Jamiyat | 18:00 / 12.10.2017
67648
14 daqiqa o‘qiladi

Dubaydan gapiramiz... O‘zbekistonlik migrantlar uchun Amirliklarda qanday muammolar bor?

Kollejda yoki universitetda o‘qiyotgan yoshlarimiz bilan ularning kelajakdagi rejalari haqida hech suhbat qurganmisiz? O‘ylaymanki, javobingiz — «Ha», eng kamida ana shunday rejalar qulog‘ingizga chalingan. E'tibor bersangiz, ularning aksariyati chet elga borib o‘qish, ishlash va kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lib qaytishni, mamlakat rivojiga o‘z hissasini qo‘shishni niyat qilishadi. Bunday insonlarning boriga shukr.

Avval iqtisod, keyin siyosat deganlaridek, tan olish kerak, bu masalada ham moddiy manfaat muhim rol o‘ynaydi, chunki odamlarimizda shunday fikr shakllanganki, chet elga chiqdimi, u odam qisqa fursatda katta mablag‘ga ega bo‘ladi hamda yashash sharoitlari tubdan yaxshilanadi. 

Shu boisdan ham ko‘p yillardan buyon fuqarolarimiz Rossiyaga serqatnov bo‘lib qolishdi. So‘nggi paytlarda esa Janubiy Koreya va arab mamlakatlari, xususan, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA), Qatar kabi davlatlarga borib ishlash ommalashdi. Rossiya va Janubiy Koreyadagi vaziyat, sharoitlar, ish va maosh qandayligi haqida har birimiz ozmi-ko‘pmi fikrga egamiz. Arab mamlakatlari haqida esa har kim turli fikr bildirganligi tufayli bunday deya olmaymiz. Keling, hozir BAAdagi (xususan, Dubaydagi) o‘ziga xos tajribamga tayangan holda bu yerdagi sharoit, muhojirlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida gapirib bersam.

Dubay… Dunyodagi eng baland bino, eng katta savdo markazi, dengiz sathidan eng balandda joylashgan restoran, insoniyat tomonidan yaratilgan sun'iy orol, «yetti yulduzli» deya ataladigan yelkan shaklidagi eng mashhur mehmonxona kabilarni (ro‘yxatni davom ettirish mumkin) o‘z bag‘riga olgan shahar; ko‘pchilik aytadiganday, bu alohida davlat emas, balki, BAAdagi yetti amirlikning biri.

Bu shaharda turizm o‘ta rivojlangan, har qadamingizda hashamatli besh yulduzli mehmonxonalar, Michelin-Star’ga ega restoranlar, barlar, ko‘ngilochar joylar, ko‘z ko‘rib quvnaydigan yirik savdo markazlari va albatta, qishin-yozin cho‘milish mumkin bo‘lgan bepoyon dengiz bor… 

BAA islom madaniyati humkron o‘lka bo‘lsa-da, poytaxt Abu-Dabi va Dubay yetarlicha ochiq, zamonaviy, yevropalashgan shaharlar. Biz tasavvur qiladigan kondura yoki abaya (arablarning milliy libosi) kiygan, besh mahal namozni kanda qilmaydigan, spirtli ichimlik nima ekanligini bilmaydigan arablarning ochiq-sochiq kiyinishi, aysh-ishratga berilganligini ko‘rish tabiiy hol. Abu-Dabi Dubaydan farqli ravishda, o‘zining milliyligini oz bo‘lsa ham saqlab qolganiga qaramay, vaziyat deyarli bir xil. Amirliklardan faqatgina Sharja o‘zining qat'iy qoidalari bilan ajralib turadi: bu yerda spirtli ichimliklar sotilmaydi va iste'moli taqiqlanadi.

Bu davlatda rasmiy til arab tili, lekin aksariyat aholi ingliz tilida so‘zlashadi. Bundan tashqari, hind, urdu va tagalog tillari keng tarqalgan. Xullas, ingliz tilida so‘zlasha olsangiz, ko‘chada qolmaysiz.

BAAda dunyoning turli burchaklaridan kelgan muhojirlarni uchratishning hech ajablanarli joyi yo‘q. Mamlakat umumiy aholisi qariyb 9,5 million kishi bo‘lib, uning bor-yo‘g‘i 11,5 foizi mahalliy aholi vakillari hisoblanadi, qariyb 40 foizi esa hindlar va pokistonliklar; shuningdek, filippinliklar, shri-lankaliklar, bangladeshliklar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Shu bois shaharning eski qismi bo‘lgan Deyra tomonlarga yo‘lingiz tushsa, o‘zingizni arab mamlakatida emas, Hindistonda yurganday his etasiz.

Hozirda MDH mamlakatlaridan, ayniqsa, Ukraina va O‘zbekistondan ham tashrif buyurgan muhojirlar soni ham ortib bormoqda (internetdan olingan 2016 yil ma'lumotlariga ko‘ra, 14 ming kishi atrofida).

Sababi — davlatning chet el fuqarolari uchun ochiqligi, viza olish u qadar qiyin emasligi, ingliz tilini bilganlarga ma'lumotidan qat'i nazar ish (xizmat ko‘rsatish sohasida) topish qulayligidir. BAAda ishlayotgan o‘zbeklarni shartli ravishda to‘rt guruhga bo‘lish mumkin:

• Mehmonxona va restoran biznesida — reception, hostess (restoranda mehmonlarni kutib oluvchi), concierge (mehmonlarga turli ma'lumotlar beruvchi), ofitsiant, barmen kabi lavozimlarda ishlayotganlar. Ularning bir oylik daromadi 700–1200 AQSh dollari atrofida bo‘lib, yashash joyi, oziq-ovqat, transport, kommunal to‘lov kabi xarajatlar kompaniya hisobidan. Ya'ni, faqat shaxsiy ehtiyojlaringiz uchun cho‘ntagingizdan pul ishlatasiz.

• Yirik savdo markazlarida sales assistant, sales executive bo‘lib ishlash — sotuvchilik. Bunday sohada ishlayotganlarda maosh 1200–3000 dollar atrofida bo‘lib, kompaniya o‘z ishchisiga yashash uchun hech qanday sharoit yaratib bermaydi, ya'ni hammasi ishchining o‘z hisobidan. 

Dubaydagi vaziyat bilan qisqacha tanishtirib o‘tsam. Bir xonali xonadonni bir oyga 800–1500 dollar evaziga topishingiz mumkin, albatta, kim bilandir birgalikda ijaraga olishingiz mumkin. Bundan tashqari, kommunal to‘lovlar ham sizning zimmangizda. Oziq-ovqat va transport uchun 500 dollar atrofida (o‘zingizga bog‘liq) sarflaysiz. Mazkur guruhga sayyohlik agentliklarida faoliyat yuritayotganlarni ham kiritish mumkin, ularda ham deyarli xuddi shunday vaziyat.

•  Fly Emirates, Fly Dubai, Air Arabia kabi aviakompaniyalarda yoki aeroportda turli lavozimlarda ishlayotganlar. Ularning oylik daromadi 2000–4000 dollar atrofida bo‘lib, yashash joyi bilan ta'minlanadilar, qolgan narsalar esa ishchining o‘z hisobidan.

• Sayyohlik vizasi bilan yurgan hamda turli xil mayda-chuyda ishlar bilan shug‘ullanayotganlar, doimiy ish qidirayotganlar va boshqalar. Dubayning eski shahar qismidagi Deyra bozoriga borsangiz, xuddi Toshkentdagi «Malika»ga kelib qolganga o‘xshaysiz — elektronika mahsulotlarining aksariyat sotuvchilari Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar. Bundan tashqari, shunga o‘xshash sotuvchilarni aeroportga borganingizda ham uchratishingiz mumkin. O‘zbekistonga qaytayotganingizda siz orqali telefon yoki noutbuk jo‘natmoqchi bo‘lishadi. Ularning ishi barqaror emas, daromadi esa ishbay va hamma narsa o‘z hisobidan.

Bundan tashqari, barmoq bilan sanarli vatandoshlarimiz ko‘chmas mulk sohasida faoliyat olib boradi. Ularning daromadi haqida aniq ma'lumotga ega emasman, shunisi aniqki, ularning oylik maoshi kamida 4000–5000 dollarni tashkil etadi hamda har bir sotilgan ko‘chmas mulkdan ma'lum miqdorda foyda oladi. Bunday ishlarga joylashish uchun ko‘p yillik xorijiy tajriba talab etiladi.

O‘zbeklarning aksariyati yuqorida aytilgan birinchi va ikkinchi guruhlardagi kabi ishlarda faoliyat yuritadi. Sababini bunday sohalarda ish ko‘pligi, ishga joylashish uchun chet el tajribasi talab qilinmasligi (o‘z xodimi uchun katta imkoniyatlar yaratib bergan kompaniyalarda aksincha) bilan izohlash mumkin.

Uchinchi guruhdagilarni esa omadlilar deb atash mumkin. U yerda yaratilgan sharoit maqtovga sazovorligi tufayli ko‘pchilik havo yo‘llariga ishga kirishga harakat qiladi. Buning uchun, birinchi navbatda, omad, keyin ingliz tilini mukammal bilish va, albatta, xorijiy tajriba talab qilinadi.

Yuqorida dastlabki uchala guruhning o‘rtacha maoshlari haqida ma'lumot bergandim, eslatib o‘tay, Dubayda yaxshigina karera qilish mumkin, shunga qarab maosh ham oshib boradi.

To‘rtinchi guruh haqida fikr yuritganda esa, bir qator muammoli va og‘riqli vaziyatlarga duch kelishingiz mumkin. Ya'ni ingliz tilini bilmaydigan, mayda-chuyda ish bilan shug‘ullanayotganlar hamda ish topolmay sarson bo‘lib yurganlar. Eng achinarlisi, o‘z qadrini bilmay, tanasini sotib yurgan ayollar… Ba'zida shundaylarni uchratib qolsam, O‘zbekistondan ekanliklarini aytishdan uyalib, men bilan ruscha yoki inglizcha gaplashadilar. O‘sha payt ularga nimalardir degim keladi, lekin…

Keling, do‘ppini bir chetga qo‘yib o‘ylab ko‘raylik, mazkur guruhning shakllanishiga O‘zbekiston va BAA o‘rtasida ishchi kuchi migratsiyasi bo‘yicha qandaydir tizim yo‘qligi qaysidir ma'noda sabab bo‘lmayaptimikan? Chunki, O‘zbekistonda turib arab mamlakatlaridan ish topish ancha mushkul: omadi kulganlar internet orqali ish topadi, barcha hujjatlarni onlayn rasmiylashtiradi. Bu yo‘lda ularga tajribasi bor tanishlar yoki ma'lum haq evaziga «tanishlarning tanishlari» ko‘mak beradilar. Omadi kulmaganlar esa sayyohlik vizasini olib, bir necha oyga ish qidirish uchun tashrif buyuradi. Albatta, bu jarayonning turgan-bitgani xarajat, chipta narxlarini qo‘shib hisoblaganda dastlabki ikki oyda 2000 dollar atrofida sarf qilishingiz kerak. Ish topsangizku, xo‘p-xo‘p. Topolmasangiz, dardingizni kimga aytasiz (aytgancha, eng kamida Dubayda aylanib ketganingiz qoladi).

Qirg‘iziston va Ukraina fuqarolari ish topishda u qadar qiynalishmaydi, chunki ular o‘z joylaridan turib ish topadilar va tayyor ishga kelib joylashadilar. Chunki ushbu davlatlarda BAAdagi kompaniyalar bilan o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘ygan, ishga joylashish uchun ko‘maklashadigan va konsultatsiyalar beradigan rasmiy agentliklar mavjud.

To‘g‘ri, bizda ham Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi chet elda ishlashni xohlagan odamlarni xususiy shartnoma orqali boshqa davlatga yuboradi, lekin agentlikning faqatgina Rossiya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Polsha bilan shartnomasi bor, xolos. Menimcha, BAA bilan ham shunday shartnoma imzolansa, bu davlatdagi ishlash sharoitlari o‘rganilsa (vaholanki, sharoitlar Rossiya va Janubiy Koreyadagidan yaxshiroq) yoki alohida bir agentlik tuzilsa, foydadan xoli bo‘lmasdi. O‘ylaymanki, ushbu masalaning ijobiy hal etilishi chet elda ish izlab yurgan fuqarolarimizga bir qator yengilliklar berilishiga hamda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, mamlakatimizda turizm yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlovchi besh oliy o‘quv yurtida ta'lim olayotgan talabalarni Intership tarzida malaka oshirishga yuborish mumkin. Dubayda ana shunday amaliyot o‘tayotgan Yevropa, Koreya, Yaponiya hamda Xitoy talabalarini ko‘p uchrataman. Aminmanki, O‘zbekiston shunday tashabbus bilan chiqsa, ikkinchi taraf ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Kuni-kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham mamlakatimizda turizmni izchil rivojlantirish istiqbollari hamda amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilishda turizm iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri ekanligi, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalangan holda ushbu tarmoqni yanada takomillashtirish zarurligi, bu yo‘lda turizm rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasini mukammal o‘zlashtirish zarur ekanligini ta'kidlab o‘tdi.

Ayniqsa, 2016 yil 2 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmonining samarali ijro etilishida turizm sohasida keskin sur'atlar bilan rivojlanayotgan mamlakatdan nimadir o‘rganishimiz hamda ularni yurtimizda tatbiq qilishimiz milliy turizm mahsulotlarini yaratish va ularni jahon bozorlarida targ‘ibot qilish, turizm sohasida O‘zbekistonning ijobiy qiyofasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Men fuqarolarimiz arab mamlakatlariga kelib «gastarbayter» sifatida ishlasin, degan fikrdan yiroqman. Kelib, tajriba almashsin, o‘rgansin hamda vatanga qaytib, turizmni rivojlantirsin, mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shsin.

Men Dubayda yurgan o‘zbeklarga ko‘pincha shunday savol beraman: «O‘zbekiston rivoji uchun hech bo‘lmasa bir g‘isht qo‘yganmisiz?». Bu savoldan so‘ng kimdir o‘ylanib qoladi, kimdir esa «Sen kimsan o‘zi, menga bunday savol berasan?» deb, ustimdan kulganday bo‘ladi.

Nima bo‘lganda ham har birimiz yurtimiz ravnaqi uchun javobgarmiz va mas'ulmiz. Davlatimiz rahbari tomonidan tatbiq etilayotgan islohotlarni to‘la anglab yetgan va amalga oshirsakkina oldimizga qo‘yilgan maqsadga erishamiz.

O‘tgan 26 yil davomida «O‘zbekiston — kelajagi buyuk davlat» deya bong urdik. O‘ylaymanki, mustaqilligiga chorak asr bo‘lgan O‘zbekistondek davlatning nafaqat kelajagi, balki buguni ham buyuk bo‘lishi kerak. Bugunimizni buyuk qilaylik, ertaga bundanda buyuk davlatga aylanamiz! Bu yo‘lda barchangizga omad! Salomat bo‘ling!

Bekzod Qodirov

Mavzuga oid