Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbek ofitserlari qanday tayyorlanadi: Qurolli Kuchlar akademiyasiga sayohat
9 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Unda jurnalistlar akademiya faoliyati, dars jarayonlari va mashg‘ulotlar jarayoni bilan tanishdi.
Dastlab press-tur ishtirokchilariga Qurolli Kuchlar akademiyasi harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan jahon klassikasi va milliy estrada kuy-qo‘shiqlari hamda kursantlar ishtirokidagi qo‘l jangi ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.
Markaziy Osiyoda yagona hamda mamlakatimizdagi tayanch oliy harbiy ta’lim muassasasi – Qurolli Kuchlar akademiyasi bugungi kunda yuqori bo‘g‘in qo‘mondonlik ofitserlarini tayyorlaydi. Shuningdek, Qurolli kuchlar tarkibini malakali ofitser kadrlar bilan to‘ldirish hamda mudofaa qurilishi sohasida ilmiy tadqiqotlarlarni amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Akademiyada umumqo‘shin, harbiy xavfsizlik va davlat mudofaasi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Ichki ishlar vazirligi qo‘shinlariga kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish fakulteti va Ichki ishlar vazirligi harbiylashgan bo‘linmalari mutaxassislarini tayyorlash kabi jami 17 ta kafedra faoliyat yuritib kelmoqda. Bu yerda kursantlarning siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, ijodiy, liderlik sifatlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan 20 dan ortiq to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Tinglovchi va kursantlarga 10 nafarga yaqin fan doktori, 40dan ortiq fan yo‘nalishlari bo‘yicha falsafa doktorlari, 50 ga yaqin ilmiy unvonga ega bo‘lgan malakali professor-o‘qituvchilar ta’lim berib kelyapti.
Ma’lum qilinishicha, akademiyada shaxsiy tarkib uchun barcha imkoniyatlar, 4000 dan ortiq kitobga, internet va 15 mingdan ortiq elektron adabiyotlarga ega Axborot-resurs markazi faoliyat yuritadi. Markaz akademiya faoliyatida muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, akademiyaning muzeyida ham 100 yildan ortiq tarixga ega eksponatlar va qo‘lyozmalar mavjud.
Press-tur davomida harbiy xizmatchilarning sifatli ta’lim olishi hamda xizmatni o‘tashlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv xonalari bilan bir qatorda kursantlar bo‘linmasi yotoqxonasidagi qulayliklar bilan yaqindan tanishildi.
Bundan tashqari jurnalistlar jangovar texnikalar hamda o‘qotar qurollar trenajyor komplekslarida bo‘lib, amaliy mashg‘ulotlarni kuzatishdi. Jarayonda mutaxassislar tomonidan harbiy texnikalarni boshqarish hamda elektron tirda nishonlarga o‘q otish bo‘yicha ishtirokchilarga ma’lumot va ko‘nikmalar berib o‘tildi.
Mavzuga oid
21:30 / 12.01.2021
Qurolli Kuchlar Akademiyasida Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
19:20 / 17.09.2019
Qurolli Kuchlar akademiyasi dala-o‘quv maydonida yangilangan o‘quv bazasi foydalanishga topshirildi
21:04 / 14.05.2019
AQSh delegatsiyasi O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida bo‘ldi
15:23 / 02.04.2019