O‘zbekiston | 18:32 / 16.03.2026
3466
5 daqiqa o‘qiladi

2030 yilga qadar O‘zbekistonda oltin ishlab chiqarishni 175 tonnaga yetkazish vazifasi qo‘yildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 mart kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif doirasida tog‘-kon sanoatida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda 2030 yilga qadar O‘zbekistonda oltin ishlab chiqarishni 175 tonnaga, kumushni 500 tonnaga, uranni 15 ming tonnaga, misni 500 ming tonnaga yetkazish bo‘yicha belgilangan marralarga erishish uchun barcha imkoniyatlarni to‘liq safarbar etish zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilishda, avvalo, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan strategik loyihalarning borishi tanqidiy ko‘rib chiqildi. Xususan, 3-mis boyitish fabrikasining keyingi navbatlarini jadallashtirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi. Shuningdek, mazkur loyihaning texnologik davomi hisoblangan yangi mis eritish zavodini barpo etish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Unda texnik-iqtisodiy asosni yakunlash, xorijiy ekspertlarni jalb qilish, qisqa muddatlarda qurilish ishlarini boshlash yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.

Olmaliq kombinatining istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqib, 4-mis boyitish fabrikasi bo‘yicha texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqish uchun nufuzli xalqaro kompaniyalarni jalb etish vazifasi alohida ko‘rsatib o‘tildi. Ushbu hujjatda suv ta’minoti, temir yo‘l, energetika infratuzilmasi, ekologik talablar va yuqori samarali texnologiyalarni kompleks qamrab olish lozimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda joriy yil uchun tarmoqda 90 ta loyiha doirasida 2 milliard 200 million dollar investitsiya jalb qilish, 172,5 ming tonna mis, 120 tonna oltin, 210,5 tonna kumush va 8 ming tonna uran ishlab chiqarish vazifalari belgilangani qayd etildi.

Energetika resurslariga bo‘lgan talab ortib borayotgan sharoitda ko‘mir qazib chiqarish va uni qayta ishlash loyihalarini jadallashtirish masalalariga e’tibor qaratildi. Aholi va sanoat korxonalariga ko‘mir yetkazib berish hajmini oshirish yuzasidan vazifalar belgilandi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati faoliyati doirasida “Muruntov” konini kengaytirishning navbatdagi bosqichi, yangi konlarni o‘zlashtirish, murakkab rudalardan oltin ajratib olish texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, ayrim yirik loyihalar bo‘yicha investorlar bilan hamkorlik mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Metallurgiya yo‘nalishida “O‘zmetkombinat”da ishlab chiqarish hajmini oshirish, ichki xomashyo bazasidan samarali foydalanish, raqobatbardosh mahsulot turlarini ko‘paytirish, bozor talabiga mos metall listlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi. Bu borada xomashyo ta’minoti, mahsulot turlarini diversifikatsiya qilish va yangi bozorlarni o‘zlashtirish bo‘yicha aniq choralar belgilandi.

Shuningdek, geologiya-qidiruv ishlarini kuchaytirish, qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash, yangi kon va investitsiya bloklarini investorlarga taklif qilish, uglevodorodga istiqbolli maydonlarni iqtisodiyotga jalb etish bo‘yicha rejalar muhokama qilindi. Bu yo‘nalishda joriy yilda oltin, kumush, mis, uran va rux zaxiralarini sezilarli oshirish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda sohada amalga oshirilayotgan 22 milliard dollarlik loyihalar doirasida 38 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi, jumladan, 7,5 ming muhandis va 14 ming o‘rta bo‘g‘in mutaxassislariga ehtiyoj paydo bo‘lishi qayd etildi. Shu munosabat bilan sohadagi oliy ta’lim muassasalari va texnikumlar faoliyatini yangi talablar asosida tashkil etish, ta’lim dasturlarini zamonaviy texnologiyalarga moslashtirish, dual ta’limni keng joriy etish, diplom ishlarini bevosita ishlab chiqarish vazifalari bilan bog‘lash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yangi loyihalar doirasidagi dolzarb ilmiy mavzular ro‘yxatini ochiq e’lon qilish tizimini yo‘lga qo‘yish topshirildi. Bu tadqiqotlarda sohadagi 5 ta oliygoh bilan bir qatorda texnika yo‘nalishidagi barcha davlat, xususiy oliygoh va ilmiy tashkilotlar ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.

Yig‘ilish yakunida tog‘-kon, metallurgiya, kimyo va neft-gaz kabi bazaviy tarmoqlarda yirik loyihalar ijrosini tizimli nazorat qilish maqsadida Prezident rahbarligida Sanoat kengashi tuzilishi ma’lum qilindi. Ushbu kengash doirasida yirik korxonalarni xalqaro standartlar asosida transformatsiya qilish, tannarx va energiya sarfini kamaytirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, mahalliy kontentni oshirish, barcha jarayonlarni raqamlashtirish, sun’iy intellektni joriy etish, investitsiya va eksportni ko‘paytirish bo‘yicha oylik ish rejalari tasdiqlanadi.

Mutasaddi rahbarlarga ushbu rejalar ijrosini har oy joylarga chiqqan holda korxonabay tanqidiy muhokama qilish, mavjud masalalarni tezkor hal etish va har chorak yakunlari bo‘yicha hisobot kiritib borish topshirildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid