Iqtisodiyot | 20:08 / 21.05.2024
7508
4 daqiqa o‘qiladi

Oltin eksporti 3,42 mlrd dollarga yetdi, 463 mln dollarlik gaz import qilindi – O‘zbekiston tashqi savdosi sharhi

Joriy yilning 4 oyida O‘zbekiston 3,42 mlrd dollar qiymatidagi oltin sotdi. Bu rekord ko‘rsatkichdir. Mamlakat tashqi savdo aylanmasining nisbatan salmoqli qismi Xitoy (19 foiz), Rossiya (18,4 foiz), Qozog‘iston (5,9 foiz), Turkiya (4,4 foiz) va Janubiy Koreya (3,3 foiz) bilan qayd etilgan. E’tiborga molik jihati, Markaziy Osiyo mamlakatlarning barchasiga eksport hajmi sezilarli darajada qisqargan.

Foto: Getty Images

Statistika agentligi O‘zbekistonning 2024 yil yanvar-aprel oylaridagi tashqi savdo aylanmasiga doir ma’lumotni e’lon qildi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida respublika tashqi savdo aylanmasi (TSA) 20,9 mlrd dollarga yetgan. Bunda eksport hajmi 8,5 mlrd dollarni, import hajmi esa 12,4 mlrd dollarni tashkil etgan. O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda eksport hajmi 9 foizga, import hajmi 3,9 foizga oshgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 3,9 mlrd dollarga bo‘lgan.

Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi sifatidagi o‘rnini saqlab qolgan. Hisobot davrida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 3,96 mlrd dollarga yetgan. Bu respublika umumiy tashqi savdo aylanmasi hajmining 19 foizini tashkil qiladi. Shuningdek, tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Rossiya (18,4 foiz), Qozog‘iston (5,9 foiz), Turkiya (4,4 foiz) va Janubiy Koreya (3,3 foiz) bilan qayd etilgan.

2024 yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ulshga ega bo‘lgan top-10 davlat:

  • Xitoy – 3,96 mlrd dollar;
  • Rossiya – 3,84 mlrd dollar;
  • Qozog‘iston – 1,22 mlrd dollar;
  • Turkiya – 920 mln dollar;
  • Koreya – 695 mln dollar;
  • Fransiya – 386 mln dollar;
  • Germaniya – 345 mln dollar;
  • Afg‘oniston – 308 mln dollar.
  • Turkmaniston – 288 mln dollar;
  • Hindiston – 270 mln dollar.

Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor davlatdan beshta mamlakat – Fransiya, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Pokiston bilan ijobiy tashqi savdo balansi kuzatilgan. Qolgan 15 ta davlat bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolgan.

E’tiborga molik jihati yanvar–aprel oylarida o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda, quyidagi davlatlarga eksport hajmi sezilarli darajada ko‘paygan: Rossiyaga (811,5 mln dollardan 1 mlrd 21,4 dollarga), Fransiyaga (120,6 mln dollardan 264,6 mln dollarga), Afg‘onistonga (258 mln dollardan 301,4 mln dollarga). E’tiborga molik jihati, Markaziy Osiyo mamlakatlarning barchasiga mahsulot yekazib berish qisqargan.

Eksport

4 oy davomida oltinsiz eksport 5,6 foizga o‘sib, qariyb 5 mlrd dollarni tashkil etgan. Ya’ni yanvar-aprel oyidagi eksport hajmining 9 foizga oshishi bevosita oltin sotishning ko‘paygani bilan bog‘liq. Mazkur davrda 3,42 mlrd dollarlik oltin eksport qilingan. Bu rekord ko‘rsatkichdir.

Shuningdek, umumiy eksport tarkibida sanoat mahsulotlarining ulushi 16,8 foizdan 15,9 foizga, oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar ulushi 6,1 foizdan 5,6 foizga qisqargan. Kimyoviy vositalarning ulushi esa 4,8 foizdan 5,7 foizgacha oshgan. O‘z navbatida oltin eksportining ulushi 19 foizdan 19,3 foizgacha ko‘paygan.

Import

Import tarkibida eng katta ulush, mashinalar va transport asbob-uskunalari (36,8 foiz), sanoat tovarlari (15,9 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (12,4 foiz) hisobiga to‘g‘ri kelgan. O‘z navbatida avtomobillar importi 1,18 mlrd dollarni tashkil etgan.

Yoqilg‘i mahsulotlarining eksporti va importi

Hisobot davrida O‘zbekiston 462 mln dollarlik gaz import qildi, bu 2023 yilning mos davri bilan taqqoslaganda, 4 barobarga ko‘p. O‘z navbatida mazkur davrda gaz eksporti 54 foizga yoki 52,3 mln dollargacha qisqargan.

Shuningdek, 4 oy davomida 63,3 mln dollarlik ko‘mir import qilingan, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15,7 foizga ko‘p. 

Yanvar-aprel oylarida 67,8 mln dollarlik elektr toki sotib olingan (o‘sish – 39,5 foiz) va 43,8 mln dollar qiymatidagi elektr energiyasi (o‘sish – 31 foiz) eksport qilingan. 

Neft va neft mahsulotlarining eksporti qariyb 4 barobarga oshib, 179,4 mln dollarni, importi esa 26,8 foizga ko‘payib, 788 mln dollarni tashkil qilgan. 

Mavzuga oid