Jahon | 20:29 / 02.06.2025
3742
4 daqiqa o‘qiladi

Italiyadagi Etna vulqoni yana otilishni boshladi

Vulqon harakatga kelishiga piroklastik oqim (vulqon gazlari, kul va tog‘ jinslari bo‘laklarining aralashmasi) sabab bo‘lgan. Ushbu oqim Etna janubi-sharqiy kraterlaridan birining qulab tushishi natijasida yuzaga kelgan.

Sitsiliyadagi Etna vulqonidan balandligi 6,5 kilometrga yetadigan ulkan vulqon kuli, gaz va toshlar ustuni otilib chiqdi. Etna – Yevropadagi eng katta uyg‘oq vulqon, ammo Italiya rasmiylari hozircha aholi uchun hech qanday xavf yo‘qligini aytmoqda.

Etna atrofidagi hududda aholi zich joylashgan bo‘lib, nazariy jihatdan vulqon faolligi yuz minglab odamlar uchun xavf tug‘diradi.

Italiya Geofizika va vulqonshunoslik milliy instituti (INGV) ma’lumotlariga ko‘ra, vulqon otilishining tabiati kraterning yon tomonlaridan birida tog‘ jinslari qulaganini ko‘rsatadi.

«Kuzatuv kameralari janubi-sharqiy kraterning shimoliy yonbag‘ridan material qulashi natijasida yuzaga kelgan piroklastik oqimni qayd etdi», – deyiladi xabarda.

Piroklastik oqim – portlash natijasida yer yuzasiga otilib chiqqan yuqori haroratli vulqon gazlari, kul va tog‘ jinslari bo‘laklarining aralashmasi.

Bunday oqimlar atrof-muhit uchun o‘ta xavfli bo‘lishi mumkin, ammo hozircha bevosita xavf alomatlari kuzatilmayapti.

Sitsiliya regioni rahbari Renato Skifanining so‘zlariga ko‘ra, mahalliy rasmiylar doimiy aloqada bo‘lgan ekspertlar uni bunga ishontirgan.

The Independent’ning yozishicha, vulqon harakatga kelishidan oldin yerosti silkinishlari kuzatilgan. Olimlar magmaning kuchli harakati bilan bog‘liq seysmik tebranishlar darajasi juda yuqori ekanini ma’lum qildi. Mutaxassislar yaqin atrofdagi aholi punktlari uchun ehtimoliy xavflarni baholash maqsadida vaziyatni kuzatishda davom etmoqda.

Sitsiliyaning ayrim hududlarini kul qoplagan. Etnadan otilgan kul ustunlari bir necha kilometrga yetmoqda.

INGV’ning so‘nggi bayonotida aytilishicha, vulqon oqimi hali Arslon vodiysi – sayyohlik yo‘nalishlari kesishgan cho‘qqiga yaqinlashish nuqtasi yonidan o‘tmagan.

Shunday qilib, hokimiyatda zarurat tug‘ilganda xavfsizlik choralarini ko‘rish uchun yetarli vaqt bor.

Fuqaro mudofaasi mintaqaviy bo‘linmasi rahbari Salvo Kochina sayyohlarga «mazkur tabiat hodisasi rivojlanishi ehtimoli tufayli» hududga tashrif buyurmaslikni tavsiya qildi.

Havo transporti uchun vulqon buluti chiqishi munosabati bilan qizil ogohlantirish e’lon qilindi, biroq yaqin atrofda joylashgan Kataniya aeroporti hozircha odatdagidek ishlamoqda.

Etna — Sitsiliyaning janubiy sohillarida joylashgan, Yevropadagi eng baland harakatdagi vulqon hisoblanadi. 2013 yil iyunda ushbu vulqon YuNESKO Jahon merosi obektlari ro‘yxatiga kiritilgan edi. Vulqon yonbag‘irlarida tuproq unumdor bo‘lgani uchun u yerlarda meva va uzumzorlar joylashgan.

Etna faollashmoqdami?

Bu kadr joriy yil 13 may kuni Etna yonbag‘irlaridan birida olingan

Seysmologlar Etnaning hozirgi faolligi anchadan beri kuzatilayotganiga e’tibor qaratishmoqda.

Joriy yilning 13 may kuni Kataniya yaqinidagi janubi-sharqiy krater hududida lava otilishi qayd etildi, u ikki oqimga bo‘lingan – biri tog‘ning janubiy yonbag‘riga, ikkinchisi sharqqa yo‘nalgan.

Otilish Kataniya va vulqon atrofida joylashgan boshqa aholi punktlari aholisi eshitgan kuchli gumburlash bilan birga sodir bo‘ldi.

Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, bu Etna faoliyatining joriy yildagi 15-epizodi va may oyidagi ikkinchi epizod bo‘ldi.

«Janubi-sharqiy kraterning qisman vayron bo‘lishi natijasida bir necha kilometr balandlikdagi hayratlanarli vulqon buluti va piroklastik oqim hosil bo‘lishi biz alohida ehtiyotkorlik bilan kuzatib borayotgan hodisadir», – dedi Renato Skifani.

Mavzuga oid