O‘zbekiston | 15:40 / 29.12.2020
4969
4 daqiqa o‘qiladi

«Davlat idoralaridagi ijro sifati har oyda tanqidiy muhokama qilinadi» – Shavkat Mirziyov

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatida Vazirlar Mahkamasida har oyda davlat idoralaridagi ijro sifati tanqidiy muhokama qilib borish amaliyoti joriy etilishi, adliya vaziri shu masala bo‘yicha har chorakda bir marta Senat va Qonunchilik palatasida hisobot berishini aytib o‘tdi.

Foto: KUN.UZ

«Davlat idoralaridagi ijro sifati va holatini viloyat, tuman va shahar xalq deputatlari kengashlarida, respublika darajasida esa – Vazirlar Mahkamasida har oyda tanqidiy muhokama qilib borish amaliyoti joriy etiladi. Boshqa yo‘limiz yo‘q. Agar qiyinchilik bilan qabul qilgan qarorlarimizni rahbarlar yechmasa, xalqimizga yengilliklar yaratmasa, u qarorlar nimaga kerak. Quyi bo‘g‘indagi rahbarlar qarorlarni bajarmagani uchun kengashlarda talab bo‘ladi, Vazirlar Mahkamasi vazirlarni ishdan olishgacha chora ko‘radi. O‘zim nazorat qilaman buni, boshqa yo‘li yo‘q.

Hukumat, Adliya vazirligi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birga bir oy muddatda ushbu tizimni joriy etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni belgilasin.

Adliya vaziri barcha ommaviy axborot vositalari, jumladan televideniye orqali «Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda», degan mavzuda doimiy ko‘rsatuv va chiqishlar tashkil etib, xalqimizga islohotlar mohiyati va natijalarini yetkazib borish tizimini joriy etsin. Adliya vaziri shu masala bo‘yicha har kvartalda bir marta Oliy Majlis Senati va quyi palatasida hisobot beradi. Qaysi vazir, qaysi viloyat hokimlari ishdan olingani – hammasini ma'lum qiladi. Bundan buyog‘iga shikoyatga o‘rin yo‘q. Agar shuni qilmasak, ko‘p ishlarimiz qolib ketyapti», deya ta'kidlagan prezident.

Parlamentga murojaatda so‘nggi to‘rt yilda barcha sohalarda keng ko‘lamli o‘zgarishlarni amalga oshirish bo‘yicha 550ta qonun, ikki mingga yaqin farmon va qaror qabul qilingani, lekin joylarda barcha rahbarlar ham ushbu hujjatlarning mazmun-mohiyatini tushunib yetmayotgani tanqid qilingan.

«Islohotlarimiz har bir insonga yetib borishi uchun qabul qilinayotgan hujjatlar ijrosini o‘z vaqtida va samarali ta'minlashimiz lozim. So‘nggi to‘rt yilda barcha sohalarda keng ko‘lamli o‘zgarishlarni amalga oshirish bo‘yicha 550ta qonun qabul qildik, ikki mingga yaqin farmon va qaror qabul qilindi. Lekin joylarda barcha rahbarlar ham ushbu hujjatlarning mazmun-mohiyatini tushunib, berilgan imkoniyatlardan foydalanmoqda, aholi va tadbirkorlarga zarur shart-sharoit yaratilmoqda deb ayta olamizmi? Ayta olmaymiz.

O‘qimaydi, tushunmaydi, bilmaydi, intilmaydi. Amaldagi nazorat tizimi esa ko‘proq formal tusga ega bo‘lib, ijroni tashkil etishdagi muammolarni aniqlash va hal qilishga yo‘naltirilmayapti.

Shuning uchun, kelgusi yilda bu borada yangi ish tizimi joriy etiladi. Endi Adliya vazirligi, uning hududiy boshqarma va bo‘limlarining asosiy vazifasi qabul qilingan hujjatlarni mas'ullarga yetkazish, tushuntirish, amaliyotda qo‘llashga ko‘maklashish va nazorat qilishdan iborat bo‘ladi.

Har bitta farmon va qaror nima uchun qabul qilinyapti o‘zi?! [Bu hujjatlar] kimga kerak, kimga oson yo‘l, kimlarga imkoniyatlar yaratishini Adliya vazirligi mas'ullarga yetkazishi, tushuntirishi kerak. Sen tuman hokimi, sen muovini, mana bunday qaror chiqdi, buni tushundingmi yo yo‘qmi [deb so‘rashi], tushunmasa tushuntirishi kerak.

Shu maqsadda, Adliya vazirligiga zarur vakolat va resurslar beriladi. Shuningdek, qabul qilingan hujjatlar ijrosini tashkil etishda, jamoatchilik ishtiroki va nazorati keng yo‘lga qo‘yiladi.

Jumladan, «jamoatchilik eshituvlari» va «jamoatchilik monitoringi» tizimi joriy qilinadi. Bu jarayonga fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolar ham faol jalb etiladi.

Shuningdek, tahlillar asosida ijroga xalaqit berayotgan ortiqcha vazifa va funksiyalar qisqartiriladi», dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid