Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroilning «obro‘sini to‘kkan» Ben-Gvir va Eronni kutishga tayyor Tramp – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Isroil flotiliya a’zolarining huquqlarini buzmoqda
Isroil politsiyasi G‘azoga humanitar yordam olib ketayotgan flotiliya bortidagi faollarni tizzalab, qo‘llarini orqasiga bog‘lagan holda qator qilib o‘tirishga majbur qildi.
Seshanba kuni xalqaro suvlarda to‘xtatilgan flotiliya faollari qo‘lga olingan va keyinchalik Isroil portiga olib kelingandi. Qo‘lga olingan 430 nafar faol 40 dan ortiq davlatning fuqarolari hisoblanadi.
Politsiya ularni hibsga olgach, Isroilning Milliy xavfsizlik vaziri, o‘ta o‘ng radikal Itamar Ben-Gvir ijtimoiy tarmoqqa video joylashtirdi. Videoda politsiya xodimlari «Ozod Falastin!» deb hayqirgan ayol faolni yerga yiqitishga majburlayotgani aks etgan.
Videoda, shuningdek, portning ochiq maydonida yuzlab faollar qo‘llari plastik qisqichlar bilan bog‘langan holda, qator bo‘lib tizzalab o‘tirgani ko‘rinadi. Orqa fonda qurollangan askarlar hududni nazorat qilib yuribdi.
«Bular bu yerga katta qahramon bo‘lib kelgandi. Endi ularga qarang. Ularning hozirgi ahvolini ko‘ring — na qahramon va na boshqa narsa», degan Ben-Gvir.
Ben-Gvirning bu pozitsiyasi Isroil koalitsion hukumatida ham kuchli e’tirozga sabab bo‘ldi. Tashqi ishlar vaziri Gideon Tsaar ushbu video tufayli Ben-Gvirni Isroilga zarar yetkazishda aybladi. Bosh vazir Binyamin Netanyahu flotiliyani to‘xtatish huquqini himoya qildi, biroq Ben-Gvirning faollarga bo‘lgan munosabati «Isroil qadriyatlari va me’yorlariga to‘g‘ri kelmasligini» aytdi.
Netanyahu faollarni imkon qadar tezroq mamlakatdan deportatsiya qilish bo‘yicha ko‘rsatma berganini bildirdi.
Italiya bosh vaziri Jorjia Meloni flotiliya faollariga nisbatan xatti-harakatni «mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat» deb atadi. U keskin bayonotida, Italiya Isroildan uzr so‘rashini kutayotganini bildirdi.
Janubiy Koreya prezidenti Li Jye Myun Isroilning harakatlarini «barcha chegaralardan chiqish» deb baholadi. «Hibsga olishning huquqiy asosi nima? Bu Isroilning hududiy suvlarimi?» deya savol qo‘ydi Li.
Turkiya ham faollarga nisbatan sodir etilgan shafqatsiz munosabatni qoraladi va fuqarolarini ozod qilish borasida ishlar olib borilayotganini aytdi.
Fransiya, Kanada, Ispaniya, Portugaliya va Niderlandiya G‘azo flotiliyasi a’zolariga bo‘lgan munosabat sababli o‘z mamlakatlaridagi Isroil elchilarini chaqirtirdi.
Tramp kutishga tayyor, Eron esa hujumlarga
Payshanba kuni Eron Vashingtonning urushni yakunlash bo‘yicha so‘nggi pozitsiyasini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.
«Biz AQShning nuqtai nazarini qabul qilib oldik va ularni ko‘rib chiqyapmiz», degan Eron tashqi ishlar vazirligi so‘zchisi Ismoil Baqoiy. Uning qo‘shimcha qilishicha, Pokiston Tehron va Vashington o‘rtasida vositachilik missiyasini davom ettirmoqda hamda hozirgacha bir necha bosqichli muloqotlar bo‘lib o‘tgan. Chorshanba kuni Pokiston ichki ishlar vaziri Tehronda bo‘lgandi.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Tehrondan «to‘g‘ri javoblar» olish uchun bir necha kun kutishga tayyorligini bildirgandi.
«Menga ishonavering, agar biz to‘g‘ri javob olmasak, hammasi juda tez sodir bo‘ladi. Biz hammamiz harakatga tayyormiz», dedi Tramp Endryus qo‘shma harbiy bazasida jurnalistlarga. Qancha vaqt kutishi haqidagi savolga Tramp: «Bu bir necha kun bo‘lishi mumkin, lekin hammasi juda tez hal bo‘lib ketishi ham hech gap emas», deb javob berdi.
Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi esa hujumlar qaytalanishidan ogohlantirdi. Bayonotda: «Agar Eronga qarshi tajovuz takrorlansa, va’da qilingan mintaqaviy urush bu safar mintaqa chegaralaridan ham tashqariga chiqadi», deyiladi.
Eron shu haftada AQShga o‘zining so‘nggi taklifini taqdim etdi. Tehronning tavsiflariga ko‘ra, bu taklif asosan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini nazorat qilish, urush yetkazgan zararni qoplash, sanksiyalarni bekor qilish, muzlatilgan aktivlarni qaytarish va AQSh qo‘shinlarini olib chiqib ketish kabi talablarini o‘z ichiga oladi.
Rossiya–Xitoy gaz quvuri bo‘yicha kelisholmadi
Chorshanba kuni Pekinda o‘tkazilgan sammitda Xitoy va Rossiya yetakchilari AQSh prezidentining ayrim harakatlarini qoraladi. Ushbu voqea Xitoy rahbari Trampni Pekinda qabul qilganidan bir hafta o‘tib yuz bermoqda.
Si Jinping va Vladimir Putin imzolagan qo‘shma bayonotda aytilishicha, Trampning yer va koinotga asoslangan raketalarni tutib qolish tizimi rejasi global strategik barqarorlikka tahdid soladi. Shuningdek, hujjatda Vashington yadroviy arsenallarini cheklovchi shartnomaning amal qilish muddatini uzaytirmagani uchun tanqid qilingan.
Ammo global xavfsizlik masalalarida bir ovozdan gapirgan bo‘lsa-da, ikki davlat yetakchisi Moskvaning ancha vaqtdan beri intilayotgan yutug‘iga erisha olmadi. Ya’ni Rossiyadan Xitoyga sotiladigan tabiiy gaz hajmini ikki barobardan ziyod oshirish imkonini beruvchi yangi gaz quvuri bo‘yicha shartnoma imzolanmadi.
Putinning 2025 yil sentabrdagi tashrifida Rossiyadan Mo‘g‘uliston orqali Xitoyga yiliga 50 milliard kub metr gaz yetkazib beradigan 2600 kilometrlik loyiha haqida gap ketgandi.
Xitoy bu loyiha haqida jamoatchilikka juda kam narsa oshkor qilgan. Xususan, chorshanba kuni ham gaz quvuri haqida umuman to‘xtalmadi. Tahlilchilarga ko‘ra, gaz narxini belgilash kabi asosiy masalalar hamon hal etilmagan va muzokaralar yillar davom etishi mumkin.
AQSh Kastroga ayblov e’lon qildi
Chorshanba kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Kubaning sobiq prezidenti Raul Kastroga qarshi jinoiy ayblov e’lon qildi. Bu Vashingtonning oroldagi kommunistik hukumatga nisbatan bosim kampaniyasi va Tramp Kubada rejimni o‘zgartirishga intilayotgan bir vaqtda yuz berdi.
Kastro va Kuba harbiylarining besh nafar qiruvchi uchuvchisiga qo‘yilgan ayblovlar 1996 yilda sodir bo‘lgan voqea bilan bog‘liq. O‘shanda Kuba qiruvchi samolyotlari kubalik muhojirlar guruhi tomonidan boshqarilayotgan samolyotlarni urib tushirgan edi.
94 yoshli Raul Kastro AQSh fuqarolarini o‘ldirish uchun til biriktirish, qotillik va samolyotlarni yo‘q qilish bo‘yicha ayblanmoqda. U shu oy boshida Kubada omma oldida ko‘rinish bergandi.
AQShning xorijiy yetakchilarga nisbatan jinoiy ayblovlar qo‘yishi kamdan kam kuzatiladigan holat.
«Uni hibsga olishga order berilgan, shuning uchun biz uning bu yerga o‘z xohishi bilan yoki boshqa yo‘l bilan kelishini kutamiz», dedi AQSh adliya vaziri Toddy Blansh.
Kubaning amaldagi prezidenti Migel Dias-Kanel bunga javoban post yozib, 1996 yilgi hukumat samolyotlarni urib tushirishda o‘z hududini himoya qilish uchun qonuniy yo‘l tutganini ta’kidladi. Uning aytishicha, ushbu ayblov Kubaga qarshi harbiy harakatlarni oqlashga qaratilgandek ko‘rinadi va bu katta xato bo‘ladi.
Qora dengiz uzra xavfli manyovrlar
Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi o‘tgan oyda Rossiyaning ikkita harbiy samolyoti Qora dengiz ustida qirollikning qurolsiz josus samolyotini «bir necha bor va xavfli tarzda» to‘sib qolganini ma’lum qildi.
Rossiyaning Su-35 qiruvchi samolyoti «Rivet Joint» razvedka samolyotiga shunchalik yaqin kelganki, buning oqibatida samolyotning favqulodda tizimlari ishga tushib ketgan va avtopilot o‘chib qolgan.
Shuningdek, Su-27 qiruvchi samolyoti Britaniya samolyotining old qismidan olti marta uchib o‘tgan va uning burun qismiga 6 metrgacha yaqinlashgan.
Mudofaa vaziri Jon Xilining ta’kidlashicha, bu hodisa 2022 yildan buyon Rossiya tomonidan sodir etilgan eng xavfli harakat hisoblanadi. O‘shanda Qora dengiz uzra «o‘zboshimcha» uchuvchi «Rivet Joint» samolyotiga raketa otgandi.
Britaniyaga ko‘ra, samolyot NATOning sharqiy qanotini himoya qilishga ko‘maklashish maqsadida navbatdagi xalqaro parvozni amalga oshirayotgan bo‘lgan.
«Bu harakatlar jiddiy halokatlar xavfini va vaziyatning keskinlashishi ehtimolini keltirib chiqaradi. Ammo ittifoqchilarimiz va manfaatlarimizni Rossiya tajovuzidan himoya qilish majburiyatidan qaytara olmaydi», dedi Xili.
Britaniya mudofaa vazirligi so‘nggi to‘siqlar mintaqada Rossiya tajovuzkorligining kuchayishi fonida yuz berganini bildirdi. Vazirlik bunga misol tariqasida yaqinda Shimoliy dengizda Britaniyaning muhim suvosti infratuzilmasi hududida Rossiya suvosti kemalarining faollashganini ko‘rsatdi.
Mavzuga oid
16:19 / 20.05.2026
Putin Xitoyga keldi, Ebola tarqalishi ko‘paydi, AQSh Yevropadagi harbiylarini qisqartiradi – kun dayjesti
14:15 / 19.05.2026
Tramp Eronga yangi hujumlarni to‘xtatdi, Belorusda Rossiya yadro qurollari bilan mashg‘ulotlar boshlandi – kun dayjesti
14:41 / 18.05.2026
Moskvaga eng yirik dronlar hujumi va Eron atrofida keskinlashayotgan vaziyat – kun dayjesti
15:30 / 16.05.2026