Onlayn kassa mashinasidan foydalanish majburiy bo‘ladi. Interneti yo‘q hududlar aholisi nima qiladi?
Internet aloqasi bo‘lmagan chekka hududlar ro‘yxati shakllantiriladi. Prezident farmoniga muvofiq, u yerlar aholisiga onlayn nazorat kassa mashinalaridan foydalanish majburiy hisoblanmaydi.
Davlat Soliq qo‘mitasi departamenti direktori Hayotjon Nasrulloyev 20 yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida respublikada onlayn nazorat kassa mashinalarini joriy etish va ulardan foydalanish tartibi haqida ma'lumot berdi.
Kun.uz muxbirining xabar qilishicha, mazkur uskunalardan foydalanish majburiy bo‘ladi, ammo interneti yo‘q hududlar uchun alohida ro‘yxat tuziladi.
«Hammaga yaxshi ma'lum, chekka hududlarda internet aloqasi va elektr ta'minotidagi uzilishlar yuzaga kelishi mumkin. Ushbu holatlarda chek berilishi qanday bo‘ladi, degan savol barchani qiziqtiradi.
Onlayn nazorat kassa mashinalarini chekka hududlarda joriy etish masalasida prezidentimizning 2019 yil 19 sentyabrdagi farmonlarida to‘rtta bosqichdan iborat grafik belgilangan.
Hozir biz uchinchi bosqichdamiz. Birinchi bosqichda tizimga alkogol, tamaki mahsulotlari, gaz va benzin sotuvchilari o‘tgan.
Ikkinchi bosqichda yillik savdo aylanma mablag‘lari 5 milliard so‘mdan yuqorilar o‘tgan edi.
Uchinchi bosqichimizda 2021 yil 1 yanvardan savdo aylanmasi 100 million so‘mdan yuqori bo‘lgan tadbirkorlik subektlari o‘tishi belgilangan. Ya'ni, ular tizimga 2021 yil davomida o‘tishadi.
2022 yildan boshlab respublikaning barcha pullik xizmat ko‘rsatuvchi yoki pullik savdo qiluvchi tashkilotlari onlayn nazorat kassa mashinalaridan foydalanish tartibiga o‘tadi.
Agar o‘sha hududlarda internet aloqasi yo‘q bo‘lsa, prezident farmonida ko‘rsatib o‘tilganki, bu hududlarning ro‘yxati Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari vazirligi tomonidan taqdim etiladi.
Aynan shu vazirlik tomonidan taqdim etilgan hududlarda bunday kassa mashinalaridan foydalanish majburiy hisoblanmaydi.
Boshqa hududlarda internet aloqasi ma'lum bir vaqtda uzilib qoladigan bo‘lsa yoki elektr tarmog‘ida uzilishlar bo‘lsa yangi kassa mashinalarida batareya, akkumulyatorlar bor. Mazkur uskunalar internet tarmog‘i bo‘lmagan taqdirda ham oflayn rejimda, ya'ni alohida o‘zi mustaqil ishlay oladi. Cheklarni bemalol bera oladi.
Internet tarmog‘i yana qayta tiklanganidan so‘ng bu ma'lumotlar avtomatik ravishda Davlat Soliq qo‘mitasi serverlari bilan sinxronlashadi, ya'ni ma'lumotlarning qo‘mitaga avtomatik tarzda uzatilishi yo‘lga qo‘yilgan», – dedi qo‘mita rasmiysi.
Avvalroq, Hayotjon Nasrulloyev onlayn nazorat kassa mashinalarini joriy etish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar va tizimdagi qulayliklar yuzasidan ma'lumot bergandi.
Unda mutaxassis mazkur zamonaviy uskunalar iste'molchilar huquqlarini himoya qilishda, ma'lumotlar almashinuvi hamda soliqlarni hisoblash bazasini to‘g‘ri aniqlashda yordam berishini aytgan.
Ma'lumot uchun, tadbirkorlik sub'yektlari davlat reyestriga kiritilgan 13 turdagi onlayn nazorat kassa mashinasi va 11 turdagi virtual kassa dasturiy mahsulotlaridan ixtiyoriy tanlov asosida foydalanishlari mumkin. Joriy yilda savdo aylanmasi 100 million so‘mdan yuqori bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari ushbu kassa mashinalaridan foydalanishi majburiy bo‘ladi.
Mavzuga oid
18:59 / 23.09.2021
Onlayn nazorat kassa mashinalariga oid tartib o‘zgarmoqda, tadbirkorlar ortiqcha to‘lovlardan qutulishi mumkin
21:19 / 07.07.2021
Jismoniy shaxslar YaTT sifatida taksichilik qilganda qancha soliq to‘laydi?
10:06 / 02.07.2021
130ta davlat xalqaro soliq tizimi kiritilishini ma'qulladi
11:27 / 27.06.2021