Jahon | 14:22 / 06.10.2025
3241
10 daqiqa o‘qiladi

Hamas va Isroil muzokaralari, Rossiyada benzin taqchilligi va saylovlar – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Hamas va Isroil muzokaralari

Xalil al-Hayya boshchiligida Hamas rasmiylari 5 oktyabr kuni Isroil bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Qohiraga yetib keldi. AQSh esa bu muzokaralar G‘azoda janglarni to‘xtatish va garovdagilarni ozod etishiga umid qilmoqda.

Isroil muzokarachilari — strategik masalalar vaziri Ron Dermer boshchiligidagi delegatsiya ham bugun Sharm ash-Shayxga keladi.

«Hamas bu borada jiddiy yoki yo‘qligini biz juda tez bilamiz — bu texnik muzokaralarda logistik tafsilotlar bo‘yicha qanday harakat qilishiga qarab ma’lum bo‘ladi», - dedi AQSh davlat kotibi Marko Rubio yakshanba kuni.

Tramp yakshanba kuni muzokaralar «tez sur’atda rivojlanayotganini» bildirdi. «Menga aytilishicha, birinchi bosqich shu hafta yakunlanishi kerak. Men esa hammadan 'TEZ HARAKAT QILING' deb so‘rayapman», - deb yozdi u ijtimoiy tarmoqdagi postida. Birinchi bosqichda garovdagilarni ozod etish evaziga falastinlik mahbuslarni ozod qilish masalasi ko‘riladi.

Tramp avvalroq G‘azodagi janglarni tugatish, qolgan garovdagilarni ozod etish va hududning kelajagini belgilashga qaratilgan 20 bandlik rejani ilgari surgan. Isroil ham, Hamas ham rejadagi ayrim qismlarga rozilik bildirgan.

Tramp Hamasning javobini olqishlab, guruh «barqaror tinchlikka tayyor ekanini» ko‘rsatdi, dedi. Shuningdek, u Isroildan G‘azoni bombardimon qilishni darhol to‘xtatishni talab qildi, biroq hujumlar to‘xtamadi. Yakshanba kuni samolyotlar va tanklar butun sektor bo‘ylab zarbalar berib, kamida 19 kishini o‘ldirdi.

Ikki tomon ham urushdan qattiq charchagan: g‘azoliklar sulh haqidagi gaplarni xavotir va umid bilan qarshi olgan bo‘lsa, Netanyahu bosim ostida qolmoqda. Garovdagi oilalar va urushdan charchagan jamoatchilik bir tomondan, yana bir tomondan esa G‘azodagi urushni davom ettirishni talab qilayotgan koalitsiyadagi siyosatchilar bosim bermoqda. Xususan, Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir G‘azodagi urush tugasa, Netanyahu hukumatini ag‘darish bilan tahdid qilmoqda.

Rossiya–Ukraina urushi

Rossiya qo‘shini 5 oktyabrga o‘tar kechasi Ukraina bo‘ylab navbatdagi marta yopirilma hujumini amalga oshirdi. Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi 50 dan ortiq raketa va 500 ga yaqin drondan foydalangan. Jami to‘qqiz oblast – Lviv, Ivano-Frankovsk, Zaporijjya, Chernihiv, Sumi, Xarkiv, Xerson, Odessa va Kirovograd zarbalar ostida qolgan.

«Bugun rossiyaliklar yana bizning infratuzilmamizga, odamlar uchun normal hayotni ta’minlaydigan hamma narsaga zarba berishdi. Bu havo terrorini ma’nosiz qilish uchun ko‘proq himoya, barcha mudofaa kelishuvlarini, ayniqsa havo hujumidan mudofaa bo‘yicha kelishuvlarni tezroq amalga oshirish kerak. Amerika va Yevropa Putinni to‘xtatish uchun harakat qilishi kerak», – deb yozdi Ukraina prezidenti.

Lviv oblastida Rossiya hujumi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lib, yana to‘rt kishi yaralangan. Zaporijjya oblastida esa 69 yoshli ayol halok bo‘lib, yana 10 kishi jarohatlangan.

Shundan bir kun o‘tib, Ukraina qurolli kuchlari bir vaqtning o‘zida Rossiyaning bir nechta hududlariga hujum uyushtirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda neft bazasidagi portlashlar va issiqlik elektr stansiyasidagi yong‘in haqida xabarlar bor, rasmiylar Tambov, Yaroslavl, Kaluga, Krasnodar, Sochi va Gelenjik aeroportlarida cheklovlar haqida e’lon qilgan.

Ukraina uchuvchisiz uchoqlarining urib tushirilgani va Rossiyaning turli shaharlarida havo hududi yopilgani haqidagi xabarlar 5 oktyabr kuni kechqurun tarqaldi. Portlovchi moddalar zavodi joylashgan Dzerjinsk va Nijniy Novgorod osmonida 10 dan ortiq portlash ovozi eshitildi, deb xabar berdi mahalliy OAV. Ukraina asosan neft omborlari va issiq elektr stansiyasiga zarba bergani aytilmoqda.

Ukraina dronlari hujumi oqibatida Rossiyada benzin taqchilligi kuchaymoqda. Xususan, so‘nggi oylarda Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlari quvvatining qariyb 40 foizi ishdan chiqqan. Ayrim hududlarda bir kishiga 30 litrdan ortiq benzin sotilmayapti. 20 dan ortiq regionda taqchillik yuzaga kelgan.

Bitcoin yangi rekord o‘rnatdi

Bitcoin yakshanba kuni avgust o‘rtalaridan beri ilk bor yangi rekord darajaga chiqdi. Bloombergʼning yozishicha, bu AQSh hukumati faoliyatining to‘xtashi bilan bog‘liq.

Xususan, eng yirik kriptovaluta o‘tgan hafta oxirida 125 ming 689 dollar darajasiga ko‘tarildi.

«Bu o‘sish AQShdagi hukumat yopilishi bilan bog‘liq bo‘lib, bu jarayon investorlarda — xavfsiz deb qaraladigan aktivlarga talabni oshirdi. Hukumat yopilgani sababli AQSh Mehnat statistikasi byurosi juma kuni nofaol sektor bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qilmadi. Shu orada oltin narxi ham 3,9 mingdan oshib, ketma-ket bir necha oylik o‘sishdan so‘ng yana yangi rekord o‘rnatdi. Bitcoin esa kriptovalutalar orasida yetakchilik qildi», deyiladi Bloomberg izohida.

Tahlilchilarga ko‘ra, hozirda uning narxi 135 ming dollar darajasiga chiqishi kutilmoqda. Agar hozirgi o‘sish impulsi saqlansa, 150 ming dollar bo‘lishi ham mumkin. Ammo keskin teskari harakatlar beqarorlikni kuchaytirishi mumkin. Bitcoin'dan boshqa raqamli aktivlarda esa katta o‘sish kuzatilmagan.

Suriyada saylovlar

Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan keyin Suriyada o‘tkazilgan birinchi parlament saylovlari yakuni bo‘yicha ovozlarni sanash jarayoni boshlandi.

«Siyosiy assambleya (Xalq majlisi) saylovlari bo‘yicha oliy qo‘mita matbuot kotibi Navor Najmehning aytishicha, barcha viloyatlarda saylov uchastkalari yopilgach, ovozlar sanalyapti», - deb xabar berdi Suriya Arab axborot agentligi.

Yakshanba kuni suriyalik saylovchilar Xalq majlisi o‘rinlarining uchdan ikki qismini saylash uchun ovoz berdi — bu Asad hokimiyatdan chetlatilganidan buyon o‘tkazilgan ilk ovoz berish jarayoni bo‘ldi.

Umuman olganda, 1 578 nafar nomzod 210 ta o‘rin uchun kurashdi, ulardan 14 foizini ayollar tashkil etdi. Majlisdagi uchdan bir o‘rin prezident tomonidan bevosita tayinlanadi, qolgan uchdan ikki qismi esa har bir okrugdagi maxsus «saylov organlari» orqali saylanadi.

Diplomatik missiyalar vakillari va akkreditatsiyadan o‘tgan elchilar saylovlarni kuzatish uchun Milliy kutubxona markaziga keldi. Saylov paytida prezident Ahmad ash-Shar’a Damashqdagi Milliy kutubxona markazida bo‘ldi.

«Har bir suriyalik yangi mamlakat qurilishida o‘z rolini o‘ynashi kerak», - dedi Shar’a. Yakuniy natijalar 6-7 oktyabr kunlari e’lon qilinishi kutilmoqda.

Tramp Netanyahuni haqorat qildi

Axios nashrining yozishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasi atrofidagi voqealar muvaffaqiyatli rivojlanayotganiga ishontirish uchun beadab iboralardan foydalangan.

Nashrga ko‘ra, 3 oktyabr kuni Hamasdan ijobiy javob olgan Tramp xursand bo‘lib Netanyahuga telefon qilgan. Isroil bosh vaziri esa Hamas javobini ijobiy baholashga moyil bo‘lmagan.

«Bibi bayram qilishning hojati yo‘qligini aytdi, bu (Hamas javobi) hech narsani anglatmasligini ta’kidladi», deb Axios o‘z suhbatdoshi so‘zlaridan iqtibos keltirdi. Bu esa Trampni g‘azablantirdi. «Bilmadim, nega sen doim shunaqa yaramas negativchisan. Bu g‘alaba, uni qabul qil», degan AQSh prezidenti.

Axios ekspertlarining fikricha, ushbu tortishuv AQSh prezidenti o‘z rejasiga qanchalik jiddiy yondashishi va unga katta umid bog‘lashini ko‘rsatadi.

Gurjistonda prezident saroyiga hujum

4 oktyabr kuni Gurjistonda mahalliy saylovlar bo‘lib o‘tdi. Ovozlar sanab chiqilgandan so‘ng, «Gurjiston orzusi» barcha munitsipalitetlarda g‘alaba qozonganini e’lon qildi. Aksariyat muxolifat partiyalari saylovlarni boykot qilib, «hukumatni tinch yo‘l bilan ag‘darish» shiori ostida miting o‘tkazishga chaqirdi. Biroq namoyishning o‘zida ayrim tashkilotchilar odamlarni prezident saroyiga bostirib kirishga chaqirib, politsiya bilan to‘qnashuvga sabab bo‘ldi.

Bir necha namoyish yetakchilari allaqachon hibsga olingan. Saylov natijalari muxolifatning to‘qnashuvga chaqiruvi bilan bir qatorda, norozilar safini yanada bo‘lib yuborishi va noroziliklarning ruhiyatini pasaytirishi, yangi hibsga olishlar to‘lqiniga olib kelishi mumkin.

Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ovozlarning 75 foizi sanab bo‘lingandan keyin «Gurjiston orzusi» 81 foiz ovoz bilan yetakchilik qilmoqda.

Saylovda ishtirok etish rekord darajada past bo‘ldi. Markaziy saylov komissiyasi (MSK) ma’lumotlariga ko‘ra, saylovda 1,5 millionga yaqin saylovchi ishtirok etgan, bu umumiy saylovchilarning 40 foizdan ko‘prog‘ini tashkil etadi.

Biroq kuzatuvchilar tomonidan keng tarqalgan qonunbuzarliklar haqida xabar berilmagan. Saylovlar YeXHT xalqaro kuzatuvchilari ishtirokisiz o‘tkazildi, chunki Gurjiston rasmiylaridan taklif juda kech kelgan. Ovoz berishni kuzatish uchun mahalliy nodavlat tashkilotlar ham yo‘q edi. Saylov arafasida rasmiylar ko‘plab xorijiy jurnalistlarga kirishga ruxsat bermadi.

Mavzuga oid