Sport | 23:19 / 27.07.2021
36349
3 daqiqa o‘qiladi

Tokio-2020. 27 iyul kuni ikki bokschi chorakfinal uchun jang qiladi, yana ikki dzyudochi medallar uchun kurashadi

28 iyul kuni Yozgi Olimpiadaning beshinchi kungi bahslari o‘tkaziladi. Ertangi bahslarda yana 4 nafar o‘zbekistonlik sportchi 2 sport turi bo‘yicha o‘z omadini sinab ko‘radi.

Shu kuni ikki nafar bokschi nimchorak final janglaridan ishtirokini boshlaydi, dzyudochilar jamoasidan bir erkak va bir ayol sportchi medallar uchun kurashib ko‘radi.

Soat 07:00da -70 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan dzyudochi Gulnoza Matniyozova tatamiga chiqadi. Uning ilk raqibi chadlik Demos Memnelum bo‘ladi.

Soat 07:45da esa O‘zbekiston dzyudo jamoasining medal uchun so‘nggi umidlaridan biri bo‘lmish Davlat Bobonov (-90 kg vazn toifasida) ishtirokini boshlaydi. Unga dastlabki jangida italiyalik Nikolas Mungay raqiblik qiladi.

Hozirga qadar Sharofiddin Lutfullayev (-60 kg), Sardor Nurillayev (-66 kg), Hikmatilloh To‘rayev (-73 kg), Sharofiddin Boltaboyev (-81 kg), Diyora Keldiyorova (-52 kg) va Farangiz Hojiyeva (-63 kg) turnirni tark etib bo‘ldi. Keyingi kunlarda Muhammadkarim Xurramov (-100 kg) va Bekmurod Oltiboyev (+100 kg) o‘z omadlarini sinab ko‘rishadi.

Boks jamoasining yana ikki vakili chorak final yo‘llanmasi uchun jang qiladi. Soat 8:40da -57 kg vazn toifasi vakili Mirazizbek Mirzaxalilov irlandiyalik Kurt Uolkerga qarshi ringga ko‘tariladi.

Soat 16:30da esa -81 kg vazn toifasida Dilshod Ro‘zmetov ozarboyjonlik Alfonso Domingesga qarshi jang boshlaydi.

Bu Dilshod Ro‘zmetovning Olimpiadadagi ikkinchi jangi bo‘ladi. U 1/16 finalda irlandiyalik Emmet Brennanni 5:0 hisobi bilan mag‘lub etgandi. 

Bundan tashqari, Tursunoy Rahimova (+51 kg), Elnur Abduraimov (-63 kg), Shahobiddin Zoirov (-52 kg) va Fanat Qahramonov (-75 kg) ham ilk janglarda g‘alabaga erishib, 1/8 finalga chiqqandi. Bugun O‘zbekiston boks jamoasining yana bir vakili Bobo-Usmon Boturov (-69 kg) 1/4 final yo‘llanmasini hal qildi. Sanjar Tursunov (-91 kg) esa ilk raqibga mag‘lub bo‘lib, turnirni 1/16 finaldayoq tark etgandi. Shahnoza Yunusova (-69 kg) ilk jangda muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

O‘zbekiston delegatsiyasining Olimpiada o‘yinlaridagi bayroqdori, +91 kg vazn toifasi vakili Bahodir Jalolov esa ishtirokini 29 iyul kuni boshlaydi. Shuningdek, -60 kg vazn toifasi vakili Rayhona Qodirova ham ilk jangiga tayyorlanmoqda.

O‘zbekiston delegatsiyasi hozircha bir oltin medal bilan umumiy reytingda 23-o‘rindan joy olib turibdi.

Mavzuga oid