Jahon | 20:28 / 17.07.2020
103920
13 daqiqa o‘qiladi

Qanday qilib koronavirus infeksiyasini yuqtirmaslik va uni davolash mumkin - Shifokor Elizovdan maslahatlar

Bloger va jurnalist Nikita Makarenkoga koronavirus infeksiyasini davolash usullari haqida gapirib bergan umumiy amaliyot shifokori, terapevt Igor Elizov shunday degan:

«Har kuni turli kasalliklarga chalingan, jumladan, o‘tkir respirator virusli infeksiyalar bilan og‘rigan bemorlarni davolayman. Jumladan, yangi koronavirus infeksiyasi yuqtirib olgan bemorlar bilan ham ishlayman.

So‘nggi paytlarda menga har tomondan, messenjerlardan ko‘plab savollar kelib tushmoqda:

«Kasallikka chalinmaslik uchun nima qilish kerak?»

«Mabodo kasallikni yuqtirib olsak, u Covid-19 yoki oddiy O‘RVI ekanligini bilmasak nima qilish kerak?»

«Covid-19ni ambulator va uy sharoitlarida qanday davolash kerak?»

«Qachon xavotirlanishni boshlab, kasalxonaga yotqizishlarini talab qilish kerak?» qabilidagi savollar.

Keling, bu savollarni birma-bir ko‘rib chiqamiz.

Eng avvalo, o‘zingiz uchun bilib oling, qo‘rquv — immun tizimimizni susaytiruvchi eng asosiy omil. Qanchalik ko‘p qo‘rqsangiz, stress holatida qanchalik uzoq qolsangiz, kasallikka yo‘liqishingiz xavfi shunchalik ortadi. Nafaqat Covid-19, shuningdek, immunitet pasayishi fonida o‘zini namoyon qiluvchi boshqa kasalliklarga ham.

Endi kasallik profilaktikasi haqida. To‘g‘risini tan olay, men aholining katta qismi kasallikni yuqtirib, virusga nisbatan jamoaviy immunitet hosil qilganda pandemiya tugashi haqidagi nazariya tarafdoriman. Yoki bu vaziyatni aholini ommaviy emlash orqali  bartaraf qilish mumkin.

Biroq men jamoaviy immunitet bizda juda qimmatga tushishini juda yaxshi tushunaman: kimdir otasini, onasini, bobo-buvisini, erini, xotinini, Xudo ko‘rsatmasin, farzandini yo‘qotadi.

Shu sababli, epidemiologlar va virusologlar allaqachon yaratilgan va so‘nggi klinik sinovlardan o‘tayotgan vaksina ustida faol ish olib borishayotganida, kelinglar, koronavirus infeksiyasining yengil va o‘rtacha og‘ir darajasini davolash borasida bir qator profilaktika choralarini o‘zimiz uchun aniqlashtirib olamiz.

Profilaktik chora sifatida biz moskvalik hamkasblarimiz bilan shunday xulosaga keldikki, barcha joyda reklama qilinayotgan interferonning induktori sezilarli natijalarni bermaydi, shuning uchun undan profilaktika maqsadlarida foydalanishni unuting. Bu bilan siz o‘z immunitetingizga yordam bermaysiz, faqat o‘zingizni tinchlantirasiz, dori ishlab chiqaruvchilarni esa boyitasiz.

Masalan, D3 vitaminini (sutkasiga 5000 birlik dozasida) qabul qilish yaxshi natijalarga olib keladi. Covid-19 bilan ishlaydigan va bu vitaminni har kuni belgilangan dozada qabul qiladigan hamkasblarimning aksariyati, Xudoga shukr, shu kungacha kasal bo‘lishmadi.

Juda ko‘p takrorlanayotgan yana bir muhim jihatni tilga olib o‘tmasak bo‘lmaydi: ko‘chalarda, do‘konlarda va odamlar to‘planadigan boshqa joylarda insonlar bilan aloqani kamaytirish juda muhim. Negaligini tushuntirib beraman.

Chunki koronavirus infeksiyasi qay darajada og‘ir kechishi virus yuklamasi degan narsaga bog‘liq. Agar siz kasal bo‘lgan yoki kasallikni simptomlarsiz tashuvchiga duch kelgan bo‘lsangiz, siz ham kasallikni simptomlarsiz yoki yengil o‘tkazishingiz ehtimoli yuqori. Hattoki, umuman yuqtirib olmasligingiz ham mumkin. Lekin uzoq vaqt mobaynida bir necha kishi bilan muloqotda bo‘lsangiz, sizga nisbatan virus yuklamasi yuqori bo‘ladi va tabiiyki, kasallikning og‘ir kechish ehtimoli ham ortadi. Jumladan, koronavirusli zotiljam ko‘rinishida ham, afsuski, barcha sa'y-harakatlarimizga qaramasdan, uning qanday kechishini oldindan aytib bo‘lmaydi.

Shuning uchun yana bir bor takrorlayman, imkon qadar odamlar to‘planadigan joylardan yiroqroq yuring. Do‘kon, bozor, savdo rastalari singari odam gavjum joylarga borganingizda niqoblar va respiratorlardan foydalaning.

