va to‘laqonli emas.
Yevropa fuqarolari nimadan tashvishda? Ularni iqtisodiy oqibatlar va Rossiya bilan ehtimoliy yadroviy urush qo‘rqitmoqda. Agar jang maydonida nimadir o‘zgarmasa, saylovchilar uzoq muddatli urushga qarshi chiqa boshlashadi. Iqtisodiy oqibatlarning kumulyativ effektidan biz kutishimiz mumkinki, qo‘llov sekin-asta kamaya boradi va «bo‘ldi, yetar, bas, hayot bir marta beriladi, kelishish kerak, biz shundoq ham qo‘limizdan kelgan hamma narsani qildik», degan ovozlar balandroq yangray boshlaydi.
— Qaysi davlatlarda birinchi navbatda shunday noroziliklar yuzaga keladi?
— Qarang, bir tomonda bizda Shvetsiya va Finlandiya bor — bu mamlakatlarda Rossiyaning Ukrainga qarshi urushi fonida armiya va qurollanishga xarajatlarni ko‘paytirishni qo‘llovchi jamoatchilik bor. Germaniyada ham jamiyatning patsifistik nigohiga qaramasdan, fuqarolarning aksariyat qismi urushda Rossiyani ayblayotgani ko‘rsatdi. Boltiq davlatlarida, tabiiyki, hammasi hozirgidek saqlanadi. Bu mamlakatlar, deylik, faol militarizatsiya zaruriyatini ko‘rishda davom etayotgan davlatlardir.
Lekin urushning avvalidan alohida pozitsiyasini namoyish etgan Vengriya bor. Bu yerda Ukrainani qo‘llashning cheklangan pozitsiyasi tendensiyasi saqlanib qoladi.
Ukrainaga yordam berishda davom etayotgan, biroq Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga qarshilik qilayotgan va ular oldiga mutlaqo noreal talablar qo‘yayotgan Turkiyaning ham o‘z pozitsiyasi bor.
2024 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlarida prezidentlik saylovlari, hokimiyat tepasiga yangi Donald Tramp kelishi mumkinligi ham bizni kutib turibdi. AQShda hozir Ukrainani qo‘llash saqlanib turibdi, lekin bu qo‘llov o‘ziga xos, amerikacha: AQSh aholisi hozircha bu qo‘llov oqibatlarini o‘z tanalarida his qilib ko‘rganicha yo‘q. Amerika iqtisodiyoti miqyosida olinsa, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash saylovchilar fikriga ta’sir o‘tkazmaydi.
Biroq respublikachilar tobora AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden siyosatini urushga yetaklab kelgan va ishonchsiz deya taqdim etishmoqda. Tramp vaqtida urushga yo‘l qo‘yilmagan, shuning uchun bizga ovoz bering, deyilmoqda. Xullas, AQShda fikrlarning qutblanishi, har doimgidek, yorqin namoyon bo‘ladi.
— Siz AQShda «yangi Tramp» haqida gapirdingiz. Ukrainaning g‘arbdagi ittifoqchi davlatlari tepasiga ham o‘ng populistlar kelishi ehtimoli qanchalik?
Bu yerda men ancha konservativ qarashga egaman: ular saylovda g‘alaba qozongan taqdirda ham vaziyat barqarorligicha qoladi. Ularni g‘arb davlatlarida shakllangan institutsional muhit: NATOga a’zolik, Yevropa Ittifoqiga a’zolik tiyib turadi. Shu vajdan keskin sakrashlar, qo‘llovni butkul to‘xtatish, fikrimcha, imkonsiz.
Bundan tashqari, Chexiyada bo‘lib o‘tgan so‘nggi saylovlarda ko‘rdikki, ukrainaparast, g‘arbparast prezident g‘alaba qozondi — ular nisbatan rossiyaparast sobiq prezidentni olib tashlashga muvaffaq bo‘lishdi.
Ishlarning borishini butkul o‘zgartirib yuboradigan yagona narsa — jahonda yana bir shunday ahamiyatli harbiy to‘qnashuv yuz berishi. Bu yerda biz birinchi navbatda Xitoy va Tayvan mojarosiga e’tibor qaratishimiz kerak. Hozir bu yerdagi vaziyat AQShni juda asabiylashtirmoqda — Amerikada ham resurslar cheklangan-da.
Bu holatda menga Xitoy raisi Si Jinping o‘z siyosatini biroz «putinlashtirayotgandek» tuyulmoqda. Agar Osiyoda ham nimadir boshlansa, bu jahondagi kuchlar taqsimotini mutlaq o‘zgartirib yuboradi. Bu o‘tish bo‘ladi… Jahon urushiga o‘tish deyishni istamayapman, lekin jahon harbiy tarixiga o‘tish bo‘lar edi.
— Agar ehtimolli oqibatlar haqida so‘zlashsak, Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordamning farazan kamaytirilishi nimaga olib keladi?
— Hajmlarning kamaytirilishi Ukraina uchun yomon yangilik bo‘lardi. Qo‘llov qanchalik kam bo‘lsa, Rossiya urushi siquviga turib berish imkoniyati ham shuncha torayadi. Bu yerda o‘rtaga qo‘yilgan narsalar juda yuqori, g‘arb olami uchun ham. Yevropada Rossiya NATO yoki YeI davlatlariga hujum qilishi mumkinligi haqida deyarli hech kim o‘ylamaydi, biroq Rossiya Ukraina bilan urushda yengsa, bu xalqaro vaziyatning tubdan o‘zgarishi bo‘ladi. Bu AQSh va NATO o‘z mintaqasida ham xavfsizlikni ta’minlay olmasligini ko‘rsatadi. Bu boshqa avtokratiyalar, eng avvalo Xitoyga yashil chiroq yoqadi.
Umuman, bu avtoritar tendensiyalarning kuchayishiga olib keladi. Kremlga «adolatliroq jahon tartibi o‘rnatuvchi» deb qaray boshlashadi. Bunday xalqaro tartibda avtoritar mamlakatlar xalqaro qoidalarga e’tibor bermasdan, istaganini amalga oshira boshlaydi. Rossiyaning ichki siyosiy vaziyatini aytib ham o‘tirmaylik: urushdagi g‘alaba Putin va uning tashabbuslari kelgusida ham qattiq qo‘llanishiga olib keladi.
Hozir g‘arbda quyidagi kuchli yagona to‘xtam kerak: Ukrainani qo‘llash va Putinga uni to‘liq egallab olishiga yo‘l qo‘ymaslik. Biroq Putinning umidi shundanki, agar urush imkon qadar cho‘zilsa, sekin-asta Rossiyani qoniqtiruvchi shartlarda muzokaralar boshlanadi. Go‘yoki Ukraina hukumati, ukrain jamiyati va elitasi tashqi qo‘llov va jang maydonida g‘alaba qozonish ehtimoli tobora yomonlashayotganini tushunib yetishadi. Bu hol — hammasi siyosiy tartibga solish, Rossiya shartlarida sulh tuzilishi — Rossiya uchun ideal ssenariy bo‘lardi.
Resurslar nuqtayi nazaridan, ayniqsa koalitsion imkoniyatlardan kelib chiqilsa, Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yuqori hajmli yordam yukini hozircha ko‘tarish mumkin, ayniqsa AQSh ishtirokida. Yaqinda The Economist Intelligence Unit jurnalistlari Ukraina ittifoqchilari va Rossiya o‘rtasida jahon YaIM ulushlari qanday taqsimlanganini ko‘rsatishdi — ustunlik, albatta, Rossiya tarafida emas.
Biroq hozir bu yordam aynan rahbarlarning siyosiy irodasiga bog‘liq bo‘lib turibdi, ya’ni hokimiyat almashinuvi bu yordamni to‘xtatishi yoki kamaytirishi mumkin. Shuning uchun bu yordam yanada shaffof va yanada tizimli bo‘lishi kerak. Agar jarayon institutsionallashgan relslarga qo‘yilsa, Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari rasman belgilab qo‘yilsa, AQSh va Yevropadagi hokimiyat almashinuvi kamroq xavfga ega ssenariyga aylanadi. Agar Ukrainaning NATOga intergatsiyasi bo‘lmasa, g‘arb davlatlarining siyosiy qo‘llovini bir shaklga solish zarurati bor.
Ikkinchidan, Ukraina g‘arb qo‘lloviga mutlaqo tobe bo‘lar ekan, bu mamlakatlar, birinchi navbatda AQSh, urushdan keyingi tartibga solish, ozod qilingan hududlarni qayta integratsiya qilish shartlarini Ukraina hukumati oldiga qo‘yishlari mumkin. Bu inson huquqlarini himoya qilish, Ukraina bo‘ylab islohotlarga doir shartlar ham bo‘lishi mumkin. Bir tomondan, bu Ukraina davlatining rivojlanishiga turtki bo‘ladi, ikkinchi tomondan, g‘arb davlatlariga o‘z sarmoyalarining natijasini yaxshiroq prognozlash imkonini beradi.
Uchinchi hol ham bor. U Rossiyaga nisbatan sanksiyalarga tegishli. Ertami-kechmi, bu haqda gapirishga majbur bo‘linadi — cheklovlarni olib tashlash shartlari qanday bo‘ladi? Bu yerda ham o‘ta nozik qirra bor: bir tomondan bu sanksiyalarni yechishni tormozlantirmaslik kerak, ikkinchi tomondan Kremldan maksimal o‘zgarishlarga rozilik olinishi mumkin.
Rossiya jamiyati uchun, fikrimcha, bu yerda bir qadar xavf bor. Masalan, men g‘arb davlatlari uchun Putinni iste’foga chiqarish ustuvor maqsad ekaniga ishonmayman. Ularning birinchi galda ko‘zlagan manfaati Rossiyadagi islohotlar emas, eskalatsiyani susaytirish. Bir necha konferensiyalarda g‘arblik siyosatchilar bir piyola qahva ustida menga Putin o‘rniga yaxshirog‘i kelishiga ishonmayotganini aytishgan. Ular masalan, Ramzon Qodirov, Yevgeniy Prigojin va qandaydir FSBchilarni sanashgan. Agar ular hokimiyatni egallasa yanada tajovuzkor siyosat yurita boshlashini aytishgan.
Men bu fikrlarga qo‘shilmayman. Lekin alaloqibat Putin Rossiya xalqini hozir nima qilayotgan bo‘lsa shu ish davom etaveradigan bo‘lmasligi kerak. Chunki g‘arb davlatlari bu holga e’tiroz bildirishmaydi — ular uchun faqat Yevropa tomon o‘q uzilmasa va barchasi barqaror bo‘lsa bas.
Mavzuga oid
22:54 / 24.12.2025
Rossiya Ukraina bo‘yicha 20 banddan iborat tinchlik rejasini rad etdi
22:07 / 24.12.2025
Mindichning daragi chiqdi. U Ukrainaga qaytmoqchi emas
19:43 / 24.12.2025
Durov Putin 2013 yilda unga Rossiyada emas, balki xorijda biznes yuritishni maslahat berganini aytdi
18:44 / 24.12.2025