Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin-Aroqchi uchrashuvi, Eron taklifini rad etgan Tramp va Indoneziyada to‘qnashgan poyezdlar – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQSh Eronning taklifini rad etdi
AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning ikki oylik urushni hal qilish bo‘yicha so‘nggi taklifidan norozi. Eron taklifiga ko‘ra, yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralar — urush tugamaguncha va Ho‘rmuz bilan bog‘liq nizolar hal qilinmaguncha chetga surib turilishi kerak edi.
Tramp dushanba kuni o‘z maslahatchilari bilan uchrashgan. Reuters’ning yozishicha, Eronning bu shartlari – yadroviy masalalarni boshidanoq muhokama qilish kerakligini ta’kidlayotgan AQShni qoniqtirmaydi. Tramp aynan shu sababli Eron taklifidan norozi bo‘lgan.
Oq uy matbuot rasmiysi Oliviya Uels AQSh «matbuot orqali muzokaralar olib bormasligini» va Tramp ma’muriyati o‘zining «qizil chiziqlarini aniq belgilab olganini» aytdi.
Urushayotgan tomonlar hali ham kelishuvdan yiroq ekani sabab neft narxi seshanba kuni Osiyodagi savdolarda o‘sishda davom etdi.
Rossiya Eronni qo‘llab-quvvatlamoqda
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi dushanba kuni Sankt-Peterburgda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi.
Eron ittifoqchisi bo‘lgan Moskva Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqinni davom ettirar ekan, shu paytgacha Yaqin Sharqdagi mojaroga bevosita aralashishdan tiyilib kelmoqda. Biroq Putin dushanba kuni o‘z yordamini taklif qilib, Eron urushning ushbu «og‘ir davridan» o‘tib olishiga umid bildirdi.
«O‘z navbatimizda, biz sizning manfaatlaringizga, mintaqadagi barcha xalqlarning manfaatlariga xizmat qiladigan va tinchlik imkon qadar tezroq o‘rnatilishi uchun barcha choralarni ko‘ramiz», degan Putin.
Rus OAVlariga intervyu bergan Aroqchi Pokistonda o‘tgan muzokaralarning birinchi raundi samarasiz yakunlangani uchun AQShni aybladi.
«AQSh yondashuvi va haddan tashqari talablari tufayli, ma’lum bir siljishlar bo‘lganiga qaramay, avvalgi muzokaralar o‘z maqsadiga erisha olmadi», dedi Aroqchi. Shuningdek, u «Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz o‘tish muhim global masala» ekanini qo‘shimcha qildi.
Aroqchining ushbu safarlari AQSh bilan muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, har ikki tomon bir-birining talablarini rad etayotgan bir vaqtda amalga oshirilmoqda.
Indoneziyada poyezdlar to‘qnashuvi
Dushanba kuni kechqurun Indoneziya poytaxti Jakarta yaqinida shahar atrofi bo‘ylab qatnovchi va uzoq masofaga harakatlanuvchi poyezdlar to‘qnashdi. Kamida 14 kishi halok bo‘lgan, yana 84 kishi jarohatlangan. Indoneziya qidiruv va qutqaruv agentligi seshanba kuni evakuatsiya ishlari yakunlanganini ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, shahar atrofi poyezdi dastlab relsdagi taksi bilan to‘qnashgan, shundan so‘ng uni uzoq masofaga qatnovchi poyezd urib yuborgan. Indoneziya Milliy transport xavfsizligi qo‘mitasi halokat yuzasidan tergov olib bormoqda.
Ushbu to‘qnashuvda eng katta zarba faqat ayollar uchun mo‘ljallangan vagonga to‘g‘ri kelgan. Qurbonlarning barchasi ayollar bo‘lib, ularning aksariyati ezilgan metall konstruksiyalar orasida qisilib qolgan.
Shahar atrofi poyezdlari zich aholiga ega shahar – Jakartadagi eng gavjum transport turlaridan hisoblanadi. Halokatdan so‘ng prezident Prabovo Subianto tirbandlik muammosini hal qilish uchun temiryo‘l yaqinida estakada qurishga kelishganini, shuningdek, hukumat to‘qnashuv sabablarini o‘rganishini aytdi.
Pokiston yana Afg‘onistonga zarba berdi
Pokistonning Afg‘oniston sharqidagi Kunar provinsiyasiga uyushtirgan hujumlari oqibatida kamida yetti kishi halok bo‘ldi va 75 kishi jarohatlandi. BBC nashrining «Tolibon» hukumatiga tayanib yozishicha, jarohatlanganlarning 30 nafari universitet talabalari hisoblanadi.
Pokiston Axborot vazirligi universitet va turar joy hududlariga hujum qilinganini rad etib, bu xabarlarni «feyk» deb atadi. Kunardagi hujumlar haqidagi xabarlar Pokistonning Kobuldagi narkologik reabilitatsiya markaziga havo zarbalari berib, 269 kishini o‘ldirganidan bir necha hafta o‘tib paydo bo‘ldi.
«Tolibon» vakillarining aytishicha, Kunar provinsiyasiga minomyot va raketalardan o‘t ochilgan. Boshqa manbalar BBC’ga hujumda qiruvchi samolyotlar va dronlardan foydalanilganini bildirdi.
So‘nggi oylarda Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi chegaraoldi to‘qnashuvlarida yuzlab odam halok bo‘ldi yoki jarohatlandi. Aprel oyi boshida Xitoy vositachiligida Urumchida bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng o‘rnatilgan mo‘rt sulh shu paytgacha saqlanib kelayotgan edi.
Pokistonning o‘zi Eron va AQSh o‘rtasidagi urushda vositachilik qilyapti. Uning «Tolibon» bilan munosabatlari — afg‘onlar «Pokiston Toliboni» guruhiga boshpana berganidan keyin yomonlashgan.
Ukraina YeIga kirish shart
Germaniya kansleri Fridrix Mers Ukraina Rossiya bilan kelajakdagi tinchlik shartnomasida o‘z hududining bir qismi Kiyev nazoratidan tashqarida qolishi mumkinligiga ishora qildi. U bunday yon bosishlarni mamlakatning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish istiqbollari bilan bog‘ladi.
«Qaysidir pallada Ukraina o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimni, qaysidir pallada esa umid qilamizki, Rossiya bilan tinchlik shartnomasini imzolaydi. O‘shanda Ukraina hududining bir qismi endi uning tarkibida bo‘lmasligi mumkin», dedi Mers.
«Agar prezident Zelenskiy buni o‘z xalqiga yetkazmoqchi bo‘lsa va bu qaror uchun ko‘pchilikning qo‘llab-quvvatlashiga erishishi kerak bo‘lsa — buning uchun u referendum o‘tkazishi lozim. U holda u bir vaqtning o‘zida xalqqa: men sizlar uchun Yevropaga yo‘l ochdim, deb ayta olishi kerak», deya qo‘shimcha qildi Mers.
Hozirda Ukraina ittifoqqa a’zolikka rasmiy nomzod maqomiga ega. Biroq Mers a’zolik jarayoni tez fursatda amalga oshishi borasida ortiqcha umidga berilmaslikdan ogohlantirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina urush holatida bo‘la turib ittifoqqa qo‘shila olmaydi va avvalo huquq ustuvorligi hamda korrupsiyaga qarshi kurash kabi qat’iy mezonlarga javob berishi shart.
«Zelenskiyda 2027 yil 1 yanvardan YeIga qo‘shilish g‘oyasi bor edi. Bu amalga oshmaydi. Hatto 2028 yil 1 yanvar ham realistik emas», dedi Mers.
Nigeriyada qonli hujum
Nigeriya shimoli-sharqidagi Adamava shtatida jangarilar qishloqqa hujum qilishi oqibatida kamida 29 kishi hayotdan ko‘z yumdi.
Rasmiylarga ko‘ra, IShID hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi, biroq hujum sabablarini ochiqlamadi. Mahalliy aholi so‘zlariga ko‘ra, jangarilar odamlar to‘plangan futbol maydoniga bostirib kirib, tartibsiz ravishda o‘t ochishgan. Shundan so‘ng ular uylarni, ibodatxonalarni va mototsikllarni yoqib yuborishgan.
Shtat gubernatori Ahmad Umaru voqea joyiga yetib borgani tasvirlangan suratlarni e’lon qilib, ushbu hujumni «insoniyatga nisbatan haqorat» deb ta’rifladi. Guyaku qishlog‘ida amalga oshirilgan bu hujum bir necha soat davom etgan.
Kamerun bilan chegaradosh bo‘lgan ushbu notinch mintaqada so‘nggi yillarda mahalliy jinoiy guruhlar va IShIDga aloqador bo‘linmalar tomonidan tez-tez hujumlar uyushtirilmoqda.
Nigeriya hukumati Afrika qit’asining eng ko‘p aholiga ega davlati sifatida xavfsizlik muammolarini bartaraf etish bo‘yicha kuchli bosim ostida qolmoqda. O‘tgan yil oxirida AQSh Nigeriyaning shimoli-g‘arbiy qismida jangarilarga qarshi «kuchli va halokatli» havo zarbalarini bergandi.
Mavzuga oid
15:45
Rossiyaning otashkesim taklifi, Erondagi urush narxi va Qodirovni qo‘llagan Putin – kun dayjesti
14:30 / 29.04.2026
OPECʼdan chiqayotgan BAA, AQShga kelgan qirol Charlz, Ukraina va Isroil o‘rtasida diplomatik mojaro – kun dayjesti
15:39 / 27.04.2026
Trampning eronliklarga taklifi, Kolumbiyada terakt va Suriyada Bashar Asadga qarshi sud – kun dayjesti
15:43 / 25.04.2026