Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ayollarni eng ko‘p o‘limga yetaklovchi onkologik kasalliklar: ko‘krak bezi va bachadon bo‘yni saratoni
O‘zbekistonda har yili xotin-qizlar orasida ko‘krak bezi saratoni bilan kasallanish bo‘yicha 4 mingta yangi holat aniqlanadi. Bachadon bo‘yni saratoni bo‘yicha esa yiliga 2 ming yangi tashxis qo‘yiladi. Mazkur kasalliklar haqida kech xabar topish va muolajalarni o‘z vaqtida olmaslik sog‘ayish imkoniyatini pasaytiradi. “Sog‘lom hayot” podkastining navbatdagi sonida caratonning ushbu turlarini erta aniqlash, uy sharoitidagi profilaktika hamda davolanish uchun davlat tomonidan beriladigan imtiyozlar haqida so‘z boradi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda 100 mingdan ortiq odam saraton kasalligi bilan yashaydi. Har yili 20 mingdan ortiq yangi holatlar aniqlanadi.
Xalqaro saraton tadqiqot agentligi (IARC) hisobotida qayd etilishicha, mamlakatda har yili o‘rtacha 100 ming kishiga 112,7 ta yangi saraton holati to‘g‘ri keladi. Bu degani har 100 ming aholining 113 nafariga yil davomida saraton tashxisi qo‘yiladi. O‘lim holatlari bo‘yicha esa bu ko‘rsatkich 71,5 tani tashkil etadi, ya’ni 100 ming kishidan qariyb 72 nafari saraton kasalligi oqibatida vafot etadi.
Ayollar orasida eng ko‘p uchraydigan onkologik kasallik turi ko‘krak bezi saratoni hisoblanadi. Har 100 ming ayoldan 27,8 nafari shu xastalikka chalinadi, ularning 13 nafari esa ushbu kasallik oqibatida hayotdan ko‘z yumadi.
Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi “Natijalarga erishishni boshqarish” guruhining jamoat salomatligi bo‘yicha mutaxassisi, ginekolog Dilfuza Aniyozovaning aytishicha, so‘nggi yillarda ko‘krak bezi va bachadon bo‘yni saratoni kabi kasalliklar yoshlar orasida ham uchrayapti va ko‘pincha kech bosqichda aniqlanyapti, bu esa tashvishli holat.
“O‘zbekistonda har yili taxminan 4 mingta yangi ko‘krak bezi saratoni va 2 mingta bachadon bo‘yni saratoni holati aniqlanadi. Ularning yarmidan ko‘pi og‘ir oqibat bilan yakunlanadi”, – deydi Dilfuza Aniyozova.
Ko‘krak bezi saratonining dastlabki bosqichlari ko‘pincha sezilmaydi, lekin ayrim belgilar paydo bo‘lsa, ularga e’tibor berish juda muhim. Masalan, ko‘krak shaklining o‘zgarishi yoki bir tomoni kattalashishi, terida qizarish, burishish yoki limon po‘stiga o‘xshash g‘adir-budir ko‘rinish hosil bo‘lishi, so‘rgichdan suyuqlik, ayniqsa, qonli ajralma chiqishi xavf belgisi bo‘lishi mumkin. Shuningdek, qattiqlik yoki shish yuzaga kelishi, og‘riq, so‘rgichning ichkariga tortilishi, qo‘ltiq ostidagi bezlarning kattalashish holatlari ham e’tibordan chetda qolmasligi kerak.
“Bunday o‘zgarishlar kuzatilganda vaqtni cho‘zmasdan shifokorga murojaat qilish zarur. Ayollar o‘zini o‘zi tekshirishni odat qilishi, ya’ni har oy hayz tugagach, ko‘kraklarini oyna qarshisida yoki dushda qo‘l bilan tekshirib chiqishi muhimdir. Shifokor ko‘rsatmasiga ko‘ra, mammografiya yoki ultratovush tekshiruvi yordamida kasallik erta aniqlanganda, davolash samarali bo‘ladi”, – deydi ginekolog.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bachadon bo‘yni saratoni ham boshida deyarli hech qanday belgi bermaydi. Aynan shuning uchun bu kasallikni erta aniqlash uchun muntazam tekshiruvlar juda muhim.
“Kasallik rivojlanib, keyingi bosqichlarga o‘tganda hayz davridan tashqari qon kelishi, jinsiy aloqa paytida og‘riq yoki qon ketishi, yiringli yoki yoqimsiz hidli ajralmalar paydo bo‘lishi mumkin. Ayrim hollarda chanoq sog‘asida og‘riq, charchoq yoki vazn yo‘qotish ham kuzatiladi. Bu belgilarga befarq qaramaslik kerak, chunki ular xastalikning rivojlanib ketganini ko‘rsatadi”, – deydi Dilfuza Aniyozova.
Mutaxassisning ma’lum qilishicha, inson papilloma virusi (HPV) bachadon bo‘yni saratonining asosiy sababchisi sanaladi. Bu virus asosan jinsiy yo‘l orqali yuqadi. Ko‘p hollarda organizm virusni o‘zi yengib o‘tadi, ammo ba’zi ayollarda mikrob uzoq yillar davomida qolib, bachadon bo‘yni hujayralarini asta-sekin jarohatlaydi. Shu jarayon saraton oldi o‘zgarishlarga, keyin esa saratonga olib kelishi ehtimoli mavjud.
“HPVʼga qarshi emlash (vaksina) eng samarali profilaktika usullaridan biri. Shuningdek, xavfni kamaytirish uchun himoyalangan jinsiy hayot, muntazam skrininglar (HPV testi va PAP-test) ham muhim: agar dastlabki o‘zgarishlar aniqlansa, ularni erta davolash orqali saraton vujudga kelishi oldi olinadi”, – deydi mutaxassis.
Ko‘krak bezi saratoni esa ko‘plab omillarning ta’siri ostida yuzaga keladi. Xavf omillari sifatida genetik moyillik (masalan, BRCA1 yoki BRCA2 genlaridagi mutatsiyalar), radiatsiyaga duchor bo‘lish, gormonal ta’sirlar, ortiqcha tana vazni va jismoniy faollik kamligi qayd etiladi. Bundan tashqari, menopauzadan keyin ortiqcha vazn yuzaga kelishi, tamaki chekish va meyordan ko‘p spirtli ichimlik iste’moli, pestitsidlar hamda kimyoviy moddalar bilan uzoq muddatli kontakt ham xavfni oshirishi mumkin.
Eslatib o‘tish lozimki, agar ogohlantiruvchi belgilar (ko‘krakda qattiqlik, teri o‘zgarishi, so‘rgichdan ajralma yoki hayzdan tashqari vaginal qon ketishi va hokazo) paydo bo‘lsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak, chunki erta tashxis va davolash bemorning hayotini saqlab qolish imkonini sezilarli darajada oshiradi.
“Umuman olganda, ba’zi holatlarning butunlay oldini olish mumkin (masalan, HPV emlash orqali bachadon bo‘yi saratonining ko‘p qismini bartaraf etish imkoniyati mavjud), boshqalarda esa xavfni kamaytirish va samarali nazorat qilsa bo‘ladi. Shuning uchun profilaktik choralar, vaksina, muntazam skrining va sog‘lom turmush tarziga amal qilish bu kasalliklarga qarshi eng kuchli qurollar sanaladi”, – deydi ginekolog.
Mutaxassislar 45–65 yoshdagi ayollarning har ikki yilda mammografiya, 30–45 yoshdagilarning esa ultratovush tekshiruvidan o‘tishini tavsiya qiladi.
“Davolanish masalasida davlat qulayliklar yaratgan. “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ 5130-son qaror (2021 yil 27 may)ga ko‘ra, onkologik xizmatlar, dori-darmonlar, diagnostika va boshqa ko‘plab chora-tadbirlarga davlat tomonidan yordam ko‘rsatiladi. Xususan, onkologiya markazlari bemorlarni ximiyaterapiya, nur terapiyasi va zarur dori vositalari bilan ta’minlaydi. Shu bilan birga, PQ 402-son qarorda (22.11.2024) onkologik kasallikka chalingan bemorlarni skrining orqali tashxislash va davolash bilan bog‘liq xarajatlar budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur qaror doirasida bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni bilan og‘rigan bemorlarning davolanish xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan qoplanishi belgilangan”, – deydi jamoat salomatligi mutaxassisi.
Intervyuni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilish mumkin.
Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi.
Operator Ziyaddin Mammatjonov,
Montaj ustasi Jahongir Aliboyev.
Mavzuga oid
16:03 / 09.03.2026
Ayollar soni bo‘yicha Samarqand viloyati yetakchilik qilmoqda
19:02 / 06.03.2026
Jazo o‘tayotgan ayollarga oliygohlarda o‘qish imkoniyati yaratiladi
18:59 / 06.03.2026
Ehtiyojmand oilalardagi ayollar uchun davlat granti kvotasi 2 barobar oshiriladi
13:38 / 15.12.2025