Jahon | 16:19 / 20.05.2026
1901
9 daqiqa o‘qiladi

Putin Xitoyga keldi, Ebola tarqalishi ko‘paydi, AQSh Yevropadagi harbiylarini qisqartiradi – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Putin Xitoyga keldi

20 may kuni ertalab Si Jinping Pekindagi Xalq yig‘inlari zalida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni yuksak ehtirom va dabdaba bilan kutib oldi. Uchrashuv Xitoy yetakchisi xuddi shu joyda Donald Trampni qabul qilganidan bir necha kun o‘tib, deyarli bir xil formatda yuz berdi.

Si va Putin o‘rtasidagi muzokaralar dastlab nozik masalalarni muhokama qilish uchun «tor doiradagi uchrashuv» bilan boshlandi. So‘ngra har ikki yetakchi o‘z delegatsiyalari bilan «keng doiradagi uchrashuv» o‘tkazdi.

Xitoy OAVlariga ko‘ra, Si Jinping o‘zining kirish so‘zida ikki davlat — milliy taraqqiyot va qayta tiklanish borasida bir-biriga yordam berishi kerakligini aytdi. Shuningdek, Si dunyo yana «changalzor qonunlari»ga qaytish xavfi ostida ekanini qo‘shimcha qildi.

Putin esa o‘z nutqida Yaqin Sharqdagi inqiroz sharoitida Moskva «ishonchli energiya yetkazib beruvchi» bo‘lib qolayotganini ta’kidlagan va Sini kelgusi yili Rossiyaga taklif qildi.

Si Yaqin Sharqda harbiy harakatlarning yanada avj oldirilishi «maqsadga muvofiq emasligini» va «har tomonlama o‘t ochishni to‘xtatish dolzarb ahamiyatga ega» ekanini aytdi.

Uchrashuvlar davom etmoqda. Ukrainadagi urush xarajatlari ortib borayotgani va sanksiyalardan jabr ko‘rayotgan iqtisodiyoti tufayli o‘zaro savdo va investitsiyalar Putin kun tartibidagi eng muhim masalalar bo‘ladi.

Ebola tarqalishi ko‘paymoqda

Kongo sharqida so‘nggi 24 soat ichida Ebola virusidan vafot etishda gumon qilingan yana 26 ta holat qayd etildi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari epidemiya tarqalishidan chuqur xavotir bildirmoqda.

Yangi o‘lim holatlari Kongoda epidemiya bilan bog‘liq qurbonlar sonini 131 nafarga yetkazdi. Sog‘liqni saqlash rasmiylariga ko‘ra, mamlakatda 543 ta gumon qilingan va 33 ta tasdiqlangan holat qayd etilgan. Qo‘shni Ugandada esa 2 ta holat tasdiqlangan.

Epidemiya ekspertlarni xavotirga solmoqda. Chunki virus yomon sharoitdagi hududlarda bir necha hafta davomida aniqlanmasdan tarqalishga ulgurgan. Ekspertlarning fikricha, epidemiyani aniqlashdagi kechikishlar — yirik donorlar global sog‘liqni saqlashni moliyalashtirishni qisqartirgach sohadagi bo‘shliqlarni ko‘rsatgan.

AQSh davlat kotibi Marko Rubio jurnalistlarga Eboladagi vaziyatdan xavotirda ekanini va AQSh mablag‘lari 50 ta klinika ochishga yordam berishini aytdi. Kongoda bir nafar amerikalikda ham virus aniqlangan.

JSST boshchiligidagi ekspertlar guruhi seshanba kuni epidemiyaga qarshi kurashishda yordam berishi mumkin bo‘lgan vaksina variantlarini muhokama qildi. JSST vakili so‘zlariga ko‘ra, Ervebo vaksinasi nomzodlardan biri hisoblanadi, biroq uning tayyor bo‘lishi uchun ikki oy vaqt kerak bo‘ladi.

Smotrichni hibsga olishga order berilishi mumkin

Isroilning o‘ta o‘ng radikal moliya vaziri Betsalel Smotrich seshanba kuni unga nisbatan Xalqaro jinoiy sud prokurori maxfiy hibsga olish orderini talab qilganini aytdi. Smotrich bunga javoban Falastin muxtoriyatiga qarshi «urush» ochish bilan tahdid qildi.

Smotrich unga ushbu order haqida kim xabar berganiga aniqlik kiritmadi, chunki orderlarni talab qilish jarayoni maxfiy hisoblanadi. Shuningdek, u xalqaro sudning bunday qarorga kelish sabablarini ham ochiqlamadi.

Smotrich bunga javoban bosib olingan G‘arbiy sohildagi falastinliklarning Xon al-Ahmar qishlog‘ini majburiy ko‘chirish to‘g‘risida buyruq bergan. Falastinning yuqori martabali rasmiysi Vosil Abu Yusuf Reuters’ga bu evakuatsiya qarori «juda xavfli» ekanini va navbatdagi jinoyatlarning oldini olish uchun qat’iy xalqaro pozitsiya zarurligini ta’kidladi.

XJS prokuraturasi jarayonning maxfiyligini vaj qilib, ushbu holatga izoh berishdan bosh tortdi.

Yahudiy turar joylarini kengaytirish tarafdori va Falastin davlatchiligiga qarshi pozitsiyasini yashirmaydigan Smotrich «sanksiyalar va hibsga olish orderlari orqali muvaffaqiyat qozonilmasligi»ni aytgan.

Isroil ushbu sudning a’zosi emas va uning yurisdiksiyasini tan olmaydi, biroq Falastin hududlari 2015 yilda XJSga a’zo davlat sifatida qabul qilingan.

XJS 2024 yil noyabr oyida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va uning sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni ham G‘azodagi harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblab, hibsga olishga order bergandi.

Bundan tashqari, Buyuk Britaniya va yana 4 davlat o‘tgan yili Smotrich hamda Isroilning yana bir radikal vaziri Itamar Ben-Gvirga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan. Ular G‘arbiy sohilda falastinliklarga qarshi zo‘ravonlikni qayta-qayta qo‘zg‘atganlikda ayblanmoqda.

AQSh Yevropadagi harbiylari sonini qisqartirmoqda

Pentagon matbuot kotibi Shon Parnel AQSh Yevropa qit’asidagi brigada jangovar guruhlari sonini qisqartirayotganini ma’lum qildi. Bitta «brigada jangovar guruhi» — 4 000 dan 4 700 gacha harbiy xizmatchini o‘z ichiga oladi.

Ushbu qisqartirish qit’ada joylashtirilgan AQSh askarlari sonini 2021 yilgi darajaga qaytaradi.

Yevropada doimiy joylashgan AQSh harbiylari soni 70 ming kishini tashkil qiladi. Ukrainadagi urush va almashinib turishlar fonida harbiy soni 80-100 minggacha ko‘paytirilgan edi.

Shuningdek, Pentagon rasmiysi AQSh qo‘shinlarining Polshaga joylashtirilishi kechiktirilganini tasdiqladi. Ushbu «vaqtincha kechikish» Yevropadagi qisqartirilish natijasi ekani aytildi.

Bundan tashqari, oy boshida Pentagon Germaniyadan 5 000 nafar askarini olib chiqib ketishini e’lon qilgan edi. Bu qadam Tramp va Fridrix Mers o‘rtasidagi ochiq dahanaki jangdan so‘ng yuz berdi.

Tramp Oq uyga qaytganidan beri Yevropa davlatlari qit’a xavfsizligi uchun javobgarlikni ko‘proq o‘z zimmalariga olishi kerakligini aytib kelmoqda.

Xitoyda kuchli yomg‘irlar

Seshanba kuni Xitoyning janubiy va markaziy hududlarida kuchli jala yog‘ishi oqibatida keng ko‘lamli suv toshqinlari yuz berdi. Rasmiylarga ko‘ra, ofatda kamida 21 kishi halok bo‘lgan, shuningdek, maktablar va korxonalar yopilgan, transport hamda elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga kelgan.

Xitoy ob-havo agentligi 8 ta provinsiyada yomg‘ir bilan bog‘liq ofatlar: ko‘chkilar, to‘satdan yuz beradigan suv toshqinlari hamda jiddiy suv bosishlari xavfi yuqori ekanini bildirdi.

Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun 22 million dollar ajratilgan, hududlarda favqulodda choralar ko‘rish boshlandi.

Tarmoqlardagi videolarda Xubey provinsiyasining markaziy qismida ko‘plab aholi tizzagacha suv kechib yurgani, ba’zi avtomobillar deyarli butunlay suv ostida qolgani ko‘rinadi.

Xitoylik meteorologlarga ko‘ra, 1 000 kilometrdan ortiq maydonni qamrab olgan g‘ayrioddiy darajadagi shiddatli jala yog‘ishi — Bengal ko‘rfazi, Janubiy Xitoy dengizi va Tinch okeanidan kelgan mo‘l-ko‘l namlikning to‘qnashuvi natijasidir.

Noqulay ob-havo sharoiti yaqin ikki kun ichida asta-sekin sharq va janubga qarab siljishi kutilmoqda.

Ko‘rfazdan ijobiy signallar

Chorshanba kuni neft ortilgan Xitoyning ikki tankeri Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan chiqib ketdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, shu oyda Ko‘rfazdan chiqqan Iroq neftini tashiydigan Xitoyning ikki kemasi tor bo‘g‘oz orqali qariyb 4 million barrel xom neft olib o‘tgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp ham seshanba kuni urush «juda tez» yakunlanishini aytdi, vitse-prezident J.D. Venc esa Tehron bilan olib borilayotgan muzokaralardagi siljishlarni yuqori baholadi. «Biz ancha yaxshi vaziyatdamiz», dedi Vens Oq uydagi brifingida.

Oq uy va Ko‘rfazdan kelgan ijobiy signallar fonida neft narxi biroz pasaydi.

«AQSh pozitsiyasi har kuni o‘zgarib borayotgan bir paytda, investorlar Vashington va Tehron haqiqatda umumiy til topib, tinchlik kelishuviga erisha oladimi-yo‘qmi, shuni aniqlashga harakat qilmoqda», deydi tahlilchilar. 

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid