Toshkentdagi asl uysizlar kimligini bilasizmi? Minglab talabalar! Talabalarga vaqtincha yashashlari uchun odatda uy yetishmaydi. Uy bozoriga borsangiz, quyidagi yozilgan so‘zlarga ko‘zingiz tushadi:
«Studenty, privet. Kvartira net».
«Studentga uy berilmaydi».
«Studentam ne sdayu»
Va hokazo...
So‘nggi yillarda ko‘plab uylar qurilmoqda, biroq yil sayin soni keskin o‘sayotgan, tolibi ilm hisoblangan, vatanimiz kelajagi bo‘lgan talabalar uchun davlat tomonidan ham, xususiy sektor tomonidan ham yotoqxonalar barpo qilinmayapti.
Talabalarning ayniqsa azim Toshkentdagi oshib borayotgan soni mavjud uy zaxirasi soniga mutlaqo nomuvofiq. Uzoq viloyatlardan bu yerga kelgan talabalar buning og‘ir shakldagi badalini to‘lashmoqda — arzon va o‘qishiga yaqin bo‘lgan joydan uy izlash yoki u uydan bu uyga ko‘chish bilan vaqtlarini o‘tkazishmoqda.
Ijara narxi baland
Uy bozori turli sabablarga ko‘ra talabalarni kamsitadi — uy egalari talabadan ko‘ra oilali va ishli ijarachilarni afzal bilishadi. Pandemiya tufayli masofali ta'limga o‘tilgani bois uylar bo‘shagani rost, biroq bu vaqtincha — pandemiya tugagach, yana eski holatga qaytiladi.
Toshkentda talabalar turar joy muammosi quyidagi omillar sabab jiddiy tus olmoqda:
Oliy ta'lim muassasalariga qabul kvotalari 2016 yildan buyon shu kungacha deyarli ikki barobar oshdi;
- poytaxtda yangi universitetlar ochildi, ochilmoqda;
- respublikadagi OTMlarning yarmidan ko‘pi Toshkentda joylashgan;
- yangi tashkil etilayotgan nodavlat OTMlar faqatgina o‘quv binosigagina ega bo‘lib, yotoqxonalarga ega emas;
- mavjud OTMlar o‘z talabalarining deyarli 10 foizini ham yotoqxona bilan ta'minlash quvvatiga ega emas.
Mavjud va ochilayotgan OTMlarning qanchasi o‘z talabalarini yotoqxona bilan ta'minlayapti?
Ko‘pchilik universitetlar shahar markazida joylashgani uchun ularning atrofidagi uylar ham, tabiiyki, qimmat. G‘arbda esa, masalan, asosiy kampuslar shaharlar chetida bo‘ladi, toki, talabaning fikri chalg‘imasin, yotoqxona qurish oson bo‘lsin yoki arzon uy topish osonlashsin.









