Jahon | 08:42 / 09.12.2025
7668
4 daqiqa o‘qiladi

Putin zaxiradagilarni harbiy yig‘inlarga chaqirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi

Putin farmoniga ko‘ra, zaxirada bo‘lgan fuqarolar RF Qurolli kuchlari, Rosgvardiya, qutqaruvchi harbiy tuzilmalar, shuningdek davlat muhofazasi organlari va FSB tizimida o‘tkaziladigan harbiy yig‘inlarga chaqiriladi.

Foto: Kirill Kuxmar/ TASS

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2026 yilda zaxirada bo‘lgan RF fuqarolarini harbiy yig‘inlarga chaqirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjat dushanba, 8 dekabr kuni huquqiy hujjatlar portalida e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, Rossiya fuqarolari — rezervchilar Qurolli kuchlar, Rosgvardiya, qutqaruvchi harbiy tuzilmalar, shuningdek davlat muhofazasi organlari va FSBda o‘tkaziladigan yig‘inlarga chaqiriladi. Farmondagi to‘rtta banddan ikkitasi «xizmat foydalanishi uchun» degan belgini olgan.

«Harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, zaxirada deb quyidagilar hisoblanadi: harbiy hisobda turadigan, ammo tinchlik davrida amaliy harbiy xizmat majburiyatlarini bajarmaydigan shaxslar, ya’ni: muddatli yoki shartnoma asosida xizmatni o‘tab bo‘lgan erkaklar; xizmat qilmagan, biroq oldin muddatli imtiyoz olgan, 30 yoshga yetganlar va h.k.; harbiy oliy o‘quv yurtlari va o‘quv markazlari (sobiq harbiy kafedralar) bitiruvchilari; aloqa, tibbiyot va shu kabi sohalarda harbiy mutaxassislikka ega ayollar.

Bundan oldinroq, 4 noyabr kuni Vladimir Putin rezervchilardan hayotiy ahamiyatga ega obektlarni qo‘riqlash uchun foydalanishga ruxsat beradigan farmonni imzolagandi.

10 noyabr kuni «Kommersant» gazetasi yozishicha, RFning Ukrainaga hujumi munosabati bilan kamida 19 ta Rossiya mintaqasi mamlakat hududidagi muhim ahamiyatga ega obektlarni qo‘riqlash uchun jalb etiladigan rezervchilar bo‘linmalarini shakllantirish bo‘yicha kampaniyani boshlagan.

Nashr tafsilotlariga ko‘ra, avvalo «dushman dronlariga qarshi kurashga jalb etiladigan» rezervchilar mazkur davrda harbiy xizmatchi maqomini oladi. Rezervchilarni bunday obektlarni qo‘riqlashga hukumat belgilaydigan tartib asosida o‘tkaziladigan maxsus yig‘inlar doirasida jalb qilish mumkin bo‘ladi.

RF Qurolli kuchlari Bosh shtabi bosh tashkiliy-safarbarlik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, vitse-admiral Vladimir Tsimlyanskiy alohida ta’kidlashicha, rezervchilar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida ishtirok etishga yoki RF hududidan tashqaridagi vazifalarni bajarishga jalb etilmaydi. Ammo Putin imzolagan yangi farmon matnida rezervchilardan foydalanish bo‘yicha bunday cheklovlar ko‘zda tutilmagan.

4 noyabr kuni Vladimir Putin shuningdek fuqarolarni yilning butun davomida — 1 yanvardan 31 dekabrgacha — harbiy xizmatga chaqirishga ruxsat beradigan qonunni ham imzoladi. 2026 yil 1 yanvaridan boshlab harbiy komissariatlar chaqiriladigan fuqarolarga har kuni elektron yoki yozma chaqiruv qog‘ozi yuborishi, ularning tibbiy ko‘rigini tashkil etishi va chaqiruv komissiyasi majlislarini o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, harbiy komissariatga kelish sanasi davlat reyestrida elektron chaqiruv qog‘ozi joylashtirilgan kundan e’tiboran 30 kundan ortiq muddatga belgilanmasligi lozim. Hozirgi kunda elektron chaqiruv qog‘ozining amal qilish muddati cheklanmagan.

Xizmat o‘tash joyiga jo‘natish esa, avvalgiday, yiliga ikki marta amalga oshiriladi: 1 apreldan 15 iyulgacha va 1 oktyabrdan 31 dekabrgacha.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid