Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Rossiya Ukraina, Qozog‘iston va Kavkazni berib yuborgan». AQSh Putin va Bushning muzokaralari rasshifrovkasini maxfiylikdan chiqardi
Foto: Corbis via Getty Images
Amerikaning Jorj Vashington universiteti qoshidagi «Milliy xavfsizlik arxivi» nodavlat tashkiloti o‘z saytida Vladimir Putinning 2001, 2005 va 2008 yillarda AQSh prezidenti Jorj Bush bilan o‘tkazgan muzokaralarining maxfiylikdan chiqarilgan stenogrammalarini e’lon qildi. Hujjatlarga ko‘ra, Kreml rahbari Bush bilan birinchi uchrashuvdayoq Rossiya «minglab kilometrlik hududlarni o‘z ixtiyori bilan berib yuborgani»dan noligan va NATOning kengayishiga e’tiroz bildirgan.
«Milliy xavfsizlik arxivi» Amerika axborot erkinligi to‘g‘risidagi qonuni asosida sudga bergan da’vo natijasida rasshifrovkalar oshkor etilgan.
Birinchi hujjat Putin va Bushning 2001 yil 16 iyunda Sloveniya poytaxti Lyublyanadagi Brdo qal’asida o‘tkazgan yuzma-yuz uchrashuviga oid.
Jorj Bush 2000 yilda AQShning 43-prezidenti etib saylangan va 2001 yil yanvar oyida qasamyod qilgan. O‘sha paytda Putin ham yangi prezident edi: u 2000 yil mart oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarda g‘alaba qozongan.
Birinchi uchrashuv: do‘stona ohang va «berib yuborilgan hududlar» bo‘yicha shikoyatlar
Rasshirovkaga ko‘ra, ikkala yetakchi ham bir-biriga juda do‘stona munosabatda bo‘lgan hamda Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi yaxshi munosabatlarni saqlab qolish niyatini namoyish etgan.
Uchrashuv boshida Bush Putinni Texasdagi ranchosiga taklif qiladi, unga «Rossiyaning rolini kamaytirmoqchi emasligi»ni aytadi va uni «kuchli Rossiya Amerika manfaatlariga mos kelishi»ga ishontiradi.
Bunga javoban Rossiya rahbari munosabatlarda rostgo‘y bo‘lishga chaqiradi va shunday deydi: «Men Rossiyada katta nufuzga egaman – va men sizga buning sababini ayta olaman: chunki men odamlarni tinglayman».
«Rossiya xalqi keng ko‘lamli o‘zgarishlar ularga pand berganini his qilmoqda, qaysiki, bu o‘zgarishlar ularga ko‘proq erkinlik berdi, biroq undan foydalanib bo‘lmayapti», – deya qo‘shimcha qiladi Putin.
Kreml rahbari shundan so‘ng darhol to‘satdan tarix va hududlar masalasiga o‘tgan.
Rasshifrovkadan ma’lum bo‘lishicha, bu uni prezidentligining dastlabki yillaridayoq qattiq tashvishga solgan. G‘arb nashrlari bir necha bor yozganidek, Putin g‘arblik hamkorlar bilan keyingi muzokaralar chog‘ida, jumladan, Ukrainadagi urush masalasida ham tarix haqida batafsil gapirgan va shu tariqa o‘z harakatlarini oqlashga harakat qilgan.
«Rossiyaliklar minglab kilometr kvadrat hududni ixtiyoriy ravishda topshirdi, – degandi Putin 2001 yil yozida Bushga. – Bunaqasi bo‘lmagan! Asrlar davomida Rossiyaning bir qismi bo‘lgan Ukrainani berishdi. Qozog‘iston – berildi. Kavkaz ham. Buni tasavvur qilish qiyin va buni partiya rahbarlari qilishdi».
Keyin Putin Bushga G‘arb davlatlari Moskvaga bir necha masalalarda pand berishgani, jumladan, Rossiya qarzi masalasini hal qilmagani va Chechenistondagi radikal guruhlarning harakatlarini e’tiborsiz qoldirganini aytadi.
Bu uchrashuvda Putin Bushdan NATOni kengaytirish nima uchun kerakligini ham so‘ragan va Rossiya ushbu alyans haqidagi masalalarda «o‘zini ortiqcha his qilayotgani»dan shikoyat qilgan.
Rossiya prezidenti 1954 yilda Rossiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza bergani, biroq u rad etilganini ta’kidlagan. «Haqiqiy masala shundaki, biz Rossiyani sivilizatsiyalashgan dunyoning qolgan qismi bilan qanday assotsiatsiya qilamiz, – deydi Putin Bushga. – Fakt shuki, NATO kengaymoqda, biz esa bu borada hech narsa deya olmaymiz».
Suhbat davomida Bush Putindan Rossiyada matbuot erkinligiga nisbatan tazyiqlar haqida bir necha bor so‘ragan, u katta ehtimol bilan «NTV» telekompaniyasining «Gazprom-media» davlat kompaniyasi nazoratiga o‘tishini nazarda tutgan. Bunga javoban Putin «NTV»ning sobiq egasi Vladimir Gusinskiyni davlat mablag‘larini o‘g‘irlashda ayblaydi.
2008 yilgi uchrashuv: «Ukraina – sun’iy tuzilgan davlat»
«Milliy xavfsizlik arxivi» qayd etishicha, Putinning Bush bilan so‘nggi shaxsiy uchrashuvi 2008 yil 6 aprelda Rossiya prezidentining Sochi yaqinidagi «Bocharov ruchey» yozgi qarorgohida bo‘lib o‘tgan.
Foto: AFP via Getty Images
«Uning ohangi har ikki prezident barcha masalalar bo‘yicha hamkorlik haqida gapirgan va yaqin shaxsiy munosabatlarga sodiqligini bildirgan avvalgi suhbatlardan jiddiy farq qilardi», – deb yozadi arxivdagilar.
Ular bu muzokaralar NATOning Buxarestdagi eng muhim sammitidan so‘ng darhol bo‘lib o‘tganini eslatgan – o‘shanda AQSh qolgan a’zolardan Ukraina va Gurjistonni alyansga taklif qilish qaroriga qo‘shilishni so‘ragandi.
Yakunda alyans a’zolari Kiyev va Tbilisiga a’zolik bo‘yicha harakatlar rejasini berishga shoshilmaydi, biroq ikkala davlat ham kelajakda NATOga a’zo bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashadi. Putin o‘shanda bu qarorni Rossiya xavfsizligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid deb atagan, to‘rt oydan keyin esa Rossiya qo‘shinlari Gurjiston hududiga bostirib kirgandi.
Rasshirovkaga ko‘ra, uchrashuv avvalida Putin va Bush Yevropadagi raketaga qarshi mudofaa muammolari haqida batafsil gaplashgan.
Shundan so‘ng Putin NATO kengayishi muammosiga o‘tadi va «Ukrainadek davlatning NATOga qo‘shilishi tomonlar uchun uzoq muddatli mojaro maydoni va uzoq muddatli qarama-qarshilik yaratishi»ni ochiq aytadi.
Bush undan «Nima uchun?» deb so‘raydi va Putin AQSh prezidentiga Ukraina, uning fikricha, «sovet davrida yaratilgan sun’iy davlat» ekanini aytadi. Keyinroq Rossiya rahbariyati Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinni oqlash uchun aynan shu dalillardan foydalandi.
Keyin u Ukrainaning sovet ittifoqi davrida «yig‘ilgan» turli qismlari haqidagi tezislarni sanab o‘tadi (bu tezislar so‘nggi yillarda Moskvada yana bir necha bor yangradi) va «Ukraina aholisining katta qismi NATOni dushman tashkilot deb bilishi»ni aytadi.
Putin Ukrainaning NATOga kirishi «Rossiya yaqinida harbiy bazalar va yangi harbiy tizimlar paydo bo‘lishi xavfini tug‘dirishi», «bu Rossiya uchun noaniqlik va tahdid yaratishi»ni aytadi.
Putin Bushni Rossiya «Ukrainada muammolar yaratishga tayyorligi» haqida ogohlantirgan
Suhbat rasshifrovkasiga ko‘ra, Putin amalda Bushni Rossiya Ukraina Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilishining oldini olish uchun ushbu mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga tayyor ekanidan ogohlantiradi.
«Rossiya Ukrainadagi NATOga qarshi kuchlarga tayanib, NATO kengayish imkoniyatiga ega bo‘lmasligi uchun ish olib borishi mumkin, – degan Rossiya prezidenti Bushga. – Rossiya u yerda doim muammo tug‘dirishi mumkin».
«Ukraina NATOga a’zo bo‘lishidan nima ma’no? NATO va AQSh bundan nima naf ko‘radi? Bunga faqat bitta sabab bo‘lishi mumkin – bu Ukrainaning g‘arb dunyosining bir qismi sifatidagi maqomini mustahkamlab qo‘yish – mantiq shunday bo‘lishi kerak. Menimcha, bu to‘g‘ri mantiq emas», – deya qo‘shimcha qiladi Putin.
Bush bilan muloqotda Rossiya prezident ishonch bilan ukrainlarning 70 foizi NATOga a’zo bo‘lishga qarshi chiqishini aytadi.
Sotsiologik tadqiqotlar ma’lumotlariga ko‘ra, bu raqam haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi: 2008 yil bahorida Ukrainaning Demokratik tashabbuslar jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda qatnashganlarning aksariyati (59 foizi) haqiqatan ham NATOga qo‘shilishga qarshi chiqqan, 22 foizi qo‘llab-quvvatlagan va 19 foizi ikkilangan.
Shu bilan birga, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan keyin NATOga qo‘shilish tarafdori bo‘lgan ukrainlarning ulushi keskin oshgan. 2024 yil kuzida Ukrainaning Razumkov markazi o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, Ukraina alyansga a’zo bo‘lishini mamlakat aholisining 82 foizdan ortig‘i qo‘llab-quvvatlagan.
Shunisi e’tiborga loyiqki, 2008 yilda Bush bilan uchrashuvda Putin shunday degandi: «Biz Ukraina NATOga kirishiga qarshimiz, lekin har qanday holatda ham, keling, aholining aksariyati „ha“ deyishini kutamiz, keyin esa ularga kirishga imkon beramiz, aksincha emas».
Hozir Rossiya Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishdan bosh tortishi urushni tugatishning majburiy shartlaridan biri ekanini aytmoqda. Ukraina AQSh va g‘arbning yetakchi davlatlarining hozirgi rahbariyati uni NATOga qabul qilishga tayyor emasligini tan oladi, ammo alyansning Kollektiv mudofaa to‘g‘risidagi nizomining beshinchi moddasiga o‘xshash xavfsizlik kafolatlarini talab qiladi.
NATO va Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish Ukraina konstitutsiyasida ham belgilangan.
Bush Putinning Ukraina va Gurjistonning NATOga kirishi nomaqbulligi haqidagi bayonotlariga juda qisqa javob beradi: «Sizdagi menga yoqadigan narsalardan biri shundaki, siz bularning barchasini NATOga aytishdan qo‘rqmadingiz. Bu tahsinga sazovor. Sizni diqqat bilan tinglashdi va hech kim sizning pozitsiyangizga shubha qilmadi. Yaxshi chiqish bo‘ldi».
«Milliy xavfsizlik arxivi» 2005 yil 16 sentabrda Oq uyning Oval kabinetida bo‘lib o‘tgan Putin va Bush o‘rtasidagi yana bir suhbatning rasshifrovkasini ham e’lon qildi.
Yetakchilar asosan yadro qurolini tarqatmaslik muammolari hamda Rossiyaning Tehron va Pxenyan bilan munosabatlarini muhokama qilgan.
«Suhbat Eron va Shimoliy Koreya bo‘yicha pozitsiyalarning hayratlanarli darajada yaqinligini namoyish etadi, Putin esa o‘zini manfaatdor va qo‘llab-quvvatlovchi hamkor sifatida taqdim etadi», – deya ta’kidlaydi mualliflar.
Mavzuga oid
23:06 / 26.12.2025
Rojdestvoda o‘lim tilagi: toqatsizlik nafratga aylandi
22:56 / 25.12.2025
Zelenskiy Putinga o‘lim tilayotganiga ishora qildi va Rossiyani «xudosizlik»da aybladi
21:54 / 25.12.2025
Putin Rossiyada avtomat-odamlar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikni talab qildi
15:58 / 25.12.2025