AQSh Senati TikTok’ni taqiqlash yoki sotish bo‘yicha qonun loyihasini ma’qulladi
AQSh Kongressining yuqori palatasi tomonidan qabul qilingan qonun loyihasi TikTok’ning xitoylik egasiga ijtimoiy tarmoqni boshqa mulkdorga o‘tkazish majburiyatini yuklaydi.
AQSh Senati 23 aprel, seshanba kuni TikTok ijtimoiy tarmog‘i egasi – Xitoyning ByteDance konserniga uni boshqa mulkdorga o‘tkazish majburiyatini yuklovchi qonun loyihasini qabul qildi. Xitoy tomoniga TikTok’ni XXR yurisdiksiyasiga kirmaydigan kompaniyaga sotish taklif qilinmoqda. Agar bu bir yil ichida amalga oshmasa, ilova Qo‘shma Shtatlarda taqiqlanishi mumkin. Ikki kun oldin ushbu loyiha AQSh Kongressining quyi palatasi tomonidan ma’qullangan edi.
TikTok’ning ehtimoliy taqiqlanishi Qo‘shma Shtatlar milliy xavfsizligiga tahdid bilan bog‘liq. AQShdagi tanqidchilar ijtimoiy tarmoqni Xitoy hukumatiga yaqinlikda va foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlaridan noqonuniy foydalanganlikda ayblamoqda. TikTok rahbariyati barcha ayblovlarni rad etadi. AQShda ijtimoiy tarmoqdan 170 million kishi foydalanadi, bu mamlakat aholisining qariyb yarmini tashkil qiladi.
AQSh Senati razvedka qo‘mitasi rahbari Mark Uornerning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq mamlakatda faqat AQSh, Britaniya, Kanada, Braziliya yoki Fransiya vakillari bo‘lishi mumkin bo‘lgan yangi egalari nazorati ostida o‘z faoliyatini davom ettirishi mumkin.
Prezident Jo Bayden allaqachon yangi qonunni imzolashga tayyorligini ma’lum qilgan. TikTok egalari qonunga sud orqali e’tiroz bildirmoqchi. Ular AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan birinchi tuzatish buzilishi ustidan shikoyat qilib, agar TikTok taqiqlanadigan bo‘lsa, amerikaliklar o‘z fikrini erkin ifodalash uchun platformaga kirish huquqidan mahrum etilishini ta’kidladi.
Mavzuga oid
16:53
Tramp Kennedi o‘ldirilishi haqidagi hujjatlarni oshkor etishga va’da berdi
00:12
TikTok AQShdagi faoliyatini qayta tiklashga qaror qildi
23:30 / 19.01.2025
AQSh Yevropaga modifikatsiya qilingan yadroviy aviabombalarini joylashtirdi
15:15 / 19.01.2025