17:15 / 17.03.2022
7402

Shermatov TikTok bilan muzokara o‘tkazishi fonida bir nechta tarmoq vaqtincha VPN'siz ishladi

16 mart kuni vazir Sherzod Shermatov boshliq O‘zbekiston rasmiylari TikTok vakillari bilan muzokara o‘tkazdi. Buning fonida TikTok va Twitter O‘zbekiston hududida ma’lum vaqt VPN'siz ishlab, so‘ng yana bloklandi. Blokirovkaga oid qonunchilikka tarmoqlarni butkul yopib qo‘yishdan tashqari, ularning tezligini pasaytirishga oid norma qo‘shilishi kutilmoqda.

Foto: AKT vazirligi matbuot xizmati

Kecha, 16 mart kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov TikTok kompaniyasi vitse-prezidenti Teo Bertram bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda “O‘zkomnazorat” va Davlat personallashtirish markazi mas’ullari ham qatnashgan. Vazirlik axborotida TikTok vakillari O‘zbekistonda yirik loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirgani aytiladi.

“Uchrashuv davomida O‘zbekistonda platformadan foydalanuvchilarning xavfsizligini ta’minlash hamda O‘zbekiston qonunchiligi talablarini bajarish masalalari ham muhokama qilindi.

Kompaniya vakillari platforma orqali tarqaladigan har xil O‘zbekiston qonunlariga zid materiallar tarqalishining oldini olish bo‘yicha hamkorlikda ishlashga tayyor ekanligini bildirishdi”, – deyiladi xabarda.

Foto: AKT vazirligi matbuot xizmati

Qo‘shimcha qilinishicha, vazirlik TikTok kompaniyasiga O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochish bo‘yicha taklif bergan.

Mazkur uchrashuv fonida, 16 mart kuni bir necha soat davomida O‘zbekistonda Twitter va TikTok VPN'siz ishlay boshladi. 2021 yil yozda bloklangan platformalarning asosiy sahifasi garchi muammolar bilan bo‘lsa-da to‘siqsiz ochildi. Lekin kechaning o‘zida bu platformalarga kirish yana cheklandi.

Eslatib o‘tamiz, dekabr oyida Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov ham TikTok rasmiylari bilan muzokara o‘tkazganidan keyin ham TikTok ma’lum vaqt VPN'siz ishlab ketgandi.

2021 yil oktyabrda e’lon qilingan qonun loyihasida, internet platformalar faoliyatini bloklash bilan birga, ularning tezligini kamaytirishga oid norma ham qo‘shilgan. Loyiha parlamentga kiritilgan-kiritilmagani haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

O‘zbekistonda 2021 yil 16 apreldan kuchga kirgan qonunga binoan, internet platformalar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga doir ma’lumotlarni jismonan O‘zbekiston hududida joylashgan texnik vositalarda saqlashi talab qilinmoqda.

Shu talab bajarilmagani vajidan 2 iyuldan boshlab TikTok, Twitter, Skype, WeChat va Vkontakte tarmoqlariga cheklov qo‘yilgan.

4 noyabr kuni Telegram, Facebook, Instagram va YouTube ham bloklangan, biroq davlat rahbarining aralashuvi bilan blok darhol yechilib, qator mulozimlar ishdan olingandi.

O‘tgan oyda Kun.uz'ga intervyu bergan AKT vaziri Sherzod Shermatov gap serverlarda emasligini aytib, platformalarga qo‘yilayotgan asosiy talab – O‘zbekiston rasmiylari bilan “hamkorlik qilish” ekanini aytgandi.

2022 yilgi davlat dasturida, yil oxirigacha O‘zbekistonda milliy ijtimoiy tarmoq va messenjerlar yaratilishi belgilangan, bu tarmoqlarga soliq imtiyozlari berilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid
Top