Jahon | 14:41
2491
10 daqiqa o‘qiladi

Moskvaga eng yirik dronlar hujumi va Eron atrofida keskinlashayotgan vaziyat – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Ukrainaning Moskvaga eng yirik dron hujumi

17 mayga o‘tar kechasi Ukraina Rossiya poytaxtiga so‘nggi bir yildan ortiq vaqt ichidagi eng yirik dron hujumini uyushtirdi. Oqibatda kamida to‘rt kishi halok bo‘ldi, ulardan uch nafari Moskva viloyatida, yana biri Belgorod viloyatida qayd etilgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi so‘nggi 24 soatda mamlakat bo‘ylab 1000 dan ortiq Ukraina dronlari urib tushirilganini bildirdi.

Moskvaning o‘zida havo mudofaasi kuchlari yuzdan ortiq dron yo‘q qilinganini bildirdi. Umuman olganda, yakshanba tongi aksar moskvaliklar uchun uchib yurgan dronlar va ularga qarshi ishlayotgan PVO ovozi bilan boshlandi.

Mer Sergey Sobyanin so‘zlariga ko‘ra, 12 kishi jarohatlangan bo‘lib, ularning aksariyati Moskva neftni qayta ishlash zavodiga kirish joyi yaqinida bo‘lgan. Garchi zavodning «texnologik qismi» zarar ko‘rmagani aytilgan bo‘lsa ham, tarmoqlarda dahshatli yong‘in videolari tarqaldi.

Prezident Zelenskiy juma kuni Rossiyaning Kiyevga ikki kun davomida uyushtirilgan eng og‘ir dron va raketa hujumidan so‘ng qasos olishga va’da bergan edi. O‘shanda Kiyevda 20 dan ortiq inson vafot etgandi.

Ukraina hujumini tasdiqlar ekan, Zelenskiy Moskvadagi dronlar va olovni o‘chirishga urinayotgan guruhlar aks etgan videoni joylashtirdi. «Rossiyaning urushni cho‘zayotgani hamda shaharlarimizga hujumlari tufayli bizning javoblarimiz to‘liq oqlanadi», dedi Zelenskiy.

Ukraina Qurolli Kuchlariga ko‘ra, zarbalardan biri Moskva yaqinidagi yuqori aniqlikdagi qurol ishlab chiqaradigan zavodda yong‘in keltirib chiqargan. Shuningdek, Donetsk viloyatidagi dronlar parvozini nazorat qiluvchi qo‘mondonlik punkti ham nishonga olingan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Kiyevni tinch aholini nishonga olishda aybladi. «Yevrovideniye qo‘shiqlari sadosi ostida, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan Kiyev rejimi navbatdagi ommaviy terrorchilik hujumini amalga oshirdi», dedi Zaharova.

Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashmoqda

Yakshanba kuni Birlashgan Arab Amirliklari rasmiylari mamlakatdagi atom elektr stansiyasiga dron hujumi uyushtirilishi natijasida yong‘in chiqqanini ma’lum qildi.

BAA havo mudofaasini yorib o‘tgan dron «Barakah» atom elektr stansiyasining tashqaridagi elektr generatoriga borib tekkan. Bayonotda radiologik xavfsizlik darajasiga zarar yetmagani va jabrlanganlar yo‘qligi aytilgan.

Amirliklar rasmiylarining bildirishicha, ular hujum manbasini o‘rganmoqda va BAA bunday «terrorchilik hujumlari»ga javob berishga to‘la huquqli. BAA prezidenti diplomatik maslahatchisiga ko‘ra, ushbu hujum vaziyatning xavfli darajada keskinlashuvini anglatadi.

BAA Mudofaa vazirligi yana ikkita dron «muvaffaqiyatli» bartaraf etilganini va ular «g‘arbiy chegara»dan uchirilganini ma’lum qildi. Vazirlik boshqa tafsilotlarni ochiqlamadi.

Shuningdek, dam olish kuni Saudiya Arabistoni ham o‘zi urib tushirgan uchta dron Iroq havo hududidan kirganini ta’kidladi va javob qaytarish uchun zarur tezkor choralarni ko‘rishidan ogohlantirdi.

Aprel oyida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirganidan beri Eron mojarosidagi harbiy harakatlar sezilarli darajada kamaygan. Ammo Iroqdan Fors ko‘rfazi mamlakatlari tomon dronlar uchirilishi davom etmoqda.

Tramp seshanba kuni Eronga qarshi harbiy harakatlar variantlarini muhokama qilish uchun milliy xavfsizlik bo‘yicha yuqori martabali maslahatchilari bilan uchrashishi kutilmoqda.

Shuningdek, keskin ritorikasi boshi berk ko‘chadan chiqishga yordam bera olmagan Tramp post yozishda davom etmoqda: «Eron uchun soat millari ketyapti va vaqt o‘tib bormoqda, ular TEZROQ harakat qilsalar yaxshi bo‘lardi. Aks holda ulardan hech narsa qolmaydi. VAQT JUDA MUHIM!» deb yozdi AQSh yetakchisi.

Eron qurolli kuchlarining rasmiysi esa Trampning tahdidlari amalga oshirilgan taqdirda, AQSh «yangi, tajovuzkor va kutilmagan ssenariylarga duch kelishi va o‘zi yaratgan botqoqqa botishi»ni aytdi.

Afrikada Ebola epidemiyasi

Kongo va Ugandada tarqalgan Ebola epidemiyasi oqibatida 80 kishi halok bo‘lgach, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ushbu vaziyatni «xalqaro ahamiyatga molik jamoat salomatligi favqulodda holati» deb e’lon qildi.

JSSTning bildirishicha, ushbu epidemiya hozircha pandemiya mezonlariga to‘liq javob bermaydi. Biroq kasallikning kengroq tarqalish xavfi juda yuqori.

Tashkilotga ko‘ra, kasallikka gumon qilingan 80 ta o‘lim holati, laboratoriyada tasdiqlangan 8 ta holat va 246 ta gumonlanuvchi bemor qayd etilgan.

CBS News xalqaro yordam tashkilotlaridagi manbalarga tayanib xabar berishicha, Kongoda AQShning kamida olti nafar fuqarosi ham Ebola virusi bilan aloqada bo‘lgan. Ulardan uch nafari yuqori xavf ostida deb baholanmoqda. AQSh hukumati ushbu shaxslarni mamlakatdan olib chiqib ketishga, ehtimol Germaniyadagi harbiy bazaga evakuatsiya qilishga urinmoqda.

AQShning Kongodagi elchixonasi yakshanba kuni sog‘liqni saqlashga doir favqulodda ogohlantirish e’lon qildi. Unda Davlat departamenti amerikaliklarga Ituri provinsiyasiga bormaslikni tavsiya qilgan.

JSSTning ta’kidlashicha, Ebola virusi ilk bor 1976 yilda aniqlangan va Kongodagi 17-epidemiya hisoblanadi.

Aksariyat hollarda o‘limga olib keladigan ushbu virus kasallangan odamlarning tana suyuqliklari, virus tushgan buyumlar orqali yuqadi. Kongoning quyuq tropik o‘rmonlari Ebola virusining tabiiy o‘chog‘i hisoblanadi. So‘nggi 50 yil ichida Afrika mamlakatlarida 15 000 ga yaqin odam ushbu virusdan vafot etgan.

Londonda yirik namoyishlar

Shanba kuni London markazida o‘n minglab odamlar ikkita alohida namoyishga chiqdi: ulardan biri immigratsiyaning yuqori darajasiga qarshi. Ikkinchisi esa Falastinni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi. Politsiya 4 000 nafar xodimni safarbar etdi va so‘nggi yillardagi eng yirik tadbirda «o‘z vakolatlaridan imkon qadar qat’iy foydalanishga» va’da berdi.

Britaniyada immigratsiyaga oid xavotirlar — jumladan, boshpana izlovchilarning kichik qayiqlarda kirib kelishi — Starmerning mashhurligiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. O‘ng qanot «Reform UK» partiyasi mavqeyini oshirdi.

Yaqin atrofdagi boshqa bir ko‘chada esa Falastin bayroqlari va G‘azodagi mojaroga chek qo‘yish talab qilingan plakatlarni ko‘targan namoyishchilar bo‘ldi. Ular Isroil davlati tashkil etilishidan keyin — 1948 yilgi urushda falastinliklarning o‘z yerlaridan mahrum bo‘lganini yodga oluvchi «Nakba kuni» munosabati bilan yurish o‘tkazdi.

Har ikki yurish yakunlangach, politsiya turli qonunbuzarliklar uchun 43 kishi hibsga olinganini ma’lum qildi: namoyishlar «asosan jiddiy hodisalarsiz» o‘tgan.

Kuba yuzlab harbiy dronlar sotib oldi — OAV

Axios nashri iqtibos keltirgan maxfiy razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Kuba 300 dan ortiq harbiy dronlarni sotib olgan. Hisobotda iddao qilinishicha, Kuba ushbu harbiy dronlardan AQShning Guantanamodagi harbiy-dengiz bazasiga, shuningdek, harbiy kemalarga va ehtimol Floridadagi Key Vest shahriga hujum qilish rejalarini muhokama qilgan.

Manbaga ko‘ra, Tramp ma’muriyati dronlar orqali texnologik rivojlanish hamda Havanada Eron va Rossiya harbiy maslahatchilari borligidan jiddiy xavotirda.

AQSh rasmiylarining nashrga ma’lum qilishicha, Kuba 2023 yildan buyon Rossiya va Erondan zarbdor dronlarni sotib olib kelmoqda va hozirda yana ko‘proq sotib olish payida.

Kuba Tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges Qo‘shma Shtatlarni iqtisodiy sanksiyalar va ehtimoliy harbiy intervensiyani oqlash uchun «soxta ayblov» uydirishda aybladi.

«Kuba hech kimga tahdid qilmaydi va urushni xohlamaydi», dedi Rodriges. Ammo u o‘z bayonotida dronlar bilan bog‘liq da’volarni ochiqchasiga tilga olmadi.

Ushbu hisobot AQShning Kubaga bosimi keskin kuchaygan bir paytga to‘g‘ri keldi. O‘tgan haftada OAVlar AQSh hukumati Fidel Kastroning ukasi 94 yoshli Raul Kastroga rasmiy ayblov e’lon qilmoqchi ekanini yozgandi.

Shuningdek, payshanba kuni Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Ratklif ushbu orol-davlatga tashrif buyurdi. Ratklif Kubani «G‘arbiy yarimshardagi dushmanlar uchun xavfsiz boshpana» bo‘lib qolishdan qat’iy ogohlantirgan.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid