Jahon | 12:26 / 31.07.2025
5098
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda F-35 qiruvchi samolyoti halokatga uchradi

30 iyul kuni AQSh dengiz flotining F-35C jangovar samolyoti Kaliforniyadagi harbiy baza yaqinida qulab tushdi. Pilot katapulta qilishga ulgurgan. Bu - taxminan 100 million dollar turadigan samolyotning joriy yildagi ikkinchi halokati hisoblanadi.

F-35C Lightning II / Foto: USNavy

AQSh dengiz flotiga tegishli F-35 jangovar samolyoti chorshanba kuni Kaliforniyaning markaziy qismida, "Lemoore" dengiz-havo bazasi yaqinida qulab tushdi. Bu haqda Qo‘shma Shtatlar dengiz floti bayonotiga tayanib CNN nashri xabar bermoqda.

Bayonotga ko‘ra, pilot o‘zini katapulta qilib omon qoldi, 18:30 atrofida yuz bergan halokat sabablari bo‘yicha tekshiruv boshlangan.

Voqe joyidan olingan videolarda samolyot qulagan hududda alanga va qalin qora tutun ko‘tarilayotgani ko‘rinadi. Samolyot "Lemoore" bazasi yaqinidagi tekis ochiq dalalarga qulagan. Bu joy Fresno shahridan 64 km janubi-g‘arbda joylashgan.

Fresno okrugi sherifi ofisi xabariga ko‘ra, mahalliy tez tibbiy yordam xizmati hodisa joyiga yetib kelib pilotga yordam bergan. Shuningdek, Kaliforniya yong‘in xizmati ham voqea joyiga yetib borgan.

Ma’lum qilinishicha, samolyot AQSh dengiz flotining VF-125 zarba jangovar eskadroniga biriktirilgan edi. Halokatga uchragan samolyot F-35 Lightning II'ning uch variantidan biri – F-35C bo‘lib, u AQSh aviatsiya tashuvlarida foydalanish uchun mo‘ljallangan.

Foto: ABC News

Taxminan 100 million dollar turadigan bu samolyotning qulashi shu yil ichidagi ikkinchi F-35 halokati bo‘ldi. Joriy yil yanvar oyida Alyaskadagi havo bazasida o‘quv parvozi paytida AQSh havo kuchlariga tegishli F-35A halokatga uchragan va o‘sha hodisada ham pilot omon qolgan edi.

F-35 – AQSh harbiy-havo kuchlarining asosiy tayanch qismlaridan biri bo‘lib, beshinchi avlod jangovar samolyoti va dunyodagi ilg‘or harbiy uchish apparatlaridan biri hisoblanadi.

Lockheed Martin tomonidan ishlab chiqarilgan bu samolyot radarlardan yashirinish (stealth) va jangovar imkoniyatlari bilan yuqori baholanadi. Biroq so‘nggi yillarda F-35 texnik xizmat ko‘rsatish va jangovar shaylik bilan bog‘liq muammolar tufayli ko‘proq tanqidga uchramoqda.

Mavzuga oid