O‘zbekiston | 16:28 / 20.10.2025
3826
3 daqiqa o‘qiladi

Tirbandlikni kamaytirish uchun Toshkent chekkasida yuk mashinalari uchun to‘xtash joylari quriladi

Yuk mashinalari tig‘iz vaqtlarda shunday nuqtalarda kutib turishi va yo‘llarda harakat oqimi kamayganida ichkariga o‘tkazilishi mumkin.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevga Toshkent shahri va unga tutash hududlarga keladigan yuk avtomobillari uchun avtovokzallar va to‘xtash joylari qurish loyihasi taqdim etildi.

Ular yo‘l-patrul xizmatining «Erkin» «Sharq» «Bektemir» «Uch qahramon» va «Turbanov» nomli beshta nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida joylashadi. Bu yerda haydovchilar uchun kemping va dam olish zonalari ham ko‘zda tutilgan.

Taqdimotga ko‘ra, ba’zi obektlar uchun 7,7 gektar, 4,25 gektar va 8 gektarlik yer maydonlari ajratiladi. Eng gavjum post Sergeli tumanidagi «Erkin» posti hisoblanadi, u orqali kuniga 40–50 ming avtomobil kirib-chiqadi.

Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov poytaxtda yuk mashinalari harakati tig‘iz vaqtlarda cheklanishini ma’lum qildi.

«Toshkentda tig‘iz paytlarda yuk mashinalari harakatini cheklashga ruxsat bergansiz. Ertalab cheklovlar kiritamiz. Avtobuslardan tashqari, yuk mashinalari uchun kempinglar qurmoqchimiz. Masalan, Samarqanddan chiqqan yuk mashinasi, soat 8:00 da kelib qolsa, o‘sha to‘xtash joyida 3 soat kutib, keyin shaharga kirishi mumkin bo‘ladi. Shunda tig‘iz vaqtlarda bemalol [harakatni] cheklashimiz mumkin. Qolgan vaqtda yuk mashinalari bemalol harakatlana oladi», – dedi u «O‘zbekiston 24» telekanalining «Menimcha» ko‘rsatuvi lavhasida.

Bundan avvalroq Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov har kuni poytaxtga 400 mingdan ortiq avtomobil kirib kelishi, jamoat transporti tizimli yo‘lga qo‘yilmagani harakatni qiyinlashtirib, tirbandliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘layotganini aytib o‘tgandi.

Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Haydarov shaharga kirish-chiqish postlari ko‘chirilishini, bu ham tirbandlikni kamaytirishga xizmat qilishini aytgan.

Umurzoqov tirbandlik muammosini hal qilish uchun shahar tashqarisida avtovokzallar, kempinglar, yuk va yengil avtomobillar uchun to‘xtash joylari qurilishi, mablag‘ masalasi hal qilingani, loyihalash ishlari 2025 yil, qurilish ishlari esa keyingi yil boshida boshlanishi rejalashtirilganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid