2020 yilda korrupsiyada ayblanib sudlangan sud va hokimiyat xodimlari soni ma'lum bo‘ldi
O‘tgan yili O‘zbekistonda 2 123 kishi korrupsiyaga qo‘l urgani uchun jazolangan. Ularning 23 foizi – ishsizlar, 30 foizi – ta'lim, tibbiyot va bank tizimi xodimlari.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2020 yilda sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlar statistikasini taqdim etdi.
Ma'lum qilinishicha, sudlar tomonidan 2020 yil davomida korrupsiya bilan bog‘liq (JK 205-214, 243-moddalari) jami 2 270 nafar shaxsga nisbatan 1 502 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Shundan 2 203 kishiga nisbatan hukm o‘qilgan.
2 203 kishidan 80 nafari oqlangan, 2 123 nafariga ayblov hukmi chiqqan, 67 nafariga nisbatan ochilgan ishlar tugatilgan.
Korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha sudlangan shaxslar toifalari quyidagicha:
- ishsizlar (493 ta holatda, shundan 445 tasi pora berish bilan bog‘liq)
- ta'lim (364 ta)
- tibbiyot (161 ta)
- bank tizimi (104 ta)
- qurilish (74 ta)
- ichki ishlar organlari (69 ta)
- mahalla fuqarolar yig‘inlari (47)
- kommunal xizmatlar (46)
- hokimiyat (30)
- soliq xizmati (16)
- prokuratura (13)
- bojxona (7)
- sud (3)
- milliy gvardiya (1)
- boshqa sohalar (741)
Infografikada sudlangan shaxslar 15 toifaga bo‘lingan bo‘lib, ularning yig‘indisi 2185 nafarni tashkil etadi, ammo infografikada jami 2 270 kishi korrupsiya bilan bog‘liq jinoyat ishlari doirasida sudlangani qayd etilgan.
Sudlangan shaxslar toifalari haqidagi ma'lumotda ularga nisbatan chiqarilgan hukmlar (oqlov, ayblov, ishni tugatish) haqida axborot yo‘q. Shu boisdan, masalan, korrupsiyada ayblanib sudlangan 3 nafar sud xodimi yoki 13 nafar prokuratura xodimiga nisbatan qanday hukm chiqqani anglashilmaydi.
Agentlikning xulosasiga ko‘ra, korrupsion jinoyatlar sodir etilishiga quyidagi omillar sabab bo‘lgan:
- davlat xaridlari bilan bog‘liq qonun talablariga rioya qilinmagani (45 nafar shaxsga nisbatan);
- huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasidagi profilaktika ishlari samarali tarzda olib borilmagani (45 nafar shaxsga nisbatan);
- davlat xizmatchilarini tanlov asosida saralab olish, lavozimga tayinlash va yuqori lavozimlarga ko‘tarishning shaffof tartibi yo‘qligi (50 nafar shaxsga nisbatan);
- ayblanuvchining sohaga taalluqli bo‘lmagan xizmatlarga biriktirilgani, sohasiga taalluqli bo‘lmagan xizmatlarda sodir etilgani (55 nafar shaxsga nisbatan);
- shaxsning (jabrlanuvchi) o‘z manfaati yo‘lida qonunni chetlab o‘tishga urinishi yoki boshqa tarzdagi manfaatdorligi sababli jinoyatga yo‘l ochib bergani (88 nafar shaxsga nisbatan);
- ish hajmining to‘g‘ri taqsimlanmagani va malakali xizmat ko‘rsatilmasligi (99 nafar shaxsga nisbatan);
- davlat organlari xodimlari mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorlikka yo‘l qo‘ygani (122 nafar shaxsga nisbatan);
- ishga qabul qilishda mansabdorning (xodimning) shaxsi lozim darajada o‘rganilmagani, ayblanuvchining malaka darajasi yetishmasligi, muqaddam jinoyat sodir etganligi yoki sodir etishga moyilligi (179 nafar shaxsga nisbatan);
- ayblanuvchining ijtimoiy ta'minlanmagani yoki adolatli mehnat sharoiti tashkil etilmagani (262 nafar shaxsga nisbatan);
- tizimda ish faoliyati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, sohada byurokratik to‘siqlarning mavjudligi, faoliyatning o‘zi korrupsiyaga yo‘l ochib bergani (598 nafar shaxsga nisbatan);
- fuqarolarning moddiy manfaatdorlik yoki shaxsiy boylik orttirish yo‘lida jinoyatga qo‘l urishi (642 nafar shaxsga nisbatan).
Mavzuga oid
17:48
Jismoniy shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tartibi belgilandi
11:25 / 21.11.2024
2024 yilda 30 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar tuhmat va haqorat qilgani uchun sudlandi
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024