Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektor jalb etilishi kutilmoqda
Bu haqda prezident farmoni loyihasi e'lon qilindi. Hujjatda davlat boshqaruvi sohasini takomillashtirishda xususiy sektorni jalb etish, bu borada amaldagi mavjud imkoniyatlarni kengaytirish nazarda tutilmoqda.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida «O‘zbekiston Respublikasi prezidentining ayrim hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi prezident farmoni loyihasi joylashtirildi.
Farmonda davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish masalasi ilgari surilmoqda.
Xususan, hujjat loyihasida davlat rahbarining 2020 yil 26 martdagi «Iqtisodiyotni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirishga oid davlat siyosatini tubdan yangilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonining 1-bandi «l» kichik band bilan to‘ldirilmoqda.
Mazkur bandda:
- «Davlat funksiyalari – biznes uchun imkoniyat loyihasi» va davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazishning kompleks mexanizmi amalga oshirilishi yuzasidan monitoring olib borish va vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
- xususiy sektorga o‘tkazilishi taklif etilayotgan davlat funksiyalari, shuningdek, xususiy sektorning tegishli takliflarini e'lon qilish va muhokamadan o‘tkazish uchun elektron maydoncha faoliyatini yuritib borish;
- xususiy sektorga berilishi mumkin bo‘lgan davlat funksiyalari tahlilini olib borish va o‘rganish natijasida tegishli choralar ko‘rilishi yuzasidan takliflar tayyorlash belgilanmoqda.
Shuningdek, mazkur to‘ldirish prezidentning 2020 yil 26 martdagi PQ–4653–son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi to‘g‘risidagi nizomning 11-bandiga ham «l» kichik band bilan kiritilmoqda.
Nizomning ushbu bandida «Davlat funksiyalari – biznes uchun imkoniyat» loyihasi doirasida davlat funksiyalarini autsorsing, kraudsorsing, davlat ijtimoiy buyurtmasi, akkreditatsiya, sertifikatlashtirish va boshqa usullar va mexanizmlar orqali bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish hamda davlat boshqaruvi sohasini takomillashtirish bo‘yicha amalda mavjud imkoniyatlarni kengaytirish vazifalari belgilanmoqda.
Shu bilan birga, vazirlik va idoralar kesimida xususiy sektorga o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan davlat funksiyalarini tahlil etish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan davlat funksiyalarining yagona reyestrini shakllantirish nazarda tutilyapti.
Mavzuga oid
18:50 / 14.12.2023
Eng yirik 20 ta soliq to‘lovchilar ro‘yxati e’lon qilindi
07:46 / 04.03.2022
Suv xo‘jaligi obektlarini boshqarishga xususiy sektor jalb etiladi
07:51 / 01.01.2022
Majburiy ijro organlarining ayrim funksiyalari xususiy sektorga o‘tkaziladi
09:52 / 31.12.2021