O‘zbekiston | 16:21 / 08.05.2024
11923
2 daqiqa o‘qiladi

Talabalarga grant qanday taqsimlanadi? – Vazirlik rasmiysi tushuntirib berdi

Eng yuqori ball bilan o‘quv yilini yakunlagan talabalar 100 foizlik grantni qo‘lga kiritadi. Lekin talabalarning grant-kontraktda o‘qishiga qarab qay tarzda va qancha stipendiya olishi hozircha aniq emas. Stipendiyaga oid tartib ham qayta ko‘rib chiqiladi.

Foto: Kun.uz

8 may kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida o‘tgan matbuot anjumanida vazirlik rasmiysi Abduvali Xoliqov talabalarga grant yangi tartib bo‘yicha qanday berilishini tushuntirib berdi.

Talabalarga grant 2 turda taqsimlanadi: 100 foizlik va 50 foizlik. Talaba birinchi kursni tugatgach, unga grant bir yillik o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga qarab beriladi.

“Masalan bir guruhga 50 nafar bola grant asosida qabul qilindi. Jami guruhda esa 200 talaba bor. Ularga ajratiladigan grantning 50 foizi 100 foizlik, qolgan yarmi esa 50 foizlik grant bo‘ladi. Bunda jami 50 ta grantning 25 tasi 100 foizlik, qolgan 25 tasi esa 50 foizlik grant bo‘ladi.

Demak, kontraktda o‘qiyotgan talaba 50 foizlik grant olishi uchun ham yaxshi o‘zlashtirishga ega bo‘lishi kerak. Bizda GPA – o‘zlashtirish ko‘rsatkichi uchdan beshgacha hisoblanadi. Shu GPA ko‘rsatkichi eng yuqori bo‘lganlarga 100 foizlik grant, pastroq bo‘lganlarga esa 50 foizlik grant beriladi”, – dedi u.

Ma’lumotga ko‘ra, universitetga berilgan mingta kvota ham ichki tarzda o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga qarab ajratiladi. Agar yuqori natijali talabalar soni ko‘paysa, grantga o‘tish balli ham yuqoriroq bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, Abduvali Xoliqovning qo‘shimcha qilishicha, talaba grantda 4 yil doimiy o‘qiydi degan kafolatni hech kim bera olmaydi va shuning uchun grantda o‘qish bilan bog‘liq barcha talablar bekor bo‘ladi.

Qo‘shimcha qilinishicha, talabalarning grant-kontraktda o‘qishiga qarab qay tarzda va qancha stipendiya olishi hozircha aniq emas. Stipendiyaga oid tartib qayta ko‘rib chiqiladi.

Mavzuga oid