16:45 / 05.12.2023
19246

Bir-biridan arazlab ikkita kompaniya ochgan aka-ukalar - Adidas va Puma tarixi

Dunyodagi ko‘zga ko‘ringan turli kompaniyalar tarixida g‘aroyib ishlar ham bor. Jumladan, bugun sport mahsulotlari ishlab chiqaruvchi dunyoning ikkita yirik kompaniyasi bitta oilaga tegishli ekanini ko‘pchilik ham bilavermaydi. Dasslerlar oilasi avvaliga «Aka-uka Dasslerlar» kompaniyasini ochishadi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng aka-uka Rudolf hamda Adolf Dassler orasidan ola mushuk o‘tadi va ular o‘z kompaniyalarini tashkil etishadi.

1898 yil va 1900 yilda Germaniyadagi Bavariya federal yerida joylashgan Xersogenaur shahrida yashovchi Dasslerlar oilasida ketma-ket ikkita o‘g‘il tug‘iladi. Kattasini Rudolf, kichigini Adolf deb atashadi.

Birinchi jahon urushi boshlanganda Rudolfni armiyaga chaqirishadi va u G‘arbiy frontda janglarda qatnashadi. Adolf esa urushning oxirroqlarida armiyaga chaqiriladi va ko‘p o‘tmasdan urush tugaydi.

Aka-ukalar omon qolishgan, hatto jarohat ham olmagan edi. Biroq atrofda urushning mash’um asoratlari bilan yurgan nogironlar juda ko‘p edi.

1919 yilda Adolf otasi yordamida oyoq kiyimlari tayyorlaydigan korxona ochadi. O‘sha paytda urushda yengilgan Germaniyada iqtisodiy inqiroz yuz bergan, odamlarda hatto o‘rtacha narxdagi oyoq kiyimini sotib olishga ham pul yo‘q edi.

Shu sababli ota-bola oyoq kiyimlarini asosan eski harbiy kiyimlar, buyumlar va avtomobil shinalaridan foydalanib tayyorlashadi.

Rudolfning taqdiri biroz boshqacha kechadi. Frontdan qaytgach u Myunxenga ketadi va politsiyaga ishga kiradi. Biroq u yerda uzoq qolmaydi va ikki-uch yilda bir nechta joyda ishlab ko‘radi.

1924 yilda Adolf akasi Rudolfni yoniga chaqiradi va oyoq kiyimlarni birga ishlab chiqarishni taklif etadi. Rudolf rozi bo‘ladi va ukasi yoniga qaytib keladi. Ular tashkil etgan kompaniya «Aka-uka Dasslerlar» («Gebrüder Dassler») deb atalardi.

«Aka-uka Dasslerlar» kompaniyasining tikuv binosi

Aka-uka kompaniyadagi ishni o‘zaro bo‘lib olishadi: Rudolf mahsulotlarning sotilishini, Adolf esa ishlab chiqarishni nazorat qiladi.

«Aka-uka Dasslerlar»da tayyorlangan oyoq kiyimlar tez orada ommalashib ketadi. Ko‘p o‘tmay o‘tmay ular avvaliga temir tishli, so‘ng ortopedik tagcharmlar bilan jihozlangan oyoq kiyim ishlab chiqarishni boshlashadi.

Har ikki turdagi oyoq kiyimlar sportchilar orasida tez ommalashadi. Temir tishli oyoq kiyim ishlab chiqarish g‘oyasi Adolfga tegishli edi. 1928 yilda bu ixtiro uchun kompaniya patent oladi.

1928 yilda Yozgi olimpiada o‘yinlari Niderlandiya poytaxti Amsterdam shahrida o‘tkaziladi. Rudolf savdoga mas’ul shaxs sifatida Amsterdamga boradi va u yerda o‘z kompaniyasi mahsulotlarini targ‘ib qiladi.

Ana shu musobaqalarda germaniyalik sportchilarining bir qismi «Aka-uka Dasslerlar»da tayyorlangan oyoq kiyimlardan foydalanadi va g‘olib chiqadi.

Medallar soni bo‘yicha umumiy hisobda germaniyalik sportchilar AQSh jamoasidan so‘ng ikkinchi o‘rinni egallashadi. Shundan so‘ng kompaniya mahsulotlariga boshqa davlat sportchilari ham qiziqa boshlashadi.

Shu o‘rinda muhim bir faktni ham keltirib o‘tish kerak, «Aka-uka Dasslerlar» kompaniyasining taraqqiy etishida «Nemis milliy-sotsialistik ishchilar partiyasi» deb nomlanuvchi partiyaning (Hitler ham shu partiya vakili bo‘lgan) hissasi katta.

1930 yilda o‘tkazilgan saylovlarda shu partiya g‘alaba qozonadi va hokimiyat tepasiga keladi. Shundan so‘ng sportga davlat darajasida e’tibor oshadi va shunga qarab «Aka-uka Dasslerlar» kompaniyasiga ham buyurtmalar ko‘proq tusha boshlaydi.

1933 yilda o‘tkazilgan saylovlarda yana «Nemis milliy-sotsialistik ishchilar partiyasi» g‘alaba qozonadi va uning yetakchisi Adolf Hitler Germaniya kansleri etib tayinlanadi.

Shundan so‘ng Germaniya yana imperializm g‘oyalari bilan zaharlana boshlaydi va Hitler nemislarni oliy irq deb e’lon qiladi. Uning g‘oyalariga ko‘ra boshqa barcha millatlar nemislarga xizmat qilishi lozim edi.

Adolf Dassler korxonasida

Berlin olimpiadasi va hafsalani pir qilgan Hitler

Berlin 1936 yilda o‘tkaziladigan Yozgi olimpiada o‘yinlarini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritadi. Bu paytda Germaniyada natsizm g‘oyalari zo‘r berib targ‘ib qilinayotgandi.

Germaniyada siyosatning salbiy tomonga o‘zgarishi xalqaro olimpiya qo‘mitasi uchun muammo tug‘dira boshlaydi. Ayrim davlatlar vakillari Yozgi olimpiada o‘yinlarini o‘tkazishni Berlindan tortib olishni talab qilib chiqishadi. Biroq bu ish amalga oshmaydi.

Berlin olimpiadasidan oldin aka-uka Dasslerlar amerikalik qora tanli sportchi Jyessi Ouens bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha shartnoma imzolashadi. O‘sha paytda ularning bu ishi «nemislar oliy irq ekanini» da’vo qilayotgan tuzumga yoqmaydi, biroq indashmaydi.

Jyessi sportning yugurish bo‘yicha musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashadi. U 100, 200 va 4*100 metrga yugurish va uzunlikka sakrash bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda g‘olib chiqib, to‘rtta oltin medalni qo‘lga kiritadi.

O‘shanda bir nechta jahon rekordlarini yangilagan Jyessi o‘z g‘alabalari bilan bir tomondan «Aka-uka Dasslerlar» kompaniyasini mashhur qiladi. Boshqa tomondan nemislar oliy irq deb da’vo qilib kelayotgan Hitlerning yuziga «tarsaki tushiradi».

Jyessi Ouens Berlin olimpiadasida. Uning yonidm turgan germaniyalik sportchi natsistlarga xos holda qo‘lini ko‘tarmoqda.

Jyessigacha Berlin olimpiadasida qora tanli sportchi g‘alaba qozonmagandi. Berlin olimpiadasida har bir g‘olibni stadiondagi alohida lojasiga chorlab oltin medal topshirgan Hitler, Jyessiga kelganda bu ishni qilmaydi.

O‘shanda xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti bo‘lgan Anri de Bayye-Latur Hitlerdan Jyessini ham tabriklashni o‘tinib so‘raydi. Lekin u bu iltimosni e’tiborsiz qoldiradi. Lekin boshqalarni ham o‘z lojasiga chaqirishni to‘xtatadi.

Jyessining «reklama»sidan so‘ng «Aka-uka Dasslerlar» kompaniyasining ishi yanada yurishib ketadi. Olimpiadada qatnashayotgan ko‘plab davlat vakillari o‘z sportchilari uchun oyoq kiyimlariga buyurtma berishadi.

Aka-ukalar o‘zlari ijaraga olib ishlayotgan ikki qavatli binoni sotib olib, tepasiga uchinchi qavatni qo‘shishadi. So‘ng har kuni 1 000 juftdan oyoq kiyim tayyorlab, ularni sportchilarga yetkazib bera boshlashadi.

Aka-ukalar o‘rtasidagi nizoning boshlanishi

Rudolf va Adolf Hitler boshchiligidagi partiyaga 1933 yilda a’zo bo‘lib kirishgandi. 1936 yilda Hitlerning qora tanli sportchiga oltin medallarni topshirishni istamagani Adolfda yomon taassurot qoldiradi. U o‘zi a’zo bo‘lgan partiyaning va Hitlerning to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganiga shubhalana boshlaydi. Bu esa aka-uka o‘rtasida ilk sovuqchilik tushishiga sabab bo‘ladi.

Keyinchalik Hitler Yevropani bosib olishni boshlagandan so‘ng Rudolfni ham unga nisbatan fikrlari salbiy tomonga o‘zgaradi. Biroq bungacha sodir bo‘lgan ishlar aka-ukaning orasida ko‘rinmas jar paydo qilgandi.

Ikkinchi jahon urushi boshlangach «Aka-uka Dasslerlar» kompaniyasining ishi orqaga keta boshlaydi. Aka-ukalar ikkinchi fabrikani yopishga majbur bo‘lishadi.

Aka-uka Adolf va Rudolf Dassler urushdan so‘ng

Ko‘p o‘tmay ishlab turgan fabrikani davlat tortib oladi, u yerda harbiylar uchun oyoq kiyimlar tayyorlana boshlanadi. Aka-ukalarni esa armiyaga chaqirishadi.

Davlat tortib olgan fabrikada ishlar uncha yurishmaydi. Shundan so‘ng Adolfni armiya hisobidan chaqirib olishadi va u o‘zining sobiq korxonasiga rahbarlik qila boshlaydi.

Rudolfning hayoti og‘irroq kechadi. U frontga bormaslik uchun ko‘zi xiraligini aytadi, biroq bu naf bermaydi va uni Polshadagi korxonalardan biriga jo‘natib yuborishadi.

1945 yilda Rudolf u yerdan qochadi. Biroq gestapo tezda uni tutadi va konslagerga jo‘natib yuboradi. Rudolfni konslagerga olib ketishayotganda amerikalik harbiylar qutqarishadi.

Biroq Rudolfning muammolari bu bilan tugamaydi. Urush tugagandan so‘ng uni yana hibsga olishadi. Bu safar uni natsistlarga yordam berganlikda va gestapo bilan hamkorlikda ayblashadi. Rudolfni qayta tarbiyalash lageriga jo‘natishadi.

Rudolfni hibsga olishgan paytida u ukasidan gumon qiladi va tergov paytida ukasining tashabbusi bilan fabrikada harbiy uskunalar ishlab chiqarilganini aytadi.

Rudolfning bu ko‘rsatmasidan so‘ng Adolfni ham so‘roq qilishadi va jarayon ikki yil davom etadi. Biroq unga qo‘yilgan bu ayblar o‘z tasdig‘ini topmaydi.

Rudolfning ko‘rsatmalaridan so‘ng aka-uka o‘rtasidagi munosabat butunlay yomonlashadi. Ko‘p o‘tmay Rudolf ham ozod qilinadi va ukasining yoniga qaytadi. Aka-ukalar har ikki fabrikani qaytarib olishadi va ishni noldan boshlashadi.

Biroq urushdan so‘ng bir muddat «Aka-uka Dasslerlar»ga tegishli korxonalar tovon sifatida amerikaliklar uchun mahsulot ishlab chiqaradi. Amerikaliklar ularni shunga majburlashadi.

O‘sha paytda aka-ukalar ishchilarga maosh o‘rniga oziq-ovqat, o‘tin va boshqa narsalar berishga majbur bo‘lishadi. Bu holat ikki yil davom etadi va 1947 yildan boshlab amerikaliklar ularga erkinlik beradi.

1948 yilda aka-ukalarning otasi vafot etadi. Shundan so‘ng Rudolf ukasi bilan hamkorlikda ishlashni xohlamaydi va aka-ukalar ishlab chiqarishni taqsimlashga qaror qilishadi.

Rudolf o‘z korxonasini ochishga qaror qiladi. Ishchilarga esa tanlov beriladi. Ularning asosiy qismi Adolf bilan qoladi, boshqalari Rudolf qo‘l ostiga o‘tadi. Adolf asosiy korxonada qoladi. Rudolfga urush paytida yopib yuborilgan ikkinchi korxona tegadi.

Avvaliga aka-ukalar mahsulotni bir poydan alohida ishlab chiqarmoqchi bo‘lishadi. Bu g‘oya kelajakda o‘zaro munosabatlarda yana muammolar keltirib chiqarishi mumkin edi. Shu uchun undan voz kechishadi va Rudolf alohida brend qilishga qaror qiladi.

Shu tariqa bitta shaharda bir biriga raqobatchi bo‘lgan ikkita kompaniya tashkil etiladi. Adolf o‘z kompaniyasini Adidas (Adolf Dasslerdan qisqartma), Rudolf esa «Ruda» (Rudolf Dasslerdan qisqartma) deb nomlaydi. Ko‘p o‘tmay Rudolf kompaniyasining nomini Puma deb o‘zgartiradi.

Adolf va Rudolf Dassler

Adidas va Puma

Aka-ukalar o‘z kompaniyalarini ochishgach ular o‘rtasida juda jiddiy raqobat paydo bo‘ladi. Yillar davomida ular bir birini g‘oya va dizaynni o‘g‘irlashda ayblab bir necha martadan sudga beradi.

Rudolf va Adolf o‘z ishchilariga raqobatchi kompaniya ishchilari bilan bordi-keldi qilishni ham taqiqlab qo‘yishadi. Maqsad, yangi g‘oya va dizaynlarni raqobatchi kompaniyaga sotib qo‘ymasin degan xavotir bor edi.

1954 yilda Rudolfning kompaniyasi ilk bor tagcharmdagi tishlarni almashtirsa bo‘ladigan butsalar ishlab chiqara boshlaydi. Bu mahsulot tezda Germaniya chempionatida to‘p suradigan futbol jamoalarining e’tiborini tortadi.

Ko‘p o‘tmay, 1954 yilda futbol bo‘yicha o‘tkaziladigan jahon chempionatida qatnashishi lozim bo‘lgan Germaniya terma jamoasi vakillari shunday butsalardan buyurtma berishadi. Biroq Puma kompaniyasi buyurtmalari ko‘p bo‘lgani sababli uni rad etishga majbur bo‘ladi.

Amakivachchalar Xorst va Armin Dassler

Xuddi shuni poylab o‘tirganday Adolf ham Adidas kompaniyasida tagcharmdagi tishlarni almashtirsa bo‘ladigan butsalar ishlab chiqara boshlaydi va terma jamoa buyurtmasini u oladi.

Germaniya termasi o‘sha chempionatda Adidas butsalarida o‘ynaydi. Adolf esa terma jamoa o‘yinlarini zaxiradagi o‘yinchilar yonida o‘tirib tomosha qilishga muvaffaq bo‘ladi.

Oxir-oqibat nemislar Shveytsariyada o‘tkazilgan jahon chempionatida g‘alaba qozonishadi va bu Adidas kompaniyasi uchun yaxshigina reklama bo‘ladi. Shundan so‘ng Adolf Germaniya olimpiya qo‘mitasi bilan stadionlarda o‘z reklamasini joylashtirish bo‘yicha shartnoma imzolaydi.

Oradan ko‘p o‘tmay Rudolfning o‘g‘li Armin va Adolfning o‘g‘li Xorst o‘z kompaniyalarida muhim shaxslarga aylanishadi. Ular otalaridan yashirincha o‘zaro kelishib olishadi.

Kelishuvga ko‘ra har ikki kompaniya bir birining mijozi bo‘lgan sportchilari o‘ziga og‘dirib olishga urinmaydi. so‘nggi paytlarda reklama uchun juda katta pul so‘rayotgan Pele bilan ularning ikkalasi ham hamkorlik qilmaydi.

1958 yilda Shvetsiyada o‘tkazilgan jahon chempionatigacha Puma kompaniyasi bir nechta terma jamoa o‘yinchilari bilan individual shartnoma imzolaydi.

Ular orasida Braziliya terma jamoasi futbolchilari ham bor edi. Shu joyda Rudolfning o‘g‘li Armin kelishuv shartlariga amal qilmaydi va Pele bilan ham alohida shartnoma tuzadi.

Chempionatda Braziliya g‘alaba qozonadi, Pele esa eng yaxshi o‘yinchilardan biri bo‘ladi. Puma kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomaga binoan Pele telekameralar qarshisida turib oyog‘idagi butsaning iplarini qayta bog‘laydi. Uning bu ishi yirik planda ko‘rsatiladi.

Pele Puma  reklamasida

Arminning bu ishidan Xorstning qattiq jahli chiqadi va shundan so‘ng amakivachchasi bilan uzil-kesil barcha aloqalarni uzadi.

Keyinchalik, Armin va Xorst ayrim masalalarni muhokama qilish uchun bir necha marta yashirincha uchrashishadi. Biroq munosabatlar sovuqligicha qoladi.

Ko‘p o‘tmay Rudolf Dasslerga o‘pka saratoni tashxisi qo‘yiladi. O‘limidan avval u ukasini yoniga chaqiradi, biroq Adolf bormaydi. Rudolf Dassler 1974 yilda 76 yoshida vafot etadi.

