Gulruh Sa’dullayeva – Yevropaning Erasmus Mundus granti g‘olibi, Buyuk Britaniyaning Chevening granti finalchisi, AQShning UBL dasturi qatnashchisi. Uning fikricha, o‘zbekistonliklarda yirik grantlarni yutishdagi salohiyat juda yuqori. Ammo yagona muammo uni qanday qo‘lga kiritish bilan bog‘liq. “Potensial bor, baza bor, lekin ko‘pchilik nimani qayerdan boshlashni bilmaydi. Bilgan odam ham xato qilishdan qo‘rqadi”, – deydi Sa’dullayeva. U Kun.uzʼga bergan intervyusida grantlar tizimi, bu boradagi tajribasi, qolaversa, AQShdagi hayoti haqida gapirib berdi.

Kun.uz muxbiri Amerikaga bo‘lgan safari davomida mamlakatda bo‘lib turgan bir qancha o‘zbeklar bilan suhbatlar uyushtirdi. Shulardan biri, asli jizzaxlik bir nechta mutaxassisliklar bo‘yicha oliy ta’limga ega va ko‘plab grantlar sohibasi Gulruh Sa’dullayeva bo‘ldi.

U 2024 yil avgustidan beri AQShning Illinoys shtati Neypervil shaharchasida yashaydi. Hozirda UGL holding kompaniyasida xavfsizlik menejeri sifatida ishlab kelmoqda.

Gulruh intervyu davomida nima sabab Amerikaga kelgani, u yerdagi hayoti, dunyoga mashhur yirik grantlarni qanday qilib qo‘lga kiritgani, Yevropada kattaroq loyihalarda ishlagani – umuman o‘zi va qiziq tajribalari haqida batafsil gapirib berdi.

– Gulruh Sa’dullayeva kim o‘zi? Dastlab shu haqida gaplashsak.

– O‘zim Jizzax davlat pedagogika institutida o‘qiganman va 8 yil davomida ingliz tili va adabiyotidan o‘qituvchilik qilganman. Undan tashqari litseylarda, pedagogika kollejida dars berganman. 2018 yilda konsaltingga, grantlarga qiziqishni boshlab, Edu Action’ga ishga o‘tganman.

O‘shandan boshlab konsaltingda ishlashni boshladim va mingdan oshiq o‘quvchilarga yordam berdim. Orada o‘zim grantlar yutdim. Qisqasi, kimgadir yordam berish yoki grantlar yutishiga sababchi bo‘lish o‘zimga juda yoqadi va o‘shandan beri shu grantlar bilan bog‘liq ishlarda ishlayman.

Shu paytgacha Erasmus grantini yutganman, Chevening finalchisi bo‘lganman. UBLP (Uzbekistan Business Leaders Program) grantini yutganman. Universitetimdan magistraturada Sapienze University of Rome, Rimdagi universitetda o‘zining regional grantini yutganman. Qolgani kichkina-kichkina grantlar, asosiy katta grantlar shular.