Ha, yana bir bor siyqasi chiqqan masala, niqob taqish haqida gapirmoqdaman: uni taqish kerakmi yo taqmaslik?

Ha, niqoblar infeksiya yuqishidan 100 foiz himoyalay olmaydi. Biroq koronavirus infeksiyasi tashuvchisi niqobdan foydalanganida, uning virusni boshqa odamga yuqtirish ehtimoli bir necha martaga kamayadi.

Shuning uchun niqoblar mabodo siz simptomsiz, koronavirus infeksiyasining tashuvchisi bo‘lsangiz hamda o‘zingiz bundan bexabar bo‘lsangiz, virusni boshqalarga yuqtirish ehtimolini keskin kamaytirish uchun kerak.

Keling, endi sizda tana haroratining ko‘tarilishi kabi alomatlar bo‘y ko‘rsatsa nima qilish haqida gaplashamiz.

Bunda tana harorati 37, 37.2, 37.5 kabi subfebril ko‘rsatkichlarda yoki yuqori keskin 38-39 daraja bo‘lishi mumkin. Tomog‘ingiz og‘rimoqda, burningiz bitdi, yo‘talyapsiz.

Birinchidan, tinchlaning. Darhol koronavirus yuqtirib oldim, degan xayolga bormaslik kerak. Odatdagi o‘tkir respiratorli virusli infeksiyalarni hattoki O‘zbekistonning issiq iqlimida ham hech kim bekor qilgani yo‘q.

Nima qilib bo‘lsa ham, pulsoksimetr deb ataluvchi qurilmani toping. Bu qoningizni kislorod bilan to‘yinganlik darajasini ko‘rsatuvchi oddiy gadjet. Unga shunchaki barmog‘ingizni kiritasiz va bir necha soniyalardan so‘ng u qonning kislorod bilan to‘yinganlik darajasini ko‘rsatadi. Me'yor 96-98 foiz bo‘lishi lozim.

Bu qurilma sizning bugungi kundagi asosiy gadjetingizga aylanishi kerak. Nega? Chunki har kuni qoningizning kislorod bilan to‘yinganlik darajasini monitoring qilib borsangiz, uning me'yorda ekanligini ko‘rib tursangiz, bu ham sizdagi stress darajasini pasaytiradi.

Agar qoningizdagi saturatsiya 96 foizdan kam bo‘lsa, bu «tez yordam» chaqirish va kasalxonaga yo‘l olish uchun sababdir, chunki o‘pkangiz noto‘g‘ri ishlayotgan bo‘ladi. Ya'ni pulsoksimetr yordamida o‘pkangiz qanchalik to‘laqonli ishlayotganini kuzatib turasiz. Chunki Covid-zotiljam ko‘p hollarda alomatlarsiz kechadi. Sizda balg‘am ko‘chishi bilan kechuvchi yo‘tal, nafas qisishi, terlash kabi klassik alomatlar bo‘lmaydi. Yana bir bor qaytaraman: pulsoksimetr o‘pkangiz qanchalik to‘laqonli ishlayotganini ko‘rsatadi.

Endi eslab qoling: Covid-infeksiyaning eng muhim va eng ko‘p uchraydigan belgilaridan biri butun tana bo‘ylab tarqaladigan madorsizlik, kuchli zirqirash va og‘riq ko‘rinishida bo‘y ko‘rsatuvchi kuchli intoksikatsiyadir. Bemorlarning ko‘pchiligi bu holatni ularni kun bo‘yi kimdir tayoq bilan savalagandek qilib tasvirlab berishdi. Ya'ni og‘riq shunchalik kuchli bo‘lgan.

So‘ngra sizni ko‘rikdan o‘tkazishi va o‘tkir tonzillit (angina), faringit va yuqori nafas yo‘llarining boshqa kasalliklarini rad etishi yoki tasdiqlashi uchun uyingizga shifokorni chaqiring.

Chunki anginada tana harorati juda ko‘tariladi, intoksikatsiya belgilari, ya'ni tanada zirqirash vujudga keladi. Bunday belgilarni shifokor maslahatisiz Covid infeksiyasining alomatlari bilan adashtirib yuborish juda oson.

Endi simptomatik terapiyani boshlang.

Agar quruq yoki ho‘l yo‘tal bo‘lsa, «Askoril» preparatini iching. Kuniga uch marta 1 tabletkadan.

Tomoq og‘risa, hattoki qichishsa, tomoqda biror narsa tiqilib turgandek tuyulsa, tomoqni «Furatsilin» eritmasi bilan imkon qadar tez-tez chaying. Tushuntiraman: bu virusning quyi nafas yo‘llariga tushish va zotiljamni chaqirish ehtimolini kamaytiradi.

Tana haroratini pasaytiruvchi preparatlar — «Paratsetamol» yoki «Ibuprofen», agar tana harorati 38 darajadan yuqori bo‘lsa. Agar tana harorati 38 darajagacha bo‘lsa, uni tushirishga harakat qilmang. Ushbu haroratda tabiiy interferonlar va interleykinlar sintezlanadi, ya'ni immun javob hosil bo‘ladi. Immunitetingizga virusni yengish uchun o‘zi harakat qilishiga qo‘yib bering.

Keyingi preparat — faol modda Dipiridamol, savdodagi nomi «Kurantil». Juda mashhur preparat. Dozasi 0,25 mg. Kuniga 3 mahal bitta tabletkadan iching. Bu bevosita yoki bilvosita antikoagulyant bo‘lmagan, ya'ni qonni suyultiruvchi preparat emas. Chunki bevosita yoki bilvosita antikoagulyantlarni uy sharoitida qonning ivishini nazorat qilmay turib qabul qilish xavfli. Chunki ko‘pchilikda ushbu preparatlarni ichish man etilgan surunkali kasalliklar bo‘lishi mumkin.

Dipiridamol yoki «Kurantil» realogiyaning, ya'ni mayda qon tomirlarini kengaytirish orqali qon oquvchanligini yaxshilanishiga bilvosita ta'sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, u interferonning induktoridir, ya'ni virusli infeksiyalarga qarshi noodatiy chidamlilikni oshiradi. Juda foydali preparat.

Keyingisi — ko‘p suyuqlik ichish. Bu juda muhim, chunki har qanday virusli infeksiyada ko‘p suyuqlik ichish intoksikatsiya belgilarini kamaytiradi, shuningdek, qonning realogiyasini (oquvchanligini) yaxshilaydi, uni suyultiradi.

Keyingisi juda muhim. Agar tana harorati simptomatik terapiyaga qaramasdan besh va undan ortiq muddatga yuqoriligicha saqlanib tursa, shuningdek, 5 kundan keyin sizda isitma yo‘qolib, ikki-uch kun o‘tib yana paydo bo‘lsa, bu o‘pkaning kompyuter tomografiyasi (KT) ni o‘tkazish uchun sababdir.

Agar o‘pkangizning KT tekshiruvida xira oyna turidagi zotiljam yuzaga chiqsa, bu yuz foizli Covid-19dir. Bunga aslo shubha qilmang.

KT tasnifiga ko‘ra, Covid zotiljami to‘rt bosqichga bo‘linadi: KT1, KT2, KT3, KT4. KT1 va KT2 uyda davolanadi. KT3 va KT4da kasalxonaga yotqizish talab etiladi. Ya'ni xulosaga ko‘ra, sizda 1 va 2-bosqich bo‘lsa, statsionarga borishga harakat qilmang. Keragi yo‘q. Yuqorida aytib o‘tilgan barcha preparatlarni qabul qilishda davom eting va antibiotik qo‘shing: 6 kun davomida «Azitromitsin», bir sutkada 500 mg.

Ha, hozir ko‘pchilik «Qanaqasiga? Antibiotik va virusli infeksiya bir biriga mos kelmaydigan narsalar-ku?» deb e'tiroz qilishi mumkin. Antibiotik koronavirus infeksiyasini davolamaydi! Antibiotik immunitetning keskin pasayishi fonida Covid zotiljam kechishining og‘irlashuvini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan boshqa bakterial infeksiyalarning organizmga qo‘shilishiga to‘sqinlik qiladi.

Keling, endi aytilganlardan xulosa qilamiz.

1. Eng muhimi — tinchlaning va stress darajasini kamaytirishga harakat qiling.

2. Pulsoksimetr. Bu sizning asosiy gadjetingiz. Bugungi kunda u smartfon, planshet va boshqa narsalardan muhimroq bo‘lishi kerak. Chunki siz har kuni o‘pkangiz qanday ishlayotganini kuzatib, xotirjam bo‘lishingiz mumkin.

3. Sutkasiga 5000 birlik dozadagi D3 vitaminini ichish shaklidagi profilaktika. Har kuni!

4. Odamlar ko‘p yig‘iladigan joylarga borishni kamaytirish.

5. Niqob, respirator, qo‘lqop kabi shaxsiy himoya vositalariga e'tiborsiz bo‘lmaslik. Ularni qo‘llashga ahamiyat bering, bu o‘ta muhim. Ishoning!

Endi davolanish bo‘yicha.

6. Agar yo‘talayotgan bo‘lsangiz kuniga uch marta «Askoril» tabletkasini iching.

7. Tomoqda og‘riq va biroz o‘ng‘aysizlik sezilganida tomoqni chayish.

8. Kuniga 0,25 mg.dan uch marta Dipiridamol («Kurantil») ichish.

9. Ko‘p suyuqlik ichish.

10. Agar besh kun va undan ortiq vaqt davomida tana harorati yuqori  bo‘lib tursa, shuningdek isitma tushganidan 1-3 kundan so‘ng yana chiqsa o‘pkani kompyuter tomografiyasida tekshirtirish. 

11. Shundan so‘ng KT bosqichiga qarab uyda davolanish yoki shifoxonaga yotish.

12. Agar uyda davolansangiz, «Azitromitsin»ni qo‘shing. Preparatning asl nomi «Sumamed» deb ataladi. Sutkasiga 500 mg, 6 kun mobaynida.

Biz barchasini yengamiz va sog‘lom bo‘lamiz. Barchaga xayrli kun».

Mavzuga oid