Jahon | 08:45 / 19.12.2025
1498
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp 2026 yil uchun AQShning rekord mudofaa budjetini imzoladi

901 mlrd dollar hajmidagi AQSh mudofaa budjeti “urush vazirligi”ga “Kuch orqali tinchlik” siyosatiga amal qilish imkonini beradi, dedi hujjatni imzolagan Donald Tramp.

Foto: REUTERS

AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatning 2026 moliya yili uchun mudofaa budjetini imzoladi. Unda harbiy xarajatlar rekord miqdor — 901 mlrd dollar (taxminan 770 mlrd yevro) etib belgilangan. Bu haqda Oq uy 18 dekabr, payshanba kuni xabar berdi.

“Milliy mudofaa to‘g‘risidagi qonun (National Defense Authorization Act, NDAA) “urush vazirligi”ga “Kuch orqali tinchlik” deb nomlangan siyosatimni amalga oshirish, vatanni ichki va tashqi tahdidlardan himoya qilish hamda mudofaa-sanoat bazasini mustahkamlash imkonini beradi, ayni paytda esa harbiylarimiz jangovar ruhini susaytiruvchi isrofgarchilik va radikal dasturlarni moliyalashtirishni to‘xtatadi”, — deyiladi Trampning Oq uy saytida e’lon qilingan bayonotida.

AQSh Kongressining Vakillar palatasi NDAA'ni 11 dekabrda ma’qullagan, 17 dekabrda esa qonun Senat tomonidan qabul qilingan. Hujjat, jumladan, harbiy xizmatchilar maoshini 3,8 foizga oshirishni, harbiy texnika xaridini va AQShning asosiy raqiblari — Xitoy hamda Rossiyaga nisbatan raqobatbardoshligini kuchaytirish choralarini nazarda tutadi.

Jumladan, 2026 yil mudofaa budjeti Yevropada xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan bir qator normalarni ham o‘z ichiga oladi — bu esa Tramp oy boshida taqdim etgan AQSh milliy xavfsizlik strategiyasiga zid keladi. Umuman olganda, 901 mlrd dollarlik summa prezidentning ushbu maqsadlar uchun so‘ragan mablag‘idan 8 mlrd dollarga ko‘p.

Oq uy rahbari Kongressdan 2026 yil uchun harbiy xarajatlarga 892,6 mlrd dollar ajratishni so‘ragan edi. Senat avvalboshda ularni 925 mlrd dollargacha oshirishni taklif qildi, Vakillar palatasi esa Tramp taklifidagi summaga teng miqdorni ilgari surgan. 2025-moliya yilida (u 30 sentabrda yakunlangan) AQSh mudofaa budjeti 884 mlrd dollar bo‘lgan.

Hujjatda Ukraina qo‘llab-quvvatlanishi alohida ta’kidlangan. Qonun Ukraina xavfsizligini qo‘llab-quvvatlash tashabbusi (Ukraine Security Assistance Initiative, USAI) doirasida 800 mln dollar ajratilishini ko‘zda tutadi — keyingi ikki yilda har yili 400 mln dollardan. Bu mablag‘lar Amerika kompaniyalari orqali Ukraina Qurolli kuchlari uchun qurol xarid qilishga yo‘naltiriladi.

Yana 175 mln dollar Boltiq davlatlari — Estoniya, Latviya va Litvaning mudofaasi uchun ajratiladi. Bundan tashqari, qonun AQSh Mudofaa vazirligining Yevropadagi amerikalik harbiylar sonini 76 000 nafardan kamaytiradigan qarorlar qabul qilish imkoniyatlarini cheklaydi. Yevropadagi AQSh qo‘mondoniga NATOning Oliy bosh qo‘mondoni lavozimidan voz kechish taqiqlanadi.

Qonun loyihasida Tramp taklif qilgan AQSh Mudofaa vazirligini “urush vazirligi” deb qayta nomlash g‘oyasi tilga olinmagan. Garchi AQSh ma’muriyati allaqachon bu nomdan foydalanayotgan bo‘lsa-da, mudofaa vaziri Pit Hegset o‘zini “urush ishlari bo‘yicha davlat kotibi” deb atayotganiga qaramay, rasmiy o‘zgartish Kongress tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Mavzuga oid