Jahon | 07:36 / 28.07.2025
2680
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp yordam va OAV uchun xarajatlarni qisqartirish haqidagi qonunni imzoladi

Prezident Tramp AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) dasturlari va ommaviy eshittirishlar doirasida xorijiy yordam uchun ajratilgan 9 milliard dollarni budjetga qaytarish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp allaqachon tasdiqlangan budjet xarajatlari — tashqi yordam dasturlari va jamoat teleradiokompaniyalarini moliyalashtirishdan 9 milliard dollarni qisqartirish bo‘yicha qonun loyihasini imzoladi.

Ajratilgan 9 milliard dollarning qariyb 8 milliard dollari endilikda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning epidemiyalar, urushlar va tabiiy ofatlardan keyin xorijiy mamlakatlarga yordam berishga qaratilgan dasturlari hisobidan qaytariladi. Agentlik yopilgach, uning bir qator funksiyalari AQSh Davlat departamentiga o‘tkazildi.

Bundan tashqari, NPR va PBS jamoat teleradiokompaniyalarini moliyalashtirish uchun Jamoatchilik teleradiokorporatsiyasiga yuborilgan 1,1 milliard dollar qaytariladi. Bu kompaniyalar uchun ikki yillik budjetdir. Bu pulning katta qismi butun mamlakat bo‘ylab 1500 dan ortiq mahalliy jamoat radio va televideniyesi o‘rtasida taqsimlanadi.

Prezident tashabbusi bo‘lgan qonun loyihasi Tramp imzolashdan oldin Kongressda ovoz berishdan o‘tdi. Demokratlar bir ovozdan qisqartirishni rad etdi, ammo ularni to‘xtatishga ojizlik qildi, chunki respublikachilar ikkala palatada ham ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Mavzuga oid