Frontdagi vaziyat: Ukraina «o‘t o‘chirish brigadalari»ni ishga solishga majbur bo‘lmoqda
Ukraina qurolli kuchlari katta zaxiralar bilan Xarkiv yaqinida frontni mustahkamladi - va «harbiy muxbir»lar hatto ukrainlar qarshi hujumi haqida gapira boshladi. Aslida esa turli uchastkalarda hujumlarni RF qurolli kuchlari davom ettirmoqda. Ukraina qurolli kuchlariga qaysi yo‘nalishlarda ayniqsa qiyin bo‘lmoqda?
Rossiyaning butun front bo‘ylab hujumi — Xarkivdan Zaporijjya oblastining Rabotine qishlog‘igacha bo‘lgan hududlarda — davom ettirilmoqda. Ammo so‘nggi haftalarda yurish sur’atlari sekinlashgan. Bu qisman Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi mudofaa uchun o‘zining barcha operativ zaxiralarini harakatga keltirgani bilan bog‘liq. Buning yordamida Xarkiv atrofida yangi mustahkam front tashkil etildi va Avdiyivkadan g‘arbdagi vaziyat ham barqarorlashtirildi. Ammo boshqa uchastkalarda — Baxmut g‘arbidagi Chasiv Yar shahri atrofida va Xarkiv oblasti sharqida, Kupyansk va Svatove oralig‘ida — barqaror mudofaa uchun kuchlar yetishmayapti.
Katta ehtimol bilan, Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi (Ukraina yangi safarbar qilinayotganlardan yangi brigadalar tuzish bilan mashg‘ul bo‘ladigan oylarda) bundan keyin ham «pyatnashkada o‘ynashi»ga — bir necha elita brigadalaridan iborat «o‘t o‘chiruvchi jamoalari»ni bir yo‘nalishdan boshqasiga ko‘chirib yurishiga to‘g‘ri keladi. Xususan, Xarkiv atrofiga, katta ehtimol bilan, Ukraina dengiz piyodalari korpusi (dengiz piyodalarining uchta brigadasidan iborat) kuchlarining bir qismi tashlangan, bu bo‘linmalar bunga qadar bir necha oy mobaynida Dnipro daryosining so‘l sohilidagi platsdarmlarda jang qilgandi. Bunday katta kuchlar olib kelinishi rossiyalik «harbiy muxbir»larni ham cho‘chitib yubordi, ular buni Ukraina qurolli kuchlarining Rossiya qo‘shinini RF hududiga siqib chiqarishga qaratilgan qarshi hujumini boshlashga tayyorgarlik siatida qabul qilishdi.
Xarkiv
- Rossiyaning ikki yo‘nalishda — to‘g‘ridan to‘g‘ri Xarkivning shimoliy chekkalariga hamda oblast markazidan 50 kilometr shimoli-sharqdagi Vovchansk shahriga yurishi — uzil-kesil to‘xtadi. RF qurolli kuchlari bo‘linmalari hamon Vovchanskning shimoliy qismini ham egallay olmadi. Ular shaharni teng ikkiga ajratib oquvchi Volchya daryosini kechib o‘ta olishmadi. Xarkivning shimoliy chekka hududi bo‘lmish Lipsi qishlog‘i uchun janglarda ham sezilarli o‘zgarish yo‘q.
- RF qurolli kuchlari jangga zaxiralarni kirita boshlagan: 10 mayda Vovchansk yaqinida yurish boshlanganidan buyon ilk bor tank bo‘linmalari paydo bo‘lgan (bunga qadar jang maydonida olingan videolarda faqat alohida harakatlangan tanklarni uchratish mumkin edi, hujumlar asosan artilleriya ko‘magida oldinga tashlangan piyodalarning kichik shturm guruhlari bilan olib borilgan).
- Biroq, rossiyalik «harbiy muxbir»lar yozgan Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumi hozircha ro‘y bergani yo‘q: ukrainlarning Xarkiv atrofiga tashlangan zaxira kuchlari faqat lokal qarshi hujumlar o‘tkazmoqda, shuningdek RF qurolli kuchlarining ichki bazalariga artilleriya zarbalari yo‘llab, dronlar bilan hujum qilmoqda. Jumladan, chegaraning narigi tomonida turgan rus qo‘shinlari ham zarba ostida qolmoqda. AQSh Ukrainaga yetkazib berilgan HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlaridan Rossiya hududidagi front ortiga zarbalar yo‘llashga ruxsat bergan, shunday ekan, yaqin vaqtlar ichida bunday hujumlar yanada samarali bo‘la boshlashi mumkin.
- Xarkiv frontida Ukraina dengiz piyodalari korpusining alohida bo‘linmalari ko‘rinish bergan, ular bungacha bir necha oy mobaynida Dnipro daryosining chap sohilidagi Krinki qishlog‘i hududidagi platsdarmda hamda daryo deltasidagi orollarda jang qilishgandi. Ularning Xarkiv atrofiga olib kelinishi Ukraina tomonidan maksimal darajada namoyishkorona taqdim etildi. Xususan, «Ptaxi Madyara» dronlar bo‘linmasi mediya komandiri, «Madyar» chaqiruv belgisiga ega Robert Brovdi Lipsiga kirish joyida stendap yozdi. Vovchansk hududida ham dengiz piyodalari bo‘linmalari faqat ularda bo‘lgan texnikalarda ko‘rinish bergan. Xarkiv atrofiga korpus to‘liq hajmda yoki uning bir qismi o‘tkazilgani aniq emas (odatda Ukraina QK qo‘mondonligi yangi front uchun zaxiralarni butun brigadalardan emas, balki ularning alohida bo‘linmalaridan yig‘adi), bu qasddan amalga oshirilgan dezinformatsiya bo‘lib chiqishini ham istisno etib bo‘lmaydi.
- Nima bo‘lganda ham hozircha Ukraina qurolli kuchlarining chegara tomon qarshi hujumi haqida gap bormayapti. Rossiya guruhi ham hali bu yo‘nalishda asosiy kuchlarini ishga tushirgani yo‘q (yurishda ikkita armiya korpusi va Leningrad harbiy okrugining 6-umumqo‘shinlari armiiyasi bo‘linmalari qatnashmoqda; Moskva harbiy okrugi tarkibidan qo‘shimcha bo‘linmalar jalb etilgan bo‘lishi ham mumkin). Va Ukrainaga raqib yurishining ikkinchi bosqichiga tayyorlanish uchun yana zaxira kuchlar kerak bo‘ladi.
- Ukrain kuchlari Dnipro bo‘ylaridan olib o‘tilishi Rossiya qo‘mondonligi foydasiga ishlashi mumkin. RF qurolli kuchlari daryoning chap sohilida yirik kuchlarni, jumladan elita bo‘linmalarni ushlab turishga majbur bo‘layotgandi. Agar Ukraina qurolli kuchlari Xerson oblastidagi desant amaliyotlarni to‘xtatsa, bu kuchlardan boshqa yo‘nalishlarda foydalanish mumkin.
Boshqa yo‘nalishlar
- Rossiya qo‘shini Ukraina qurolli kuchlarini Chasiv Yar yaqinida Severskiy Donets — Donbass kanali ortiga chekintirishga urinishda davom etmoqda. Ukrain kuchlari (qish oxirida bu hududdan Ukraina qurolli kuchlarining qudratli 3-shturm brigadasi Avdiyivka garnizonini qutqarish uchun olib ketilganidan keyin)ga RF qurolli kuchlari hujumini qaytarishga kuch yetishmayapti. Rossiyaliklar Chasiv Yarning kanal sharqiy sohilidagi ikki mikrorayoniga (Kanal va Kalinovka) hujum qilishda davom etmoqda. Rossiya qo‘shini qismlarini kanalning g‘arbiy sohilida, shahar markazi joylashgan hududda ham uchratishgan.
- Chasiv Yardan janubroqda ham RF qurolli kuchlari Ukraina qurolli kuchlarini kanal ortiga surib chiqarishga urinmoqda. May oyida so‘nggi oylarda shiddatli janglar kechgan Kleshchiyevka qishlog‘i xarobalari egallangach, Rossiya qo‘shini ushbu qishloq shimoli va janubidan hujumga o‘tdi. Katta ehtimol bilan, yaqin haftalarda Ukraina qurolli kuchlari RF qo‘shiniga g‘arbiy sohilda barqaror platsdarmlar tashkil etishga yo‘l qo‘ymaslik uchun kanal ortiga chekinishiga to‘g‘ri keladi. Agar rossiyaliklarning Chasiv Yar shimoli va janubiga harakati to‘xtatilmasa, shahar boy berilishi mumkin.
- RF qurolli kuchlari Avdiyivkadan g‘arbga kichik hujumlar uyushtirmoqda. Ammo Ukraina qurolli kuchlarining jangga tashlangan bo‘linmalari (xususan, oldin Avdiyivkaning o‘zini himoya qilgan, keyin ta’til uchun frontdan chaqirib olingan 110-mexanizatsiyalashgan brigada) vaziyatni barqarorlashtirish imkonini berdi.
- Rossiya qo‘shini bir necha haftalik janglardan keyin Krasnogorovka shahrini (Maryinkadan shimolroqda) egalladi. Bahorda Rossiya qo‘shinlari ixtiyoriga o‘tgan Novomixaylovka tomondan Vuhledarga yurish davom etmoqda. Katta ehtimol bilan, yozda RF qurolli kuchlari bu ikki yurishni Ukraina qurolli kuchlarining muhim logistik markazi — Kuraxovo shahri yo‘nalishidagi yagona zarbaga aylantirishga harakat qilib ko‘radi. Ammo bunday ambitsiyali amaliyotni faqat qo‘shimcha zaxiralarni olib kelish orqali amalga oshirish mumkin.
- RF qurolli kuchlari Zaporijjya oblastida va uning Donetsk oblasti bilan chegara hududida ham hujum qilishda davom etmoqda. So‘nggi yo‘nalishda (Velika Novosilkadan janubdagi Mokriye Yali daryosi vodiysida) Rossiya qo‘shini Staromayorske (muvaffaqiyat bilan) va Urojayneda (katta yo‘qotishlar hamda aytarli natijasiz) hujum qilmoqda.
- Shimolda — Kupyansk va Svatove atrofida — RF qurolli kuchlari keng front bo‘ylab oldinga siljishda davom etmoqda. Katta ehtimol bilan, tez orada Ukraina qurolli kuchlari ushbu yo‘nalishga Rossiya yurishini to‘xtatish uchun «o‘t o‘chirish jamoasi»ni yuborishiga to‘g‘ri keladi (bu yerga allaqachon 3-shturm brigadasi tashlangan). Muammo shundaki, Ukraina ixtiyoridagi «o‘t o‘chiruvchilar» kamayib bormoqda.
Mavzuga oid
09:59
Ukraina xandaqlarida taqiqlangan CS gazi izlari topildi
08:37
Sibiga: Ukraina qanchalik uzoqroq zarba bersa, urush shunchalik tezroq tugaydi
01:00
Borrel AQSh Kiyevga 300 kilometrgacha bo‘lgan masofada Rossiya ichkarisiga zarba yo‘llashga ruxsat berganini tasdiqladi
22:02 / 18.11.2024