14:47 / 15.03.2019
7382

O‘zbekistonda Yoshlar akademiyasi tashkil etiladi

Foto: Depositphotos

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ilmiy-ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Qayd etilishicha, ilmiy-tadqiqot faoliyatiga iqtidorli yoshlarni jalb etish natijalari tahlili mazkur sohada qator tizimli muammolar va kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatgan. Jumladan:
          
birinchidan, mamlakatimizda ilm-fan va ta'lim sohalarini rivojlantirish doirasida chuqur ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun yosh malakali mutaxassislarni tanlab olishda yosh olimlar va iqtidorli yoshlarning umumiy ma'lumotlar bazasi yaratilmagani jiddiy qiyinchiliklar tug‘dirmoqda;
          
ikkinchidan, yoshlar orasidan davlat mukofotlari laureatlari, respublika va xalqaro olimpiadalar g‘oliblari bilan tizimli ishlar olib borilmay, ularga faqat qimmatbaho mukofotlar hamda ta'lim jarayonida belgilangan ayrim imtiyozlar berish bilan cheklanib qolinmoqda;
          
uchinchidan, iqtidorli yoshlar va yosh olimlarni taniqli olimlar rahbarligida ilmiy-tadqiqot faoliyatida birlashtiruvchi va ilmiy maktablarni rivojlantirishga xizmat qiluvchi yagona tizim mavjud emas. Vazirlik va idoralar huzurida tashkil etilgan Yosh olimlar kengashlari faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari ishlab chiqilmagan;
          
to‘rtinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasini doimiy a'zolarini kadrlar zaxirasi bilan to‘ldirish masalasi keskinligicha qolmoqda, akademiklarni o‘rtacha yoshi hozirda 77 yoshni tashkil etadi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar Akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining:
          
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasini tashkil etish;
          
Yoshlar akademiyasining raisligini O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining ilmiy darajaga ega o‘rinbosarlaridan biriga yuklatish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.

Yoshlar akademiyasining vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot va ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda yoshlarni ijodiy va intellektual barkamol etib tarbiyalashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
          
maktab va litsey o‘quvchilari, oliy ta'lim muassasalari talabalari va ilmiy darajaga ega yosh olimlar bilan maqsadli ishlashni tashkil etish;
          
iqtidorli va ilmiy-tadqiqotlarni bajarish qobiliyatiga ega yoshlarni aniqlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yosh olimlarni tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish;
          
yoshlarning ilmiy-tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish, ular uchun turli darajalardagi simpozium, konferensiya, davra suhbatlari kabi ilmiy va ilmiy-amaliy tadbirlarni o‘tkazish;
          
yoshlarning ilmiy ko‘nikmalarini shakllantirish jarayoniga xorijiy olim va mutaxassislarni keng jalb qilish, ular ishtirokida seminar-trening va mahorat darslari kabi o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish;
          
iqtidorli va ilmiy-tadqiqot faoliyatiga layoqatli yoshlar bo‘yicha yagona ma'lumotlar bankini shakllantirish va muntazam ravishda yangilab borish;
          
ilmiy va innovatsion startap akselerator va biznes-inkubatorlarni tashkil etish asosida yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga tayyorlash va ularni kasbga yo‘naltirish choralarini ishlab chiqish.

Yoshlar akademiyasida iqtidorli yoshlar va yosh olimlar bilan ishlash:
          
umumta'lim maktablari va akademik litseylar o‘quvchilaridan davlat mukofotlari sohiblari va fan olimpiadalari g‘oliblarini “Yosh bilimdonlar klubiga”;
          
oliy ta'lim muassasalari talabalaridan davlat mukofotlari laureatlari, davlat stipendiyalari sovrindorlari hamda fan olimpiadalari g‘oliblarini “Bo‘lajak olimlar klubiga”;
          
40 yoshgacha bo‘lgan ilmiy daraja egalarini “Bo‘lajak akademiklar klubi”ga a'zolikka qabul qilgan holda, ularning ilmiy-ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan maqsadli tadbirlarni amalga oshirish asosida tashkil etiladi.

Yoshlar akademiyasi doirasida o‘zining faolligi, erishgan yutuqlari salmog‘i, iqtidori, ilmiy salohiyati bilan alohida ajralib turgan, ilmiy tadqiqotlar olib borishga ishtiyoqi baland yoshlarni munosib taqdirlash uchun “Yosh erudit”, “Akademik shogirdi” va “Yosh akademik” ko‘krak nishonlari ta'sis etiladi.

Belgilanishicha:

“Yosh erudit” ko‘krak nishoni “Yosh bilimdonlar klubi”ning saralab olingan a'zolariga eng kam ish haqining uch barobar miqdoridagi;
          
“Akademik shogirdi” ko‘krak nishoni “Bo‘lajak olimlar klubi”ning saralab olingan a'zolariga eng kam ish haqining besh barobari miqdoridagi;
          
“Yosh akademik” ko‘krak nishoni “Bo‘lajak akademiklar klubi”ning saralab olingan a'zolariga eng kam ish haqining o‘n barobari miqdoridagi bir martalik pul mukofotlari bilan birga tantanali ravishda topshiriladi.

Top