O‘zbekiston | 23:45 / 06.03.2026
6412
2 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkor prezidentga: barchani rasmiy millionerga aylantirdingiz

5 mart kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida farmatsevtika sohasida ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va texnologiyalarni tezkor o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida «Grand Pharm Trade» kompaniyasi asoschisi Azizxo‘ja Abbosxo‘jayev ilgari farmatsevtika sohasi doimiy tekshiruvlar va nazorat organlarining kutilmagan tashriflaridan qo‘rqib ishlaganini aytdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Abbosxo‘jayevning aytishicha, ilgari tekshiruvlar ko‘pligi sababli tadbirkorlar darvoza taqillashidan qo‘rqib ishlagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil ichida sohadagi soliqlar ikki baravar kamaydi, bu esa biznesning ochiq va «mazza qilib» ishlashiga imkoniyat yaratdi.

“Ofisimiz kichik joyda joylashgan bo‘lib, xorijiy hamkorlar mahsulotlarini yetkazib berishga qo‘rqardi. Xorijiy valutani konvertatsiya qilish bir necha oy, ba’zan yillarga cho‘zilardi, mablag‘ni chetga chiqarish uchun birjaga chiqishga va har xil sxemalardan foydalanishga majbur bo‘lardik. Hozir esa hisoblardagi pul bir soatda, bir kunda chiqib ketadi — hech qanday muammo yo‘q. Barchamiz maza qilib ishlayapmiz. Barcha tadbirkorlar, zavodlar aksionerlari — shu yerda o‘tiribdi. Kompaniyalar aylanmasi milliardga yetdi, barchani rasman millioner qildingiz», — dedi Abbosxo‘jayev.

Azizxo‘ja Abbosxo‘jayev prezidentdan ikki masalada yordam so‘radi: zavodga yo‘l yo‘qligi va elektr ta’minoti muammolari.

Shavkat Mirziyoyev har ikki masalani protokolga kiritishga topshiriq berdi va infratuzilma bo‘lmasa, korxona ishlay olmasligini ta’kidladi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid