Iqtisodiyot | 15:00 / 04.04.2017
17024
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish sur'ati yiliga o‘rtacha 9-10 foizga o‘smoqda

Bugun, 4 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida "Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar va istiqboldagi vazifalar" mavzusidagi  matbuot brifingi o‘tkazildi.

Tadbirda ishtirok etgan "Kun.uz" muxbirining xabar berishicha, unda mustaqillik yillarida oziq-ovqat sohasini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilgani, mazkur sohaga investitsiya jalb etgan holda, zamonaviy texnologiyalarni meva-sabzavot, go‘sht va sut mahsulotlarini qayta ishlash va ishlab chiqarishga joriy qilinayotgani, ishlab chiqarish texnologik bazasining yangilanishi evaziga ichki bozorni sifatli mahalliy oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash imkoniyati yaratilib, sanoatda mazkur tarmoq ulushining tobora oshishiga zamin yaratgani ta'kidlandi.

Brifingda ma'lum qilinishicha, O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish o‘sish sur'ati yiliga o‘rtacha 9-10 foizni tashkil etmoqda. Shuningdek, mahsulotning eksport hajmi ham yildan-yilga ortmoqda. Bu borada davlatimiz tomonidan muhim farmon va qarorlar, davlat dasturlari qabul qilinib, ularning ijrosi izchil ta'minlanmoqda.

So‘nggi 5 yilda  mamlakatda oziq-ovqat sohasini jadal rivojlantirish va diversifikatsiyalash uning xom ashyo bazasini kengaytirish va mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish imkonini berdi. Jumladan, meva-sabzavot va uzum mahsulotlari ishlab chiqarish 1,6 baravarga, go‘sht mahsulotlari – 1,4 baravarga, sut mahsulotlari – 1,4 baravarga oshdi.

Bugungi kunda respublikamizda 9760 dan ortiq oziq-ovqat korxonalari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Yiliga o‘rtacha 1,74 million tonna meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘lgan 270 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda, shuningdek, 479 ming tonna oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash quvvatiga ega sovutish kameralari bilan jihozlangan 994 ta zamonaviy sig‘imlar mavjud.

Mavzuga oid