10:12 / 02.10.2018
26890

Samarqandda muxlislar «Dinamo» stadioniga qo‘yilmadi: yana ichki ishlar xodimlari to‘siq bo‘lishdi

Joriy yilning 30 sentabr kuni futbol bo‘yicha Pro-liganing navbatdagi turi doirasida Samarqandning «Dinamo» klubi Andijonning «Andijon» futbol klubini qabul qildi. Kimgadir natija qiziq bo‘lsa: o‘yin 0:0 hisobida tugadi.

Lekin hikoya qilmoqchi bo‘layotganimiz o‘yin tafsilotlari haqida emas, o‘yingacha bo‘lib o‘tgan «o‘yinlar» haqida.

Xullas, garchi o‘yin soat 17:00da belgilangan bo‘lsa-da, match rasman e'lon qilinganidan 9 daqiqa kechikib boshlandi.

Bunga sabab — ichki ishlar organi xodimlarining o‘yinga chipta xarid qilgan yuzlab muxlislarni stadionga kiritmasdan turgani bo‘ldi.

Ichki ishlar organi xodimlarining o‘yinga chipta xarid qilgan muxlislarni stadionga kiritmay turganligining sababi esa «Dinamo» futbol klubi stadionda jamoat tinchligini saqlash uchun har o‘yinga 700 ming so‘mni IIB hisob-raqamiga o‘tkazib turish majburiyatini olgani va so‘nggi uch o‘yin uchun 2 million 100 ming so‘m qarzdor bo‘lib qolganidir. Buni klubda ishlovchilar Kun.uz’ga ma'lum qilishdi.

O‘yindan keyin viloyat futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Sh.Sayfullayevdan nima bo‘lganini so‘raganimizda: «Men hech narsani bilmayman, tepada o‘tiruvdim, ko‘rmay qoldim», deb javob berdi.

Faqatgina «Dinamo» futbol klubi xodimlarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 martdagi «O‘zbekiston sportchilarini 2020 yilda Tokio shahri (Yaponiya)da bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida»gi PQ–2821-sonli qarori ko‘rsatilganidan so‘nggina muxlislarga stadionga kirishga izn berilgan.

Prezidentning PQ–2821-sonli qarorida belgilangan chora-tadbirlar ichida Olimpiya sport turlari bo‘yicha respublika federatsiyalari va assotsiatsiyalarining so‘roviga asosan olimpiya sport turlari bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarda YHXDB tomonidan sportchilarning kuzatilishini va tomoshabinlarning xavfsizligini ta'minlash beg‘araz asosda amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan va ijro uchun mas'ul etib Ichki ishlar vazirligi belgilangan.

Futbol, esa bilamizki, olimpiya sport turi, «Dinamo» FKda esa O‘zbekiston olimpiya terma jamoasiga kirishi mumkin bo‘lgan potensial nomzodlar bor. «Dinamo» stadioni ham viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tasarrufida.

Prezidentning «Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi, 2017 yil 3 iyunda qabul qilingan PQ–3031-sonli boshqa bir qarorida O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish dasturi keltirilgan.

Dasturda jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini o‘tkazuvchi tashkilotchilarga (ijaraga berilayotgan sport inshootlaridan foydalanishda va h.k.) imtiyozlar berish tartibini joriy etish hamda tegishli davlat idoralari xizmatidan beg‘araz foydalanish, musobaqalarning yuqori saviyada o‘tishida mas'ul xodimlarning hamkorligini ta'minlash, jumladan, o‘sha yilning III choragidan boshlab doimiy asosda Ichki ishlar vazirligi zimmasiga yuklatilgan.

Qolaversa, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining vitse-prezidentlaridan biri Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov ekanligidan Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasidagi mas'ul xodimlarning xabari bormikan?

Albatta, sportni yurtimizda yanada ommalashtirish yuzasidan qilinayotgan prezident qarorlaridan ichki ishlar organlarining mas'ul xodimlari mutlaqo bexabarligini hech narsa bilan izohlab yoki oqlab bo‘lmaydi. O‘ylaymizki, Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ushbu vaziyatga yo‘l qo‘ygan mas'ullarga tegishli choralarni ko‘radi va matbuotda rasmiy bildirish bilan chiqish qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand shahrida damlangan 1 tonnalik osh pishirish jarayonini suratga olish uchun viloyat IIB xodimlari jurnalistlarni jarayonga yaqinlashtirmaganliklari haqida reportaj e'lon qilingan edi.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri

Top