Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tergov sabab Italiya bosh vaziri sotishga bergan rasmiy sovg‘alarini auksiondan qaytarib oldi
Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni dunyo yetakchilaridan qabul qilgan sovg‘alarini auksionga qo‘yib, sotishni rejalagandi. Biroq, auksion uyi ustidan jinoiy tergov sabab bosh vazir idorasi sotuvdan voz kechdi. Qimmatbaho sovg‘alar qiymati 800 ming yevroga baholangan. Meloniga bu buyum va taqinchoqlar xorijiy davlatlarga safarlari chog‘ida sovg‘a qilingan.
Jorjiya Meloni O‘zbekiston prezidentidan ham olgan qimmatbaho sovg‘asini sotuvga qo‘yishga qaror qilgandi. Umuman olganda, oxirgi 1 haftada siyosatchi Jorjiya Melonining qimmatbaho buyumlari auksioni mavzusi nashrlar muhokamasida. Ba’zi medialar Meloni xonim O‘zbekiston prezidenti nomidan olgan marjonni auksionga qo‘ydi, degan sarlavhali xabarlar e’lon qilgan. Biroq, ma’lum bo‘lishicha, bosh vazir nafaqat O‘zbekiston, balki boshqa davlat rahbarlaridan ham olgan qimmatbaho sovg‘alarini birgalikda sotishga qaror qilgan. Biroq, bu buyumlarni savdoga chiqarishni bo‘yniga olgan auksion uyiga qarshi jinoiy tergov sabab Melonining idorasi fikridan qaytdi.
Italiya bosh vaziri Argentina prezidentidan haykalcha hamda O‘zbekiston prezidentidan esa qimmatbaho olmos marjonni qabul qilgan, deb yozadi Politico nashri. Xabarning davomida kelishicha, Jorjiya Meloni idorasi bu kabi buyumlarini auksionga qo‘yishga qaror qilgan, biroq auksion uyiga qarshi jinoiy tergov sabab savdo to‘xtatilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, hukumat rahbarining buyumlarini Bertolami fine art auksion uyi savdoga qo‘ygan, biroq aynan shu tashkilot arxeologik artefaktlarning noqonuniy savdosi bo‘yicha uzoq vaqtdan beri jinoiy tergov ostida qolmoqda. Italiya OAVning xabar berishicha, auksion uyi direktori va kompaniya asoschisi faoliyatini to‘xtatib turishga buyurilgan.
Prokurorlarning ta’kidlashicha, ustasi farang o‘g‘rilar arxeologik buyumlarni o‘g‘irlab, ularni Bertolami kabi auksion uylari orqali o‘tkazib, buyumlarni sotishga muvaffaq bo‘lgan. Ular san’at bozoriga kirishga harakat qilishgan, biroq Bertolami bu qonunbuzarliklarni rad etib kelmoqda.
Jorjiya Melonining idorasi auksion uyining jinoiy tergovidan bexabar bo‘lganini aytmoqda. Chunki ushbu tergov maxfiy tarzda o‘tkazilib kelingan.
Nega Meloni qimmatbaho sovg‘alarini sotmoqchi?
Italiya qonunchiligiga muvofiq, bosh vazir xorijiy yetakchilardan olingan qiymati 300 yevrodan ortiq bo‘lgan sovg‘alarni shaxsan saqlay olmaydi, bu qonunan taqiqlangan. Natijada esa bunday buyumlarning barchasi bosh vazir idorasida, xavfsiz xonada saqlanadi.
Politico nashrining qo‘shimcha qilishicha, Meloni olgan sovg‘alar ichida Argentina prezidenti Xaver Miley hadya qilgan arra bilan ishlovchi haykalcha hamda O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyev bergan hashamatli olmos, oltin va strinli kvars marjoni o‘ta diqqatga sazovordir.
Bosh vazir idorasi kimoshdi savdosidan kamida 800 ming yevro kutgan, olingan mablag‘lar xayriya uchun sarflanishi kerak edi. Albatta, ma’lum qism pul auksion uyining o‘ziga qoldirilardi. Ayni dam buyumlar idora xavfsiz xonasiga qaytarilgan.
Yana bir nashrning yozishicha, bosh vazir idorasi shu yilning 24 oktyabrda bu buyumlarni aynan Bertolami’da auksionga qo‘yishga qaror qilgan. Arxeologik artefaktlarning noqonuniy aylanmasi bo‘yicha sud qarori esa dekabr oyi boshida chiqarilgan.
Biroq, tanqidchilar hukumatning ushbu tekshiruvini shubhali, demoqda. Chunki 2022 yilda ushbu auksion uyi mamlakat tarixidagi eng og‘ir siyosiy jinoyatlardan biri – bosh vazir Aldo Moroning o‘g‘irlab ketilib, o‘ldirilishini bo‘yniga olgan jinoiy guruh – “Qizil brigadalar”ga tegishli bo‘lgan varaqani 30 ming yevroga sotgan. O‘sha paytda muxolifatda bo‘lgan Meloni esa bu ishni uyatsizlik, deb atagandi.
Darvoqe, Kidji saroyiga qaytarilgan qimmatbaho buyumlar baribir sotiladi.
Shohrux Majidzoda tayyorladi.
Mavzuga oid
14:24 / 06.12.2025
O‘zbekistonga kelgan Italiya fuqarolari soni bir yilda qariyb 5 mingga ko‘paydi
15:05 / 28.11.2025
Italiya Nord Stream ishi bo‘yicha gumonlanuvchini Germaniyaga topshirdi
22:08 / 20.11.2025
So‘nggi yo‘llanmalar uchun kurash: Italiya va Turkiya raqiblarini bilib oldi
11:39 / 20.11.2025