Jahon | 18:58 / 01.03.2026
7698
12 daqiqa o‘qiladi

Amerika Eronda urush boshladi - hafta dayjesti

Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 1 mart, yakshanba. Kecha qishning oxirgi kuni dunyoda yana bir urush boshlandi. O‘tgan haftadagi dayjest sarlavhasini «AQSh urushga tayyor» deb qo‘ygandik, voqealar urush pishib kelayotganini ko‘rsatayotgandi-da. Shunday qilib bu yilgi 28 fevralda ham dunyo qandaydir katta voqeaga guvoh bo‘ldi. Bir yil avval Zelenskiy Oq uyda Tramp bilan urushib qolgandi, bu yil Amerika Eronda urush boshladi.

Amerika «SVO» boshladi

28 fevral kuni AQSh Eronga zarba berishni boshladi. Bir kun avval Tramp Eronning yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralarda tanlagan pozitsiyasidan xursand emasligi, lekin hali zarba berish bo‘yicha qaror qabul qilmaganini aytgandi. «Eron yadro quroliga yo‘q, degan sehrli so‘zlarni aytmayapti», degandi, xususan, Amerika prezidenti.

Shanba kuni boshlangan hujumda Amerika Yaqin Sharqqa yuborgan kemalardan turib zarba yo‘lladi. Xususan, Eron osmonida «Tomahawk» raketalari uchayotgani aks etgan videolar paydo bo‘ldi. Eron poytaxtidagi portlash kadrlari tarqaldi. Isroil nashrlarining yozishicha, Amerika va Isroil Eron bo‘ylab to‘rt kunlik intensiv zarbalarga tayyorlangan. Shanba kuni kechga borib Eron oliy rahbari Ali Xominaiy o‘lgani ma’lum bo‘ldi.

Ko‘p o‘tmay Donald Tramp urush boshlangani haqida bayonot berdi. «Erondagi rejim hech qachon yadro quroliga ega bo‘lolmaydi. Ular 47 yil Amerikaga o‘lim deb baqirishdi, ommaviy terror uyushtirishdi, biz ortiq bunga toqat qilolmaymiz», dedi Tramp. Shuningdek, Amerika prezidenti navbatdagi marta eronliklarni hukumatni qo‘lga olishga chaqirdi. «Biz tugatganimizdan keyin hukumatni qo‘lga oling, siz bunga loyiqsiz. Ehtimol bu sizning yagona imkoningiz bo‘ladi. Ko‘ramiz, siz bunga qanday javob berarkansiz», dedi Tramp.

Kun yarmida Eron Isroil bo‘ylab javob zarbalari yo‘lladi. Isroilda barcha kuch tuzilmalari jangovar shay holatga keltirilgan, odamlardan ehtiyot choralarini ko‘rish, bombapanalarga kirish buyruqlariga amal qilish so‘ralgan. Davlatlarning Isroildagi elchixonalari fuqarolariga evakuatsiya choralarini eslatib xabarlar berdi. Eron javob zarbasi o‘laroq, AQShning Yaqin Sharqdagi bazalariga zarba berishi kutilgandi. Hujumdan ko‘p o‘tmay BAA, Bahrayn, Kuvayt va Qatarga raketa uchirilgan. Donald Tramp bekorga Pentagonni urush vazirligi deb o‘zgartirmagan ko‘rinadi.

Bu xuddi o‘tgan yil yozdagi Isroilning Eronga zarbalarini eslatmoqda, o‘shanda Isroil aniq odamlarni o‘ldirishga asoslangan operatsiyalar o‘tkazgandi, hozir ham shunga o‘xshash zarbalar bo‘ldi. Lekin Amerika bu shunchaki zarbalar seriyasi emas, «Eron rejimiga qarshi butun boshli operatsiya ekanini» bildirdi, unga «Epic fury», ya’ni «epik g‘azab» deb nom ham berishdi. Xullas, Tramp Eronda «SVO» boshladi. Lekin amerikaliklar Tehronni uch kunda olmoqchi emas, Amerika harbiylari Eronga kirmasa kerak.

Pokiston – «Tolibon» urushi

Hafta davomida Pokiston va «Tolibon» o‘rtasida to‘qnashuv boshlanib ketdi. Men buni Pokiston – Afg‘oniston urushi emas, Pokiston – «Tolibon» urushi degan bo‘lardim. Bu aynan toliblar va Pokiston o‘rtasidagi nizo. Afg‘onlarning pokistonliklar bilan muammosi bo‘lmagan. Bir necha yil avval toliblar Pokistonga hujum qilishini tasavvur qilish imkonsiz edi. Chunki Amerika Afg‘onistonga kirganda toliblar uchun eng xavfsiz joy Pokiston edi, ularning bu davlatda shtab-kvartirasi ham bor edi. Lekin toliblar Afg‘onistonda hukumatni qo‘lga olgach, Pokiston bilan tortishuvlar boshlandi, tomonlar har zamonda bir-biriga zarbalar berdi.

Oxirgi eskalatsiya vaqtida toliblar hatto Pokistonning chegaradagi hududlarini egallab olganini aytdi. Pokiston mudofaa vaziri Havaj Asif «Tolibon» «Hindistonning qo‘g‘irchog‘iga aylangani» haqida aytib, ularga qarshi ochiq urush boshlanganini e’lon qildi. To‘qnashuvda har ikki tomondan yuzlab odam halok bo‘lgan.

Toliblar Pokistonga ularning o‘tgan haftada Afg‘oniston bo‘ylab zarbalariga javoban operatsiya boshlaganini aytmoqda. Pokiston chindan o‘tgan hafta Afg‘oniston bo‘ylab zarbalar bergan, nishon «IShID Xuroson» va «Tahriq a Tolibon Pokiston» guruhining lagerlari bo‘lgandi. Xullas, bizdan uncha uzoq bo‘lmagan sarhadlarda yana bir urush boshlandi. Shunchaki ma’lumot uchun, Pokistonda yadro quroli bor.

Kubani «do‘stona egallash»

Hafta davomida Kubada g‘alati hodisa yuz berdi. Floridadan yo‘lga chiqqan kater va Kuba chegarachilari o‘rtasida otishma chiqdi. Oqibatda to‘rt kishi halok bo‘lgan. Kuba tomonining aytishicha, tezkor katerda qurollangan 10 kishi bo‘lgan. Kema Kuba suvliklariga kirgach, chegarachilar uni identifikatsiya qilish uchun yaqinlashganda, katerdagilar chegarachilarga qarata o‘q uzgan. Harbiylar bunga javoban o‘q uzib to‘rt kishini o‘ldirgan. Keyinchalik yaradorlar Kubadagi kasalxonalarga olib ketilgan.

Amerika tomoni hodisa o‘rganilayotgani haqida bayonot berdi. Oq uy vakillari katerdagilar hukumatga, harbiylarga aloqasi bo‘lmaganini aytmoqda. Kater voqeasi sodir bo‘lgani fonida AQSh prezidenti Tramp Kubani «do‘stona egallab olish» haqida gapirdi. «Kuba hukumati biz bilan gaplashmoqda, ular jiddiy muammoga duch kelgan. Ularda hozir pul ham, neft ham yo‘q. Ehtimol biz Kubani do‘stona egallab olarmiz. Marko Rubio bu bilan yuqori darajada shug‘ullanmoqda», dedi Tramp. Ma’lumot uchun, AQSh davlat kotibi va ayni damda prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha bosh maslahatchisi bo‘lgan Marko Rubioning kelib chiqishi kubalik.

Urush boshlanganiga to‘rt yil bo‘ldi

Hafta davomida Ukrainada urush boshlanganiga to‘rt yil bo‘ldi. 2022 yil 24 fevral kuni Rossiya qo‘shinlari bir nechta yo‘nalish bo‘ylab Ukrainaga bostirib kirgandi. Barchasi xuddi kecha sodir bo‘lgandek, lekin bu vaqt ichida yuz minglab odam o‘lib ketdi, millionlab odam qochoqqa aylandi, minglab oilalar buzildi. Rossiya urushni bir necha kunda tugatishni maqsad qilgandi, lekin mash’um urush hamon davom etmoqda.

To‘rt yildan keyin jiddiy xulosalar qilish mumkin. Rossiya urushni Ukrainani «demilitarizatsiya» va go‘yoki «denatsifikatsiya» qilish iddaosi bilan boshlagandi. Urush boshlanganda bir necha ming kishilik armiyaga ega bo‘lgan Ukraina bugun kamida million kishilik qurolli kuchlarga ega, o‘z raketasigacha ishlab chiqardi. «Denatsifikatsiya» eng absurd da’vo ekanini hamma tushunib bo‘ldi, bu haqda urush tarafdorlarining yoqimtoyi Yevgeniy Prigojin ham aytgandi. Qaytaga endi Ukrainada rus tilini cheklash boshlandi, Rossiyaga nisbatan nafrat dahshatli darajadan kuchaydi.

Rossiya Kiyevni uch kunda ololmadi, u yerda o‘ziga bo‘ysunuvchi rahbar ham qo‘yolmadi, hatto Ukraina sharqini to‘liq egallay olgani yo‘q. Donbassni kuch bilan ololmagach, muzokaralar yordamida qo‘lga kiritmoqchi. Bir so‘z bilan aytganda, mantiqsiz urushning biror maqsadiga erisha olmadi.

Ukrainada tug‘ilish pasaydi

Mutaxassislarning aniqlashicha, urush boshlanganidan buyon Ukrainada tug‘ilish ko‘rsatkichlari keskin pasayib ketgan. Hozir tug‘ish yoshidagi bir ayolga bir nafardan kamroq bola to‘g‘ri kelmoqda. Bu tug‘ilish yuqori bo‘lmagan Yevropa Ittifoqidagi ko‘rsatkichlardan ham ancha past.

Urush boshlangach, Ukraina kamida 10 million fuqarosidan ayrilgan. Besh oblastining fuqarolari Rossiya fuqarosiga aylanib ketdi. Yuz minglab harbiylar halok bo‘ldi. Yana millionlab ukrainlar qochoqqa aylanib, mamlakatni tark etdi. Urushda qatnashayotgan harbiylar o‘rtacha 43 yoshda. Frontda asosan oilali erkaklar halok bo‘layotgani tug‘ilish ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Meksikada kartel rahbari o‘ldirildi

Dunyoga shuncha urush yetmaganiday Meksikada El Mencho laqabli bezori o‘ldirilishi ortidan notinchlik boshlanib ketdi. Meksikadagi eng qudratli jinoiy to‘dalardan biriga rahbarlik qilgan El Mencho Amerika qora ro‘yxatining tepasida turgan, uni ushlashga yordam beradigan ma’lumot uchun 15 million dollar mukofot va’da qilingan. Operatsiyani meksikalik harbiylar o‘tkazgan, lekin ularga Amerika tomoni razvedka ma’lumotlari bilan yordam bergan.

Bezori El Mencho o‘ldirilgach, notinchlik boshlandi. Kartel a’zolari hukumat kuchlari bilan otishma sodir etdi. Gvadalaraharada kartel a’zolari tartibsizlik keltirib chiqargan. Hatto ikki shahardagi aeroportlarda 129 ta aviareys bekor qilingan. Bu tartibsizliklar fonida Meksikadagi jahon chempionati xavf ostida ekani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. FIFA hammasi tinchigani, musobaqa ko‘chirilmasligini ma’lum qildi.

Aytgancha, o‘ldirilgan kartel rahbarining ismi Nemesio Oseguyera Servantes. Nomard El Mencho, Migel Servantes tarixga oltin harflarda yozgan shunaqa familiya bilan ham jinoyatchi bo‘lasanmi?..

Hafta suratlari

Demak yangi an’anamizga ko‘ra, rolikda hafta suratlari bilan yakunlaymiz. Bugun hamkasblarimiz olgan uch suratga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Birinchi surat Jyehad Alshrafi tomonida G‘azoda olingan. Unda g‘azoliklar vayronalar orasida tuzalgan iftor dasturxonida ro‘zasini ochayotgani tasvirlangan. Bir qarashda atayin surat ta’siri chiqishi uchun shunaqa joyni tanlashgandek, lekin aslida G‘azoda butun binoning o‘zi qolmagan. Isroil absurd iddaosi bilan sektorning kulini ko‘kka sovurgan.

Shunday bo‘lsa-da, g‘azoliklar yashashda davom etmoqda. Boshga kelganni ko‘z ko‘rar deb Alloh farz qilgan ibodatni sharaf bilan ado etmoqda.

Ikkinchi surat Vashingtonda, Kongress binosida suratga olingan. Kenni Holston Donald Trampni juda ajoyib ko‘rinishda tarixga muhrlagan. Kadrda Amerika prezidenti qo‘lini ikki tomonga yoygan ko‘yi mag‘rur turibdi. Xuddi «Ha, istagan davlatimga urush ochaman, nima qila olasizlar», degandek.

Haftaning eng zo‘r kadri Yaponiyadagi Ichigava hayvonot bog‘ida olingan. Butun dunyoga mashhur bo‘lgan maymuncha Panch onasi o‘rnida qabul qilgani o‘yinchoqqa mehr bilan qarab turibdi. Menimcha, bu maymuncha haqida hamma eshitdi, IKEA bu voqea ortidan millionlab pul ishlaganini ham bilib bo‘lgansiz.

Bu ajoyib maymuncha urushdan boshi chiqmay qolgan sayyoramiz odamlariga dunyoda hamon muqaddas tuyg‘ular borligini, dunyo aslida mana shunday tuyg‘ular uchungina omon ekanini eslatdi. Shuncha urush ichida ham odamlar mana shu maymuncha haqida gapirmoqda. Chunki bolaning onaga bo‘lgan muhabbatidan kuchliroq hech narsa yo‘q dunyoda. Omon bo‘ling, azizlar. Hamma bolalar onasining quchog‘ida uxlasin.

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid