Jahon | 13:10
5619
2 daqiqa o‘qiladi

Eronning tinchlik rejasi tafsilotlari ma’lum bo‘ldi

Eron 14 banddan iborat tinchlik rejasini tuzgan. Tramp Tehron hali «yetarlicha to‘lov qilmagani»ni aytdi.

AFP via Getty Images

Eron hukumati tomonidan pokistonlik vositachilar orqali Vashingtonga yuborilgan harbiy harakatlarni to‘xtatish rejasi 14 banddan iborat.

Erondagi Tasnim agentligi xabariga ko‘ra, Tehron ilgari surayotgan talablar qatorida quyidagilar bor:

  • hujum qilmaslik to‘g‘risida kafolat;
  • Amerika qo‘shinlarini Yaqin Sharqdan olib ketish;
  • harbiy dengiz qamalini bekor qilish;
  • Eronning aktivlarini blokirovkadan bo‘shatish;
  • reparatsiya to‘lash;
  • sanksiyalarni bekor qilish;
  • butun front bo‘ylab, jumladan Livanda ham harbiy harakatlarni to‘xtatish;
  • Ho‘rmuz bo‘g‘ozi faoliyati bo‘yicha yangi mexanizm o‘rnatish.

Axios nashri manbaga tayanib xabar berishicha, Tehronning rejasida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi faoliyatini qayta tiklash, AQShning dengiz orqali qamalini to‘xtatish hamda urushni uzil-kesil tugatish bo‘yicha muzokaralar uchun bir oylik muddat belgilangan.

Kelishuvga erishilgandan so‘ng Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha yana bir oylik muzokaralar rejalashtirilgan, deya ta’kidlaydi nashr suhbatdoshlari.

AQSh prezidenti Donald Tramp allaqachon Tehronning takliflariga oldindan munosabat bildirgandi.

«Tez orada men Eron bizga yuborgan reja bilan tanishib chiqaman, ammo uning qabul qilinishi mumkinligini tasavvur qila olmayman, chunki Eron so‘nggi 47 yil ichida insoniyat va dunyoga qilgan ishlari uchun hali yetarlicha to‘lov qilmadi», – deya yozgan u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Aprel oyi boshidan buyon Eron va AQSh o‘rtasida vaqtinchalik sulh amal qilmoqda. Ammo tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan: ular asosiy masalalarning (Eron yadroviy dasturini tugatish hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish) birortasi bo‘yicha kelishuvga erisha olmadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid