Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Namanganda ko‘mir ombori rahbari lavozimiga tayinlash uchun 40 ming talab qilgan shaxslar ushlandi
Namangan viloyatida “Ko‘mir ta’minot” MChJ viloyat filiali boshlig‘i o‘rinbosari ko‘mir ombori rahbari lavozimiga tayinlash va ko‘mir vagonlari sonini oshirib berish bahonasida fuqarodan 40 ming AQSh dollari talab qilgan. U vositachi orqali pulni olgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlandi.
Foto: Videodan kadr
«Ko‘mir ta’minot»ning Namangan viloyat filiali boshlig‘i o‘rinbosari va xodimi korrupsiyada gumonlanib qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati.
Qayd etilishicha, muqaddam sudlangan mansabdor o‘zining yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaroni viloyatdagi tumanlardan birining ko‘mir ombori rahbari lavozimiga tayinlash hamda omborga keluvchi ko‘mir ortilgan yuk vagonlari sonini ko‘paytirib berish evaziga 40 ming dollar talab qilgan.
6 dekabr kuni u so‘ralgan pul mablag‘idan 25 ming dollarni filial ishchisi orqali olgan, shundan so‘ng fuqaro ombor mudiri lavozimiga tayinlangan.
Keyinroq filial boshlig‘i o‘rinbosari qolgan 15 ming dollar hamda omborga ko‘mir ortilgan 30 ta vagon yuborgani uchun ulush sifatida 7500 dollar, jami 22 500 dollar berishini talab qilgan.
O‘zining vositachisi bo‘lgan filial ishchisi orqali ushbu pul mablag‘ini olgan vaqtida DXX hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ular qo‘lga olindi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 211-moddasi 3-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
DXX qayd etishicha, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida aholiga ko‘mir mahsulotlarini o‘z vaqtida va imtiyozli narxlarda yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yildi.