Oradan to‘rt yil o‘tib, 1978 yilda 78 yoshli Adolf Dassler ham vafot etadi. Har ikki kompaniyaning ishi to‘liq ularning o‘g‘illari zimmasida qoladi.

Adidas va Puma bugun

Pele tufayli kelib chiqqan mojaroga ham 60 yildan oshdi. O‘shandan buyon Adidas va Puma muvaffaqiyatli ishladi va ularning ikkalasi ham jahon miqyosidagi kompaniyalarga aylanishdi.

Har ikki kompaniya oyoq kiyimlari ishlab chiqarish bilan to‘xtab qolmadi, ko‘p o‘tmay va barcha sport kiyimlarini tayyorlay boshlashdi. Keyinchalik har ikki kompaniya dunyoning boshqa davlatlarida o‘z korxonalarini ochadi.

Shu tariqa Adidas va Puma dunyodagi sport jihozlari ishlab chiqaruvchi birinchi va ikkinchi yirik kompaniyalar darajasiga chiqishdi.

Adidas. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bugun Adidas dunyodagi sport kiyimlari va buyumlari ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniya hisoblanadi. 2022 yilda kompaniyaning aylanma mablag‘i 22,5 mlrd dollarni tashkil etgan.

Hozirgi kunda Adidas kompaniyasining dunyoning ko‘plab davlatlarida 300 ga yaqin yirik korxonalari bor. Bu korxonalarning 71 foizi Osiyoda, 18 foizi Amerika qit’asida, 6 foizi Afrikada, 5 foizi Yevropada joylashgan.

Adidas kompaniyasining logotipi bir necha marta o‘zgargan.

Kompaniya fabrikalarida millionga yaqin ishchilar ishlashadi. Savdo, logistika va marketing sohalarida 60 mingga yaqin xodim xizmat ko‘rsatadi.

Kompaniya nomi ostida ishlab chiqarilayotgan oyoq kiyimlarning 97 foizi, sport kiyimlarining 91 foizi Osiyo davlatlarida tayyorlanadi.

Jumladan, oyoq kiyimlarining 42 foizi Vetnamda, 28 foizi Indoneziyada, 18 foizi Xitoyda tayyorlanadi. Sport kiyimlarining 24 foizi Kambodjada, 19 foizi Xitoyda, 18 foizi Vetnamda tikiladi.

Uchinchi toifaga kiruvchi to‘p, sumka va boshqa buyumlarning 38 foizi Xitoyda, 18 foizi Turkiyada, 18 foizi Pokistonda tayyorlanadi.

Bugun dunyoning juda ko‘plab sport jamoalari va taniqli sportchilar Adidas bilan hamkorlik qilishadi. Kompaniya ularni sport kiyimlari va jihozlari bilan to‘liq ta’minlashdan tashqari, juda katta miqdorda pul to‘laydi.

Puma. Ushbu kompaniya sport jihozlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalar orasida yirikligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallaydi. Puma turli ko‘rsatkichlar bo‘yicha faqat «amakivachchasi» Adidas kompaniyasidan ortda qoladi xolos.

2022 yilda kompaniyaning aylanma mablag‘i 8,4 mlrd dollarni tashkil etgan. Hozirgi paytda dunyoning turli davlatlarida Puma’ning 500 dan oshiq korxonasi bor. Ularda 600 mingga yaqin ishchi kompaniya mahsulotlarini tayyorlab kelmoqda.

Bundan tashqari, 128 ta fabrikada 80 mingdan oshiq ishchi mahsulotlar uchun xomashyo ishlab chiqarish bilan band. 18 ming xodim esa savdo, marketing va logistika bo‘yicha ishlamoqda.

Puma kompaniyasining logotiplari

Adidas’da bo‘lgani kabi Puma’ning asosiy korxonalari Osiyo qit’asida joylashgan. Jumladan, sport kiyimlari va jihozlarining 32 foizi Xitoyda, 30 foizi Vetnamda, 13 foizi Kambodjada 12 foizi Bangladeshda, 4 foizi Indoneziyada, 3 foizi Hindistonda tayyorlanmoqda.

Puma ham turli sport turlari bo‘yicha dunyoning ko‘plab terma jamoalari hamda mashhur spotchilar bilan hamkorlik qiladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzu
G‘oliblar tarixi
Hayotda o‘z intilishlari va irodasi kuchi bilan muvaffaqiyatga erishgan shaxslar bisyor. Ularning har birining qiziq tarixi va hikoyasi bor
Barchasi
Top