Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Durov Putin 2013 yilda unga Rossiyada emas, balki xorijda biznes yuritishni maslahat berganini aytdi
Shundan so‘ng, Durov 2014 yil bahorida «VKontakte»dagi ulushini sotdi va Rossiyadan chiqib ketib, bir necha oy oldin ishga tushirgan Telegram platformasini rivojlantirish bilan shug‘ullandi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2013 yildayoq «VKontakte» va Telegram asoschisi Pavel Durovga o‘z biznesini xorijda yuritishni maslahat bergan. Bu haqda jurnalist Nikolay Kononovning dekabr oyi boshida chop etilgan «Kod Durova 2» kitobida so‘z boradi.
2013 yilda, Durov hali Rossiyada yashab, «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘ini boshqarganida, Putin bilan uchrashgan. Uning aytishicha, uchrashuvda boshqa yirik tadbirkorlar ham ishtirok etgan. Putinga Durovni «VKontakte» platformasining shu paytdagi eng yirik aksiyadori Alisher Usmonov tanishtirgan.
Kutilmaganda Putin tashabbus ko‘rsatib, o‘zi gapira boshlagan. Durov so‘zlariga ko‘ra, uning «gaplarini bo‘lish mushkul» edi.
«Sizda, eshitishimcha, pornografiya va noqonuniy filmlar bor, bizga esa Rossiyada bunday narsalar, shunaqa yashirin o‘yin-kulgilar kerak emas», degan Putin. Durovning so‘zlariga ko‘ra, Putin negadir «Iltimos, bunday biznes bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lsangiz - uni Isroilda yuriting» degan gaplarni takrorlagan.
Bunga javoban, kitobda aytilishicha, Durov Putinga «Rossiya dasturlash maktabining buyukligini» butun dunyoga ko‘rsatish rejalarida borligini aytgan, «lekin vatanida qolish motivlari o‘tgan yilgi qordek erib ketayotganini his qilgan». Ushbu uchrashuvdan so‘ng, u «VKontakte»dan shunchaki qutulish emas, balki «qamoqqa tushmaslik uchun» barcha loyihalarini Rossiyadan uzoqroqqa ko‘chirishga qaror qilgan.
Durov 2014 yil bahorida «VKontakte»dagi ulushini sotdi va Rossiyadan chiqib ketib, bir necha oy oldin ishga tushirgan Telegram platformasini rivojlantirish bilan shug‘ullandi. Yaqinda bergan intervyularidan birida tadbirkor «o‘n yildan ortiq vaqtdan beri Moskvada bo‘lmaganini» ta’kidladi. Shu bilan birga, 2024 yilda «Vajnyye istorii» jurnalistlari havo qatnovlari bazalarining sizib chiqqan ma’lumotlarini o‘rganib chiqib, Durov o‘n yil ichida Rossiyada kamida 50 marta bo‘lganini aniqladi.
Putin 2024 yilda ham Durov bilan faqat bir marta uchrashganini aytgandi. «U shunchaki rejalar haqida gapirdi. Men biznes ahli bilan muntazam uchrashib turaman va ko‘p yillar oldin Kremlda uchrashuvlardan biri bo‘lgan», dedi Rossiya prezidenti.
Mavzuga oid
10:40 / 18.06.2026
YeI va Kreml o‘rtasida norasmiy aloqalar bo‘lgani xabar qilindi
08:45 / 18.06.2026
G7 bayonotidan so‘ng Kiyev yana hujumga uchradi
08:29 / 18.06.2026
Putinga yaqin deb hisoblangan biznesmen qamoqqa olindi
22:32 / 17.06.2026